O‘zbekiston | 15:46 / 17.02.2024
20782
7 daqiqa o‘qiladi

 “O‘zbekxon davrida o‘zbek degan nom shuhrat topdi” – ekspert

O‘zining tashqi ko‘rinishi, islohotchiligi, adolati va mardligi bilan tanilgan ulug‘ hukmdorlardan biri O‘zbekxon haqida ko‘pchiligimiz bilmaymiz. 1312–1342-yillarda Oltin O‘rdada hukumronlik qilgan xon o‘sha davr tarixchilari tomonidan dunyoning yetti buyuk hukmdoridan biri deb ta’rif berilgan. Bugun biz shu haqida tarixchi G‘aybulla Boboyorov va qirg‘izistonlik yozuvchi Mahmudjon Qozoqboyev bilan suhbatlashdik.

G‘aybulla Boboyor: — O‘zbekiston tarixi deyilganda ko‘proq Amudaryo va Sirdaryo oralig‘i bilan cheklanish paydo bo‘lib qolgan. O‘zbekxon hozirgi O‘zbekiston hududida yashamagani uchun uni begonasirab ko‘rishadi. Tarix kitoblarida ham o‘zbek xalqi kelib chiqishi O‘zbekxonga ham bog‘liq ekani haqidagi taxminni aytib ketishadi xolos. Lekin uning faoliyati, nimalar qilganiga deyarli to‘xtalishmaydi.

Mahmudjon Qozoqboyev: — Bu savol har bir o‘zbekni qiziqtiradi deb o‘ylayman. Biz bu inson ta’rifini bilmasligimizga birinchi sabab — u ruslar ustidan hukmronlik qilgan, shuning uchun o‘tgan asrda O‘zbekxon tarixi yashirilgan. Bundan tashqari, islom dini Oltin O‘rdaning davlat dini deb joriy qilingan.

O‘zbeklar din bilan paydo bo‘lgan millatmiz desak ham bo‘ladi. Chunki o‘zbekdan keyin mo‘g‘ul qolmadi: bu hududlarda islom dinini qabul qilganlar o‘zbek, qabul qilmaganlar qalmoq bo‘ldi. Shu bilan mo‘g‘ul yo‘qolib ketdi.

G‘aybulla Boboyor: — O‘zbek tarixiga to‘xtalishdan qochishning boshqa tomonlari ham bor. Ya’ni O‘zbekxon kelib chiqishi Chingizxonga taqaladi. Chingizxon esa yovuz, bosqinchi sifatida ta’riflanadi bizda, shu sababli O‘zbekxonga ham ijobiy qarash shakllanmagan. Ota-bobolari qilgan ish uchun bular ham javobgar bo‘lib qolyapti. O‘zbekxonga, umuman, Chingiziylarga munosabatimizni tubdan o‘zgartirish kerak. Asli o‘zbek degan nomni olib kirgan, bugungi O‘zbekiston asosi bo‘lgan davlat tuzgan Shayboniylar sulolasi, Shayboniylar esa O‘zbekxon va Chingiziylarga taqaladi. Bir tomondan o‘zbek degan nomimizni ulug‘laymiz, lekin bunga asos bo‘lgan ildizlardan qochamiz. Tarixni o‘rganmay, yozma manbalarni ko‘rmay, bu bosqinchi avlodi, bu o‘zimizniki deymiz.

Hali ham bu bo‘yicha sovetlar chizib bergan doiradan chiqolmayapmiz. O‘zbek davlatchiligi bo‘lmagan degan tosh otishlar ancha oldin boshlangan edi. Faqat endi ommaga chiqarilib aytilyapti.

Tarixan o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman yo boshqa bo‘lsin, ba’zilari mavjud nomlar bo‘lgan. Bir joydagi xalq nomidan boshqa joyga ko‘chgan ham bo‘ladi tarixiy jarayonda, masalan, Yenisey qirg‘izlari bo‘lgan, keyin Oltoyga ko‘chgan, keyin Sharqiy Turkiston va so‘ng hozirgi Yettisuv atrofiga kelib joylashishgan.

