Toshkent shahar hokimligi kuchli qor yog‘ishidan ogohlantirdi
Qor bir necha soat davom etishi kutilmoqda.
Toshkent shahri hokimligi 18 fevral kuni qor yog‘ishi, u kamida 12 soat davom etishi, yog‘ingarchilik hajmi ikki oylik me’yordan oshishi mumkinligi haqida xabar berdi. Keyinroq bu xabar tahrirlanib, faqat qor bir necha soat davom etishi haqidagi qismi qoldirildi.
Fuqarolarga zaruratsiz uydan chiqmaslik, shaxsiy transport vositalaridan foydalanishni minimallashtirishga harakat qilish va harakatlanish uchun jamoat transportidan foydalanish tavsiya qilingan.
Aholidan qor va muz massalari tushishi mumkin bo‘lgan ko‘p qavatli binolardan saqlanish, quloqchin taqqan holda tashqariga chiqmaslik so‘raldi — bu yaqinlashib kelayotgan mashina yoki qor tushishini eshitmay qolishga olib kelishi mumkin.
Avtomobillarni ko‘p qavatli bino va inshootlar, shuningdek, daraxtlar tagida qoldirish tavsiya etilmaydi.
«Qor yog‘ishi oqibatlarini tezkorlik bilan bartaraf etish uchun hokimlik xizmatlari, Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi, Toshkent shahar obodonlashtirish bosh boshqarmasi va boshqa tegishli tashkilotlar shay holatda ekanligini ma’lum qilamiz», deyilgan xabarda.
Elektr yoki gaz ta’minotida uzilishlar yuzaga kelgan taqdirda Markaziy dispetcherlik xizmatining 1055 raqamiga yoki Telegram orqali murojaat qilish mumkin.
«O‘zgidromet» ham bugun O‘zbekiston bo‘yicha yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘lishi haqida xabar bergandi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Ba’zi joylariga tuman tushadi. Yo‘llarda ba’zi joylarda yaxmalak kuzatiladi. Shamol 7–12 metr/sekund tezlikda esadi, ba’zi joylarda 15–20 metr/sekundgacha kuchayishi mumkin. Harorat –3...+2, shimolda 0...–5 daraja bo‘ladi.
Xabarda poytaxtda vaqti-vaqti bilan qor yog‘ishi, tuman tushishi mumkinligi, yo‘llarda yaxmalak kuzatilishi, shamol 3–8 metr/sekund tezlikda esishi, harorat –1...+1 daraja bo‘lishi aytilgan, ammo qor 12 soat davomida uzluksiz yog‘ishi haqida ogohlantirish berilmagandi.
Tog‘li hududlarda vaqti-vaqti bilan qor yog‘adi, tuman tushishi mumkin. Yo‘llarda ba’zi joylarda yaxmalak kuzatiladi. Qor ko‘chish xavfi bor. Shamol 7–12 metr/sekund tezlikda esadi. Harorat –4...–9 daraja bo‘ladi.
- Bundan oldinroq Favqulodda vaziyatlar vazirligi O‘zbekiston fuqarolarini qorli va sovuq kunlarda ko‘chada ehtiyotkorlik bilan harakatlanishga, binolar tomidan tushishi mumkin bo‘lgan qor va muzlardan ehtiyot bo‘lishga chaqirgandi.
Mavzuga oid
15:40 / 06.11.2024
Oktyabr oyi meteorologik kuzatuvning barcha yillari uchun eng yomg‘irli bo‘ldi
19:31 / 31.10.2024
O‘zbekistonda noyabr oyida qanday ob-havo kutilmoqda?
15:26 / 25.10.2024
Dam olish kunlari O‘zbekistonda havo harorati biroz pasayishi kutilmoqda
17:02 / 04.10.2024