Jahon | 10:52 / 26.02.2024
6474
2 daqiqa o‘qiladi

Urushning ikki yilligi Rossiya telekanallari mavzusiga aylanmadi

Federal kanallarning Rossiya hujumi ikki yilligini yoritishdan bosh tortishi Rossiya jamiyatidagi kayfiyat o‘zgarishi va Ukraina bilan muzokaralar boshlanishi tarafdorlari ko‘payishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, deb yozadi «Agenstvo».

Foto: Yevhen Titov/AP/picture alliance

Rossiyaning Ukrainadagi keng ko‘lamli urushi boshlanganining ikki yilligi Rossiya federal kanallari e’tiborini jalb qilmadi. Bu haqda 25 fevral, yakshanba kuni «Agenstvo» ma’lum qildi

24 fevral oqshomida urushning ikki yilligi na e’lonlarda, na «Rossiya 1» va «Birinchi kanal» yakuniy ko‘rsatuvlari syujyetlarida eslatilmagan. NTV telekanalining kunduzgi xabarlarida ham Ukrainaga hujum ikki yilligi haqida hech narsa aytilmagan.

«Agenstvo» ta’kidlashicha, urush ikki yilligi haqidagi yagona eslatma «Vremya» dasturida ko‘rsatilgan muallif Mixail Leontevning «Odnako» ruknidagi sharhida keltirilgan. «Ukraina maxsus harbiy operatsiya boshlanganining ikki yilligini uncha yangi bo‘lmagan osyotr baliqlari bilan kutib olmoqda», - dedi targ‘ibotchi G‘arb siyosatchilari Kiyevga tashriflarini sharhlar ekan. 

Sotsiologlar: Aksariyat rossiyaliklar Ukraina bilan muzokaralar tarafdori 

Nashrning qayd etishicha, federal kanallar Rossiya hujumi ikki yilligini yoritishdan bosh tortishi Rossiya jamiyatidagi kayfiyat o‘zgarishi va Ukraina bilan muzokaralar boshlanishi tarafdorlari ko‘payishiga bog‘liq bo‘lishi mumkin. 

2023 yil noyabr oyida Russian Field mustaqil sotsiologik kompaniyasi Ukrainadagi urush bo‘yicha so‘rov natijalarini e’lon qildi. Tadqiqotga ko‘ra, rossiyaliklarning Ukraina bilan tinchlik muzokaralari tarafdori bo‘lgan ulushi (48 foiz) urush boshlanganidan beri birinchi marta jangovar harakatlarni davom ettirish tarafdorlari ulushidan (39 foiz) oshib ketgan. 

«Levada-Tsentr» tomonidan fevral oyi boshida e’lon qilingan so‘rov natijalariga ko‘ra, dekabr-yanvarda rossiyaliklarning yarmidan ko‘pi (52 foiz) tinchlik muzokaralari boshlanishini qo‘llab-quvvatlagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid