Jahon | 10:34 / 11.03.2024
9938
8 daqiqa o‘qiladi

Yangi bosqin xavfi va dahshatli ochlik: G‘azo Ramazonni qanday qarshilamoqda?

G‘azo sektori ayni damda dunyoning yashash eng xavfli hududiga aylanib bo‘ldi. Shundog‘am juda kichik hududda yashaydigan 2 millionga yaqin odam hozir G‘azoning bir burchagidagi Rafah shahridagi omon qolgan binolar yoki palatkalarda jon saqlashga majbur. G‘azo musulmonlari islom olami uchun muqaddas bo‘lgan Ramazon oyini mana shunday kutib olmoqda.

Tinchlik kelishuvi bo‘lmaydi

Tinchlik muzokaralarida vositachilik qilayotgan AQSh, Misr va Qatar Ramazon oyigacha tomonlar o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha murosaga kelishiga umid qilayotgandi. Ammo, afsuski, Ramazon oyida G‘azoda tinchlik kelishuvi bo‘lmaydi va urush davom etadi. HAMAS vakillari Qohiradagi muzokaralarni tark etib, keyingi haftadagina qaytishlarini ma’lum qilishgan. O‘z navbatida, Isroil hududdagi amaliyotlar to‘xtamasligi, xususan, hozir 2 millionga yaqin falastinlik jon saqlayotgan Rafahda ham davom ettirilishini aytmoqda.

G‘azodagi bolalar ovqat olib qaytmoqda. Foto: AFP

HAMAS vakillari muzokaralarda garovda qolayotgan odamlar faqat Isroil armiyasi sektordan chiqib ketganidan keyin qo‘yib yuborilishini ochiq aytgan. Isroil esa HAMAS yo‘q qilingunga qadar jang qilishda davom etib, asirlarni kerak bo‘lsa kuch bilan qaytarishini iddao qilmoqda. Misrdagi muzokaralarda Isroil vakillari ishtirok etmadi. Chunki avvalroq HAMAS vakillari garovda qolayotgan odamlar haqida ma’lumot berishni rad etgan.

Dahshatli ochlik

G‘azoga turli davlatlar osmondan gumanitar yordam yuklari tashlashda davom etmoqda. Ammo bu muammoni hal qilish uchun yetarli bo‘lmayapti. Qolaversa, osmondan tashlangan yuklarning ba’zilari parashyuti ochilmay qolishi tufayli odamlar ustiga tushib, 5 kishi o‘limiga sabab bo‘ldi.

G‘azoga osmondan tashlanayotgan yordam yuklari
Foto: SAID KHATIB / AFP

Sektorda bo‘lib turgan BMT vakillari G‘azoda ochlik juda jiddiy muammoga aylangani, borgani sari ko‘proq bolalar ochlikdan halok bo‘layotganini aytmoqda. Hozir Rafahdagi lagerlarda minglab odamlar G‘azoning boshqa hududlaridagi uylarini tashlab kelib yashamoqda. Ular palatkalarda jon saqlashga majbur. Hududdagi deyarli hamma daromad manbasini yo‘qotgan va faqat insonparvarlik yordami evaziga qornini to‘qlashi mumkin.

Rafahda ovqatga navbatga turgan bolalar
Foto: Reuters / Mohammed Salem

8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Britaniya gumanitar tashkilotlari G‘azodagi o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilib aksiya o‘tkazishdi. Ular urush boshlanganidan buyon ko‘plab ayollar va qizlar halok bo‘lganini eslatishdi.

G‘azo xarobalaridan reportaj

Musulmonlar o‘z nafsiga ochlik orqali hujum qiladigan Ramazon oyi kirishi arafasida G‘azoda 2 millionga yaqin odam chinakam ochlikda qoldi. France 24 muxbiri G‘azo xarobalaridagi palatkalardan reportaj tayyorladi.

«Mana bu ona ko‘zi ilinayozgan qizalog‘ini ko‘tarib G‘azo janubidagi xarobalar ichida joylashgan palatkaga sekin o‘tirdi. Palatka atrofida Ramazon ramziga aylangan plastik chiroqlarni ko‘rish mumkin. Musulmonlar islom kalendarining to‘qqizinchi oyi bo‘lmish Ramazonda sahardan shomgacha ro‘za tutib o‘tkazishadi. Bu oyning eng yaxshi damlari esa oila va do‘stlar davrasidagi iftorlikdir.

