Jahon | 19:04 / 11.03.2024
18430
3 daqiqa o‘qiladi

Imomali Rahmon tojikistonliklarning ko‘p marotaba Hajga borishidan noroziligini bildirdi

Tojikiston prezidenti ikkinchi va uchinchi marta Hajga borishni xohlovchilarni shariat amrlariga amal qilib, mablag‘larini ko‘plab boshqa xayrli ishlarga sarflashga chaqirdi. 

Foto: Tojikiston prezidenti matbuot xizmati

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon Ramazon oyi arafasida jamoatchilik vakillari va diniy arboblar bilan uchrashdi. 

Davlat rahbari fuqarolarning Haj va Umra ziyoratlariga ko‘p marotaba borayotganiga e’tibor qaratib, mo‘minlarga bir marta Haj qilish farz ekanini, Payg‘ambar alayhissalomning o‘zi bir marta Haj ziyoratini ado etganini ta’kidladi. 

«Mamlakat mustaqillikka erishgunga qadar, Tojikistonning 5 million aholisidan bor-yo‘g‘i 29 nafari Haj ziyoratiga borgan bo‘lsa-da… birgina 2023 yilning o‘zida mamlakatimizda 63 ming fuqaro Haj va Umra marosimlarida bo‘ldi va ularning sarflagan mablag‘i 1 milliard 200 million somoniydan ortiqni tashkil etdi», dedi prezident. 

Imomali Rahmon tojikistonliklarni dabdabali isrofgarchilikni bas qilishga chaqirdi. 

«Mustaqillik davrida fuqarolarimizning Haj ziyorati uchun sarflagan mablag‘i qariyb 12 milliard somoniyni tashkil etgan bo‘lsa, bu bugungi sharoitda, ya’ni dunyoning aksariyat davlatlarida iqtisodiy tanazzulning salbiy jarayoni kuzatilayotgan bir paytda va dunyoning 80 ga yaqin davlatida odamlar oziq-ovqat yetishmasligi va ochlikdan aziyat chekayotganida mamlakatimiz uchun juda katta qiymat hisoblanadi», dedi u. 

«Agar bu mablag‘ uy-joy qurish, bolalarning turmush sharoiti va ta’limini yaxshilash, sifatli oziq-ovqat, kiyim-kechak va o‘quv qurollari bilan ta’minlash, shuningdek, muhtojlarni qo‘llab-quvvatlash yoki obodonlashtirishga sarflansa, oilalarning turmush sharoiti shunchalik yaxshi bo‘lar edi. Biz xalqimizning ziyorat qilishiga qarshi emasmiz, lekin shuni ta’kidlaymanki, bu jarayon xurofot, taqlid va raqobat xarakterini olmasligi kerak», deb qo‘shimcha qildi Rahmon. 

Prezident ikkinchi va uchinchi marta hajga borishni xohlovchilarga shariat amrlariga amal qilib, mablag‘ni oilasining munosib hayot kechirishi, farzand va nabiralarning ta’lim-tarbiyasi, yurt obodonchiligi, maktab, bog‘cha, yo‘l va ko‘priklarni qurishga, shuningdek, yetimlar, uysizlar, nogironlar, kasal va kam ta’minlangan oilalarga yordam ko‘rsatish uchun sarflashni taklif qildi.

Mavzuga oid