O‘zbekiston | 14:03 / 27.02.2024
16255
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda bir oilaning 5 a’zosi is gazidan zaharlanib vafot etdi

Boysun tumanida 6 kishidan iborat oila a’zolari qo‘lbola yasalgan pechdan chiqqan is gazidan zaharlangan. Ota va uning voyaga yetmagan 4 farzandi vafot etgan, ona esa jonlantirish bo‘limida qolmoqda.

25 fevral kuni Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida bir oilaning 6 a’zosi is gazidan zaharlandi. Bu ma’lumotni Kun.uz’ga bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov tasdiqladi.

Shu kuni taxminan soat 10:30 da tumanning Duoba mahallasida yashagan J.X. (erkak, 1980 yilda tug‘ilgan) va uning farzandlari J.M. (o‘g‘il, 2013), Sh. M. (qiz, 2016), S.M. (qiz, 2018) uxlab yotgan vaqtida temirdan qo‘lbola yasalgan pechdan chiqqan is gazidan dimiqib, voqea joyida vafot etgan.

Shuningdek, Z.N. (ayol, 1986) va N.M. (qiz, 2008) esa Boysun tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay, 16 yoshli qiz 27 fevral kuni vafot etdi.

Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari tuman prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.

Mavzuga oid