O‘zbekiston | 20:34 / 19.02.2024
17017
2 daqiqa o‘qiladi

Chust tumani hokimi o‘zgardi

Baxtiyorjon Salimjonov Namangan viloyati Chust tumani hokimi etib tayinlandi. 2020 yil iyul oyidan buyon tumanga hokimlik qilib kelgan Bekzod Hamdamov lavozimidan ozod etilgan.  

Foto: Namangan viloyati hokimligi

Chust tumaniga yangi hokim tayinlandi. Bu haqda Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.  

Ma’lum qilinishicha, bugun tumanda mahalliy kengashning navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazilgan. Unda Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov ishtirok etib, keyingi yillarda Chust tumanida olib borilgan ishlar, erishilgan yutuqlar barobarida, islohotlarni amalga oshirishda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni sohalar bo‘yicha birma-bir tanqidiy tahlil qilgan.  

Shundan so‘ng deputatlar Namangan viloyati hokimining Bekzod Hamdamovni Chust tumani hokimi lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi qarorini ma’qullashgan. Shuningdek, deputatlar Bekzod Hamdamovni xalq deputatlari Chust tumani kengashi deputatlik vakolatini muddatidan oldin soqit qilish haqidagi arizasi yuzasidan kengash qarorini ham tasdiqlashgan.  

Sessiyada Chust tumanining yangi hokimi sifatida Salimjonov Baxtiyorjon Raximjonovich tanishtirilgan. Viloyat hokimining Salimjonovni lavozimga tayinlash to‘g‘risidagi qarori deputatlar tomonidan ma’qullangan.  

Baxtiyorjon Salimjonov tayinlovga qadar Kosonsoy tumani hokimining sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — tuman investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.  

Eslatib o‘tamiz, Bekzod Hamdamov 2020 yil iyul oyidan buyon Chust tumani hokimi lavozimida ishlab kelayotgandi

Mavzuga oid