Jahon | 19:05 / 23.02.2024
8122
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda o‘quvchilarga dars vaqtida telefondan foydalanish taqiqlandi 

Shuningdek, bolalar xavfsizligi uchun ta’lim muassasalarida derazalarni himoya qulflari bilan ta’minlash kabi yangi me’yorlar qabul qilindi. 

Foto: Getty Images

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev «Qozog‘iston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ta’lim, tarbiya va bolalar xavfsizligi masalalari bo‘yicha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunini imzoladi, deb xabar berdi Oqo‘rda matbuot xizmati. 

Kazinform ma’lumotiga ko‘ra, qonun bilan ta’lim jarayonida mobil telefonlardan foydalanishga cheklov joriy etildi. 

Bundan tashqari, qonunda birinchi sinfga test sinovlarisiz qabul qilishni ta’minlash, bolalar bog‘chalariga yagona navbatni ta’minlash, diniy ma’lumotlar tarqalishining oldini olish va ta’lim muassasalarida o‘z joniga qasd qilishga chaqirishni bartaraf etish kabi normalar kiritilgan. 

Shuningdek, bolalar xavfsizligi uchun ta’lim muassasalarida derazalarni himoya qulflari bilan ta’minlash, yangi kichik tumanlarda ko‘p xonadonli uy-joylar qurilishi jarayonida binolarning loyiha hujjatlariga ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan ta’lim va sog‘liqni saqlash obektlarining majburiy bo‘lishi to‘g‘risidagi normalar ham kiritilgan. 

Yangi talab uch smenali maktablar muammosini hal etish, sifatli ta’lim berish, aholiga oson va tez tibbiy yordam ko‘rsatish imkonini berishi ta’kidlanmoqda.

Mavzuga oid