17-asrda yashagan Mahmud ibn Vali «Bahr ul-asror» asarini yozadi. U o‘ziga bo‘lgan asarlarni o‘rganib, o‘zi bilganlarni ham yozadi. Turon tushunchasiga izoh berar ekan, juda keng ekanini aytadi. Bir tomon Kaspiy dengiziga, Baykal ko‘li, Sirdaryo bo‘ylari, bir tomondan Volga bo‘ylaridan Hindistongacha bo‘lgan yerlarni aytadi. Qancha urug‘larga bo‘linsa ham, bitta turk bo‘lgan deydi.

Shu kitobda yana bir narsa aytiladi: qaysi urug‘dan bo‘lgan hukmdor shon-shuhrat qozonsa, o‘sha urug‘ nomi bilan boshqalariyam ataladi. Turk deb atalganlar keyinchalik mo‘g‘ul deyildi, O‘zbekxon davrida esa o‘zbek degan nom shuhrat topib, butun Turon xalqi o‘zbeklar deyila boshladi, deydi.

Bundan tashqari Chingizxonni ham Turon farzandi deb atab, Turon sharqidan Chingiz chiqdi, uning avlodlari Qrimda hukmronlik qilyapti deb o‘tadi. Qozoq xonlari ham, Shayboniylar ham shulardan edi deb ta’kidlaydi. O‘g‘uz turklari bo‘lmish Usmonlilar butun arab dunyosiga hukmronlik qilyapti, Hindistonda Chingiziylarga qarindosh bo‘lgan, Temuriylar avlodi Boburiylar hukmronlik qilyapti, deydi. Hatto Eron Safaviylar ham o‘g‘uz turklaridan ekanini aytadi.

Shu manbalarni soddalashtirib, chiroyli qilib maktab darsliklariga kiritsak, bemalol tushunarli bo‘ladi. Bu insonlar o‘zi guvoh bo‘lgan, o‘ziga yaqin bo‘lgan ishonchli manbalarni o‘rgangan. Ishonchli ma’lumotlar bular.

O‘zbekning 92 urug‘lari ham ta’riflangan asarlarda. Ularda o‘zbek deganda kimlar tushunilishi shundoq ko‘rsatilgan. Shulardan kelib chiqadigan bo‘lsak, tariximiz bo‘yicha kelib chiqayotgan savollarga javob topa olamiz, birovlar otayotgan toshlarga ham «mana» deya olamiz.

O‘zbekxon haqida asar yozgan yozuvchi sifatida shaxsi qanday bo‘lgan o‘zi?

Mahmudjon Qozoqboyev: — Ko‘p kitoblarni qarab chiqishga to‘g‘ri keldi. O‘tamish hojining «Chingiznoma» asarida O‘zbekxon haqida ma’lumotlar bor. Shunda O‘zbekxon otasi taxt talash paytida No‘g‘ayxon ismli beklar begi Chingizxon avlodlarini yo‘q qilishga kirishgan bo‘ladi. Shunda O‘zbekxonni o‘gay onasining yordami bilan, ya’ni onasi o‘zining kundoshi yordamida Shimoliy Kavkazga, ya’ni Jo‘lot ulusiga olib boriladi. Chunki u yerda Qo‘ng‘irot urug‘i bor edi, O‘zbekxon onasining urug‘i ham Qo‘ng‘irot edi. O‘zbekxon 14-15 yoshigacha o‘sha yerda bo‘ladi.

Shundan so‘ng o‘gay onasi Mariya Boyalun xotun, xolavachchasi Qutlug‘ Temur yordamida maydonga chiqa boshlaydi. Qutlug‘ Temur juda kuchli shaxslardan bo‘lgan, u O‘zbekxonni yoniga olib keladi va kuchga kirib, taxtga chiqishida katta yordam beradi.

O‘zbekxon islohotlar qilgan hukmdor sifatida kuchli tarixiy shaxs hisoblanadi. 19 ta ulusni o‘zi ishongan odamlarga topshiradi. Urbanizatsiyani rivojlantirdi, u yerlarda asosan dashtlik ko‘chmanchilar edi.

To‘liq suhbatni yuqoridagi videoda tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid