Jahon | 09:13 / 12.03.2024
9493
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning yetti mintaqasiga tunda dronlar hujum qildi

Mahalliy hokimiyat va OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Orel va Nijniy Novgorod viloyatidagi neft bazalarida dron hujumlari natijasida yong‘inlar sodir bo‘lgan. Rossiyaning yana beshta hududi dron hujumlarini qaytarishga muvaffaq bo‘ldi.

Foto: Telegram / astrapress

12 mart, seshanbaga o‘tar kechasi Rossiyaning bir qancha hududlari dron hujumiga uchradi. Shu tariqa, Voronej, Kursk va Tula viloyatlari gubernatorlari, shuningdek, Moskva meri havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan urib tushirilgan uchuvchisiz uchoqlar haqida xabar berdi. Belgorod gubernatori UUAdan tushgan portlovchi qurilmalar elektr uzatish liniyalariga zarar yetkazganini, Orel va Nijniy Novgorod yaqinidagi neft bazalariga hujum uyushtirilganini aytdi.

Belgorod viloyati rahbari Vyacheslav Gladkovning so‘zlariga ko‘ra, «portlashlar natijasida qurbonlar bo‘lmagan», yetti qishloq elektr ta’minotisiz qolgan.

Oryol viloyati gubernatori Andrey Klichkov Telegram’da «UUA qulashi» haqida yozgan va «yonilg‘i-energetika kompleksi obektiga» hujum qilingani va yong‘in chiqqanini ta’kidlagan. Orel viloyati hukumati matbuot xizmatining TASSga ma’lum qilishicha, Orel shahrida neft saqlash rezervuari yonib ketgan, uni o‘chirish uchun 60 dan ortiq kishi ishlamoqda.

«Baza» xabariga ko‘ra, dron Nijniy Novgorod viloyatidagi «Lukoyl» neft bazasi hududiga ham qulagan, natijada u yerda yong‘in boshlangan. 

Poytaxt meri Sergey Sobyaninning xabar berishicha, Ramenskoye shahar okrugida havo hujumidan mudofaa kuchlari Moskva tomon uchayotgan uchuvchisiz uchoqni urib tushirgan. 

Mavzuga oid