Jahon | 20:01 / 24.02.2024
13645
8 daqiqa o‘qiladi

Isroilning G‘azo bo‘yicha urushdan keyingi rejalari, samolyotlaridan ayrilgan Rossiya – kun dayjesti

Dunyoda sodir bo‘layotgan ahamiyatli voqea-hodisalar, yangiliklar va bayonotlarning muxtasar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishtirishda davom etamiz.

Falastindagi vaziyat

Isroil armiyasi G‘azodagi Xon Yunus shahrida butun bir mavzelarni bombardimon qilgan. Xon Yunus shahri ham G‘azoning janubida, Misr bilan chegaradagi Rafah shahriga yaqin joylashgan.

Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya Isroil falastinliklarni G‘azodan «siqib chiqarish» bo‘yicha maqsadli siyosat olib borilayotganini ta’kidladi.

7 oktyabrdan buyon G‘azoda o‘ldirilgan soni 30 mingga, yaradorlar soni esa 70 mingga yaqinlashib qoldi.

Haagadagi BMT Xalqaro sudida Sudan Isroilning okkupatsiya ostidagi falastin yerlaridagi harakatlarining huquqiy oqibatlari eshitilayotgan chog‘da Falastin xalqi o‘z taqdirini o‘zi hal qilishga haqli ekanini ta’kidladi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning G‘azo bo‘yicha urushdan keyingi rejalari barcha umidlarimizga ters, degan BMT o‘z bayonotida.

«Bu reja bizning G‘azo aholisiga, shuningdek, Isroil va Falastin xalqining kelgusida yonma-yon yashash imkoniyatlariga nisbatan umidlarimizga zid», — deyiladi BMT bayonotida.

Isroil tomoni G‘azo aholisini Misrga siqib chiqarishni, G‘azoni falastinliklar, jumladan, HAMASdan butunlay tozalab, uni to‘liq okkupatsiya qilishni rejalashtirmoqda. Bu reja Isroil hukumatidagi ultrao‘ng millatchilar tomonidan bot-bot yangramoqda.

Rossiya samolyotlari urib tushirildi

Ukraina qurolli kuchlari kecha oqshomda Rossiyaning ikkita harbiy samolyotini urib tushirgani xabar qilinmoqda. Il-76 samolyoti bazasida yasalgan A-50 qo‘mondonlik punkti Azov dengizi yaqinidagi Yeysk shahri yaqinida urib tushirilgan. Samolyot qulagan joyida 10 nafar ekipaj a’zolarining kuyib ketgan jasadlari topilgan.

Turli pabliklar Ukraina bu samolyotni qandaydir yangi raketa turi bilan urib tushirganini yozmoqda. Ikkita raketa uchirilgan. Birini aldovchi o‘tli qopqon chalg‘ita olgan, ikkinchisi samolyotga aniq borib tekkan.

Ukraina Qurolli kuchlari havo kuchlari qo‘mondoni Mikola Oleshchuk o‘z Telegram-kanalida uzoq radiolokatsion aniqlashga mo‘ljallangan A-50 samolyotini Ukraina harbiy-havo kuchlari urib tushirganini yozdi. Demak, samolyot «havo-havo» tipidagi raketa bilan urilgan.

Shuningdek, Xerson oblastining okkupatsiya ostidagi Genechisk rayonida Rossiyaning yana bir Su-34 qiruvchi samolyoti urib tushirilgani ma’lum qilinmoqda.

O‘tgan bir hafta ichida Ukraina Rossiyaning 7 ta harbiy samolyotlari urib tushirilganini iddao qilmoqda.

Navalniyning o‘limi: ma’lumot uchun mukofot

Navalniyning tarafdorlari uning qamoqxonada o‘ldirilishi tafsilotlarini aniq so‘zlab bergan odamga 100 ming yevro mukofot va’da qilishmoqda.

20 ming yevrodan boshlangan mukofot puli tez orada 100 minggacha ko‘tarilgan.

Bu haqda Navalniy tomonidan asos solingan va Rossiyada ekstremistik tashkilot deb topilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish fondi direktori Ivan Jdanov ma’lum qilmoqda. 

Navalniy hammaslaklari pul mukofoti bilan bir qatorda axborotni taqdim etgan kishining Rossiyadan chiqishiga va xorijda joylashishiga yordam berishni ham taklif etishmoqda. Taklif kuchishlatar tizimlar, Federal xavfsizlik xizmati, Tergov qo‘mitasi, ichki ishlar va prokuratura organlarida xizmat qilayotgan xodimlarga qaratilgan.

