Jahon | 12:07 / 11.03.2024
5684
3 daqiqa o‘qiladi

XMT: Haiti poytaxti qamal holatida

Haiti poytaxti qurolli guruhlar tomonidan qurshab olingan, uning aholisi qamal holatida yashayapti, deydi Xalqaro migratsiya tashkiloti missiyasi rahbari. Qo‘shma Shtatlar elchixona xodimlarining bir qismini Port-o-Prensdan evakuatsiya qildi. 

Foto: Odelyn Joseph/AP Photo/picture alliance

Haitida jinoiy to‘dalar tomonidan zo‘ravonlik avj olgani munosabati bilan Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) mahalliy missiyasi rahbari Filipp Bransha 9 mart kuni mamlakatda gumanitar vaziyat keskin yomonlashganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Port-o-Prens aholisi «qamal holatida» yashayapti, shahar «qurolli guruhlar va xavf-xatarlar bilan o‘rab olingan». 

Rim papasi Fransisk 10 mart, yakshanba kuni Haitida kuchayib borayotgan gumanitar inqirozga munosabat bildirar ekan, xalqaro hamjamiyatni mamlakatda tinchlik va yarashuvga erishishda yordam berishga chaqirdi. 

Qo‘shma Shtatlar Port-o-Prensdagi elchixonadan ba’zi xodimlarni evakuatsiya qildi. AQSh Qurolli kuchlari janubiy qo‘mondonligi (Southcom) ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh harbiylari elchixonaning muhim vazifalarni bajarmaydigan xodimlarini evakuatsiya qilish bo‘yicha operatsiya o‘tkazgan va diplomatik missiya xavfsizligini kuchaytirgan. 

Elchixonaning aniqlik kiritishicha, u «ochiq qolmoqda». 

Haitidagi hukumat va infratuzilma obektlariga to‘dalar hujumlari mart oyi boshida boshlangan. Mamlakatda favqulodda holat va komendantlik soati joriy etildi. 

Dominikan Haitida zo‘ravonlik kuchayishini o‘z xavfsizligiga tahdid sifatida ko‘ryapti

Haiti bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Ariel Anri hujumlar boshlanganda mamlakatda bo‘lmagan va o‘z vataniga qaytib kela olmagan. Haitining qo‘shni Dominikan Respublikasi prezidenti Luis Abinader «xavfsizlik nuqtayi nazaridan» Anrini nomaqbul shaxs deb e’lon qildi va uni qabul qilishdan bosh tortdi. Dominikan prezident idorasi Haitidagi inqiroz Dominikan Respublikasi barqarorligi va xavfsizligiga bevosita tahdid solayotganini aytdi. Zo‘ravonliklar avj olgani sababli Haitidagi ikkala xalqaro aeroport ham yopilgan. 

9 mart kuni qurolli guruhlar poytaxt Port-o-Prensdagi hukumat binolari, politsiya idoralari, ichki ishlar vazirligi va prezident saroyiga hujum qilgan. OAVning xabar berishicha, butun shaharda otishma ovozlari eshitilgan. 

Tartibsizliklar boshlanishiga Karib havzasi yetakchilari yig‘ilishida Ariel Anrining 2025 yil o‘rtalarida umumiy saylovlar o‘tkazish haqidagi kelishuvi sabab bo‘ldi. «G9 va oila» guruhiga rahbarlik qiluvchi sobiq nufuzli politsiya bo‘limi zobiti Jimmi Sherize boshchiligidagi Haiti to‘dalari qarorni tanqid qilib, bosh vazir iste’foga chiqmasa, fuqarolar urushi bilan tahdid soldi. 

Anri rozi bo‘lgan saylovlar Haiti uchun 2021 yil iyul oyida mamlakat prezidenti Jovenel Moiza o‘ldirilganidan ko‘p o‘tmay, bosh vazir nazoratni qo‘lga kiritganidan keyingi birinchi saylov bo‘lardi. Hozir mamlakatda na prezident, na parlament bor.

Mavzuga oid