Foto: SAID KHATIB / AFP

Ammo bu yil G‘azo uchun hammasi boshqacha. 2,4 million aholisi bo‘lgan hududning aksar qismi jahannamga aylanib bo‘lgan. Kvartallar bombalangan, bolalar ommaviy qabrlarga ko‘milib, ustidan qum tortilgan.

G‘azoda halok bo‘lganlar ommaviy qabrga ko‘milmoqda
Foto: SAID KHATIB / AFP

Navin ismli bu ayol Ramazonni odatdagidek iftorlikka qo‘y go‘shti va shirinliklar tayyorlab kuta olmaydi. U boshqa qo‘shnilari bilan boshpana atalmish xaroba palatkani vatan tutishga majbur. Iftorga esa nimadir topa olishsa yeyishadi. Islom olamining boshqa o‘lkalari hozir narxlar oshishi kabi o‘z muammolari bilan band bo‘lishi mumkin. Ammo dunyodagi ko‘p musulmonlar Ramazon davomida xayollari G‘azodagi musulmonlar bilan ekanini aytmoqda», deb yozadi fransuz nashri muxbiri.

Bo‘tqaga navbatda turgan bolalar
Foto: Ahmad Hasaballah/Getty Images

«O‘tgan yil hammasi boshqacha edi. Ramazonda hamma yerni bezatib, quvongandik. Bu yil esa uni urush va azob bilan kutib olyapmiz», deydi muxbir bilan suhbatda ayol.

«Iordaniyada narxlar oshgan, ammo oziq-ovqat sotib olish mumkin. G‘azoda esa non qilish uchun hayvonlar yemidan foydalanishmoqda», deb 44 yoshli iordaniyalik erkakning so‘zlarini keltirgan France 24.

Nashr bilan suhbatlashgan Misrda o‘qiyotgan g‘azolik yigit o‘z ismini aytmaslik sharti bilan hissiyotlarini bo‘lishdi. «Umrimda birinchi marta Ramazon haqida xursandchilik bilan o‘ylay olmayapman. Ramazon chiroqlarini ko‘rishim bilan yuragim qayg‘uga botadi. U yerda mening birodarlarim kuniga bir marta ovqatlana olmayotgan bir vaqtda qanday qilib hech narsa bo‘lmagandek bemalol taom yeyman? Mana shu o‘y menga tinchlik bermayapti», deydi u.

Xon-Yunusdagi oila eshak aravada uyini tark etmoqda
Foto: AFP/Getty Images

Isroil AQShni mensimayaptimi?

AQSh prezidenti Jo Bayden jurnalistlar bilan uchrashuv vaqtida Ramazon oyiga qadar tinchlik kelishuviga erishish juda muhim ekanini aytgandi. «Tinchlik kelishuviga erishish kerak. Agar bu Ramazonda ham davom etsa... bu juda xavfli bo‘ladi, juda xavfli. Shu sabab otashkesimga erishishga qattiq umid qilyapmiz», degandi Bayden.

AQSh yetakchisining bu gaplari esa Isroilda e’tiborsiz qoldirilmoqda. Chunki aynan shu bayonotdan keyin Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu «xalqaro bosimga qaramay» urush HAMAS yo‘q qilingunga qadar davom etishini iddao qildi. Ya’ni, Isroil ochiqchasiga AQShning musulmonlar uchun muqaddas oy oldidan otashkesimga erishish bo‘yicha so‘rovini rad etdi.

Agar Rafahga hujum bo‘lsa...

Dunyo jamoatchiligining noroziligi va asosiy ittifoqchisi AQShning so‘roviga qaramay, Netanyahu hukumati Ramazonda urush tugamasligi, qaytanga Rafahda ham harbiy harakatlar boshlanishini ma’lum qildi.

Rafahdagi palatkalar lageri
Foto: The Guardian

Bu hududda harbiy amaliyot boshlanishi qanday oqibatlarga olib kelishini esa shunchaki mana bu raqamlardan bilib olish mumkin: 63 kvadrat kilometr hududda 1,5 milliondan ortiq odam yashamoqda. Bu 1 kvadrat kilometrga 22 200 kishi degani. Taqqoslash uchun, bu Nyu-Yorkdagi aholi zichligidan ikki baravar ko‘proq. AQSh Isroilni Rafahga bosqindan qaytarmoqchi bo‘lmoqda, ammo Netanyahuning bayonotlariga qaraganda bu operatsiya sodir bo‘lmasligi ehtimoli juda past.

Mavzuga oid