Darvoqe, 16 fevral kuni o‘lgani xabar qilingan Navalniyning jasadi hamon onasiga berilgani yo‘q. Uning onasi Lyudmila Navalnayaning oldiga ultimatum qo‘yilgan. Ona yo uch soat ichida o‘g‘lining omma ishtirokisiz yashirincha dafn etilishiga rozi bo‘lishi kerak yoki Navalniyning jasadi qamoqxona hududiga dafn etiladi.

Rossiyaga qarshi g‘arb sanksiyalari

AQSh, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi Ukrainaga urush ochilganiga ikki yil to‘lishi munosabati bilan Rossiyaga qarshi sanksiyalarning yangi paketlarini e’lon qilishdi.

Prezident Jo Bayden Rossiyaga qarshi 500 dan ortiq yangi sanksion choralar joriy etilayotganini ma’lum qildi. Yangi sanksiyalar Navalniyning qamoqqa olinishi bilan bog‘liq shaxslarga ham qo‘llangan

AQSh savdo vazirligi 93 ta kompaniyaga qarshi eksport cheklovlarini joriy etdi. Sanksiya ostiga tushganlarning 63 tasi Rossiya kompaniyalari, qolganlari RF manfaatlarini ko‘zlab harakat qilgan boshqa davlatlar kompaniyalari. Jumladan, Turkiyadan — 16 ta, Xitoydan — 8 ta, BAAdan — 4 ta, Qirg‘izistondan — 2 ta, Hindiston va Janubiy Koreyadan bittadan kompaniya sanksiya ostiga tushgan.

Masalan, bank sektoriga joriy etilgan cheklovlarda Rossiyaning «Mir» milliy to‘lov tizimi operatoriga qarshi sanksiya e’lon qilingan. Shuningdek, yangi sanksiyalar Avangard, Rostfinansbank, Chelindbank, Modulbank, Databank, Bistrobank kabi banklarni qamrab olgan.

AQSh Milliy xavfsizlik kengashi vakili Jon Kirbi AQShning Rossiyaga qarshi sanksiya bosimi oshirilishini ta’kidlab o‘tgan.

«Kremlni Navalniyning o‘limi uchun javobgarlikka tortish borasida AQSh prezidenti administratsiyasidan hali ko‘p narsalarni kutishingiz mumkin», — degan jurnalistlarga Kirbi. U 23 fevral kuni joriy etilgan sanksiyalarni «hali bu boshlanishi», deb atagan.

Jumladan, AQSh Moliya vazirligi Rossiya neftining yuqori narx chegarasiga ta’sir etuvchi qo‘shimcha cheklovlarni joriy etish niyatida.

Yevroittifoq ham Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 13-paketini tasdiqladi. Ro‘yxatdan 106 nafar jismoniy va 88 nafar yuridik shaxslar o‘rin olgan.

Yevropa Ittifoqi joriy etgan aksilrossiya sanksiyalarida Qozog‘iston va O‘zbekiston kompaniyalari ham sanksiyalar ro‘yxatidan joy olgan.

Qozog‘istonning elektron uskunalar bilan savdo qiluvchi Elem grup kompaniyasi Rossiyaga harbiy sanoat kompleksini qo‘llab-quvvatlagani uchun sanksiya ro‘yxatiga tirkalgan. Ro‘yxatdan, shuningdek, O‘zbekistonning Alpha Beta Creative va GFK Logistik Asia kompaniyalari o‘rin olgan.

Shahzoda Salmonning omadsiz loyihalari

Saudiya Arabistonining valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmonning o‘ta qimmatbaho va ambitsiyalari loyihalari Saudiya Arabistoni xazinasining tubi ko‘rinib qolishiga olib keldi — mamlakatda naqd pul va kreditlar tugab qolgan.

Saudiyaning milliy farovonlik fondi balansi to‘rtdan uch qismga qisqarib, unda bor-yo‘g‘i 15 mlrd dollar pul qolgan. Endi u pul topish uchun Saudiyaning eng qimmatbaho kompaniyasi — Saudi Aramco aksiyalarini birjaga joylashtirishni o‘ylamoqda.

Keling, Saudiya Arabistonining ulkan xarajatlaridan ayrimlarini sanab o‘tamiz.

Balandligi 400 metr bo‘lgan ulkan kub shaklidagi bino qurilishi uchun 48 mlrd dollar sarflandi.

Avatsiya sohasidagi gigantlar bilan raqobat qilishi nazarda tutilgan global aviakompaniya tuzildi.

Chiplar va elektronika mahsulotlari ishlab chiqaradigan fabrika uchun 100 mlrd dollar investitsiya kiritildi.

PGA Tour golf turniriga integratsiya qilindi, Saudiya futbol klublariga jahon darajasidagi futbol yulduzlari olib kelindi. 

Mavzuga oid