Toshkent IES bo‘yicha qat’iy chora ko‘rish zarur – Ekopartiya
Elektr va issiqlik energiyasidagi uzilishlarning oldini olish uchun Toshkent IESning mazut yoqqani, stansiyadagi mavjud uskunalar ma’nan eskirgani va shu sabab havo ifloslantirilayotgani aniqlandi. Holatni o‘rgangan ishchi guruh Energetika vazirligidan aniq choralar ko‘rishni so‘ramoqda.
22 fevral kuni Toshkent IES faoliyatini Ekologik partiya, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Bosh prokuratura vakillari hamda Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat ishchi guruh o‘rganib chiqdi. Ishchi guruh xulosasiga ko‘ra, stansiya Toshkent shahri havosining ifloslanishiga sabab bo‘luvchi zararli moddalar chiqarayotgani aniqlangan.
Toshkent IES elektr energiyasi va issiqlik energiyasi uzilishlarining oldini olish maqsadida mazutdan foydalanayotgani ma’lum bo‘lgan. Shuningdek, elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha mavjud uskunalarning ma’nan eskirgani, atmosfera havosiga zararli moddalar ajralib chiqishining oldini olishga xizmat qiladigan texnologiyalarga zarurat borligi ham aytildi.
Ishchi guruh holatdan kelib chiqib quyidagicha tavsiyalar berdi:
– korxonada atmosfera havosiga chiqarilayotgan tashlamalardan namunalar olish va tahlil qilish uchun avtomatik tizimlarni joriy qilish;
– stansiyadagi quvurlarga atmosfera havosini ifloslantiruvchi moddalarni kamaytiruvchi filtrlar o‘rnatish;
– atmosfera havosining ifloslanish darajasini aniqlash uchun statsionar kuzatuv postlarini o‘rnatish;
– stansiyadagi neft mahsulotlari bilan ifloslangan suvlarni birlamchi tozalash hovuzi ma’nan eskirganligi sababli kapital ta’mirlash ishlarini olib borish.
Mas’ullar berilgan taklif va tavsiyalarning “Toshkent IES” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ishlab chiqarish jarayoniga joriy qilinishi yuzasidan Energetika vazirligidan aniq choralar ko‘rishni so‘ragan.
Bundan tashqari, holat bo‘yicha Bosh prokuratura, Energetika vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi va hukumatga asoslantirilgan tushuntirish berish, o‘z nuqtai nazarini bayon etish yuzasidan deputatlik so‘rovi ham yuborilgani hamda partiya tomonidan doimiy jamoatchilik nazorati olib borilib, keng jamoatchilik xabardor qilib borilishi qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, 30 yanvar kuni parlamentda o‘tgan yig‘ilishda ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov havo ifloslanishiga oid hisoboti bilan chiqdi va PM2,5 dispersli zarrachalarning 20 foizi ko‘mir va mazut hissasiga to‘g‘ri kelishini aytgandi.
14 fevralda Energetika vazirligi buni rad etib, havo ifloslanishiga mazutning aloqasi yo‘qligi haqida bayonot berib, stansiyada havoga tashlanayotgan moddalar belgilangan me’yordan hech qachon oshmaganini ta’kidlagandi. 21 fevral kuni esa Toshkent yana bir bor dunyoda eng iflos shaharlar ro‘yxatida 1-o‘ringa chiqdi.
Mavzuga oid
10:47 / 08.11.2024
Toshkentda ayrim ko‘chalar yopilishi haqidagi xabarlar rad etildi
16:17 / 07.11.2024
“Toshkent shahri atrofidagi issiqxonalarning 60 foizi ko‘mir, rezina shinalar yoqyapti” – Ekologik partiya
20:44 / 06.11.2024
Toshkentda metro stansiyasida hojatini chiqargan erkak bo‘yicha ma’lumot berildi
13:06 / 06.11.2024