Jahon | 09:51 / 08.03.2024
4369
3 daqiqa o‘qiladi

Kiyevda Xitoy elchisi bilan «tinchlik formulasi» muhokama qilindi

Xitoy delegatsiyasi Kiyevga tashrif buyurdi. Tashrif chog‘ida Ukrainadagi xavfsizlik holati va «tinchlik formulasi» boshqa masalalar qatorida muhokama qilindi.

Foto: Reuters

Kiyevda Xitoy hukumatining Yevrosiyo masalalari bo‘yicha maxsus vakili Li Xuey boshchiligidagi delegatsiyasi bilan Ukraina prezidenti va hukumati devonidagi rasmiylarning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tomonlar Ukrainadagi xavfsizlik holati, jang maydonidagi vaziyat, Ukraina «tinchlik formulasi» va unga erishishda Xitoyning ishtirokini muhokama qildi. Bu haqda 7 mart, payshanba kuni idora saytida xabar berildi.

Li Xuey Ukrainaga ikkinchi marta tashrif buyurmoqda. Bundan oldin u Rossiya va Yevropa Ittifoqiga ham ko‘p tashrif buyurgan. 2023 yil aprel oyida u Rossiya-Ukraina mojarosini hal qilish bo‘yicha Xitoy delegatsiyasiga rahbar etib tayinlandi.

«Biz Xitoy bilan hamkorlikni qadrlaymiz va bugungi muzokaralar munosabatlarimizni chuqurlashtirish va mustahkamlash yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘lishiga umid qilamiz», — dedi XXR delegatsiyasi tashrifi chog‘ida Ukraina prezidenti devonining rahbari Andrey Yermak.

Bundan tashqari, xabarda aytilishicha, Xitoy delegatsiyasiga KXDRda ishlab chiqarilgan urib tushirilgan rus raketasining bo‘laklari hamda Rossiyaga berilgan va u tomonidan hujumlar uchun foydalaniladigan boshqa qurol elementlarining namunalari ko‘rsatildi.

Ukraina «tinchlik formulasi» 

2022 yil sentabr oyida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Indoneziyaning Balida bo‘lib o‘tgan G20 yetakchilari sammiti chog‘ida Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi kelajak tinchlik bo‘yicha o‘zining 10 banddan iborat qarashlarini taqdim etdi. Ular orasida, jumladan, Ukrainaning yadroviy, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini ta’minlash, barcha asirlar va deportatsiya qilinganlarni ozod qilish, Rossiya qo‘shinlarini olib chiqish va harbiy harakatlarni to‘xtatish bor. 

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Zelenskiyning formulasini «amalga oshirib bo‘lmaydigan» deb atagan bo‘lsa, AQSh prezidenti Jo Bayden va Germaniya kansleri Olaf Shols buni aksincha olqishladi. 

Mavzuga oid