Jahon | 18:46 / 09.03.2024
12182
3 daqiqa o‘qiladi

Qurolli guruhlar Haitidagi hukumat binolari va prezident saroyiga hujum qildi

Mamlakat poytaxtida otishma ovozlari eshitilmoqda, jinoiy guruhlar va politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz bergan.

Foto: Ralph Tedy Erol/Reuters

Qurolli guruhlar Haiti poytaxti Port-o-Prensdagi hukumat binolariga, jumladan politsiya idoralari, Ichki ishlar vazirligi binosi va prezident saroyiga hujum qildi, deb xabar berdi CNN.

Qayd qilinishicha, butun shahar bo‘ylab o‘q ovozlari eshitilmoqda, ayniqsa g‘arbiy hududlarda. Guvohlarning aytishicha, qurollangan shaxslar poytaxt markazidagi ikkita politsiya bo‘limini egallab olishga uringan, politsiya va jinoiy guruhlar o‘rtasida to‘qnashuv yuz bergan.

«Biz vaziyatni imkon qadar tezroq nazoratga olish uchun harakat qilmoqdamiz. Biz bor narsamiz bilan qo‘limizdan kelganini qilyapmiz», deb CNN Haiti xavfsizlik xizmatidagi manbasi so‘zlarini keltirdi.

Port-o-Prensdagi otishmalar paytida jinoiy guruhlarning o‘ndan ortiq a’zolari o‘ldirilgan. Politsiya xodimlari orasida qurbonlar haqida ma’lumotlar yo‘q.

Haiti poytaxtidagi prezident saroyi 2021 yil yozidan buyon, prezident Jovenel Moiz o‘ldirilganidan beri bo‘m-bo‘sh turibdi. Biroq, saroy Haiti federal boshqaruvining ramzi bo‘lib qolmoqda va kechayu kunduz qo‘riqlanyapti.

«Agar saroy jinoiy to‘dalar nazoratiga o‘tsa, bu Haitining uyushgan jinoyatchilikka va mamlakatda davom etayotgan isyonga qarshi kurashiga qaratilgan ulkan ramziy zarba bo‘ladi», deb yozdi ABC News.

Mart oyi boshidan beri sobiq politsiyachi Jimmi Sheriziye boshchiligidagi qurolli guruhlar Haitining asosiy infratuzilmasiga, jumladan aeroportga hujum qilmoqda. Ular, shuningdek, ikkita qamoqxonaga hujum qilib, mahbuslarning ko‘pini ozod qilishdi. Mamlakatda favqulodda holat va komendantlik soati joriy etildi.

Sheriziye Haiti bosh vaziri Ariel Anrini iste’foga chiqishga chaqirib, unga «genotsidga olib boradigan fuqarolar urushi» bilan tahdid qildi. Anri fevral oyida o‘tish davri hukumatini tuzish rejalari bo‘yicha iste’foga chiqishi kerak edi, biroq buni amalga oshirmadi va yangi saylovlargacha hokimiyatni muxolifat bilan bo‘lishishga rozi bo‘ldi. Shundan so‘ng, bosh vazir Keniyaga safar qilganida Haitida mojaro boshlandi. Hozir u Puerto-Rikoda ekani taxmin qilinmoqda.

Mavzuga oid