Jahon | 21:22 / 17.03.2024
33460
16 daqiqa o‘qiladi

Fotoreportaj: Rossiya va dunyoda ovoz berishning uchinchi kuni qanday o‘tdi?

Muxolifatchilar tarafdorlari soat 12:00da saylov uchastkalarida to‘planishdi, «erkinlik o‘limi xotirasi»ga gullar qo‘yildi va byulletenlar Navalniy qabriga keltirildi. Rossiya va xorijdagi saylov uchastkalarida yana nimalar bo‘ldi?

AP / Scanpix / LETA

17 mart kuni Rossiyaning o‘nlab shaharlari va RFning xorijdagi elchixonalarida odamlar saylov uchastkalarida uzundan uzun navbatlar hosil qilishdi. Ular mahalliy vaqt bilan soat 12 da kelib, muxolifatchi Aleksey Navalniy qamoqxonadagi o‘limidan oldin anons qilgan «Putinga qarshi choshgoh» aksiyasida ishtirok etishdi. Ayrim joylarda navbatlar kilometrlarga cho‘zilgan. BBC Rossiya fuqarolari Vladimir Putinning navbatdagi muddatga saylanishiga qarshiligini qanday shakllarda izhor etgani haqida material tayyorladi.

Moskva va Peterburgdagi eng erta o‘tkazilgan «choshgoh» aksiyalari

Aleksey Navalniyning safdoshlari o‘z tarafdorlarini saylov uchastkalariga bir vaqtda — kun yarmida kelishga chaqirishdi. Uchastkalarda nima qilishni — Putindan boshqa nomzodlarga ovoz berish, byulletenlarni buzish yoki uni uyga olib ketishga urinish — har kimning o‘ziga havola etildi. Aksiya tashabbuskorlarining rejasiga ko‘ra, Rossiya shaharlarida xuddi shu vaqtda yuzaga keladigan uzun navbatlar Ukrainadagi urushga hamda Putinning qayta saylanishiga qarshi bo‘lgan rossiyaliklar ko‘pligini namoyish etishi kerak edi.

Moskvadagi saylov uchastkasi oldida navbat. Foto: AP / Scanpix / LETA

Navalniyning jamoasi siyosatchining qamoqxonadagi o‘limidan keyingi bir oy davomida ushbu aksiyani targ‘ib etishdi, Rossiya hukumati esa uning oldini olishga urindi. Xususan, Moskva prokuraturasi uch marta shahardagi saylov uchastkalariga «ma’lum vaqtda» kelishga chaqiriqlar, saylovlarda ovoz berish vaqtida kelishilmagan ommaviy mitinglar uyushtirish va ishtirok etish hamda saylovlarga xalaqit berganlik uchun jinoiy javobgarlik borligidan ogohlantirdi.

Ayrim rossiyaliklar shanba kuni Telegram va Signal messenjerlari orqali «ekstremistik g‘oyalar»ni qo‘llab-quvvatlashda ayblab, «tinch, navbatlar va provokatsiyalarsiz ovoz berish»ga chaqirgan noma’lum akkauntlardan xabarlar qabul qilgan.

Moskvada yakshanba kuni saylov uchastkalarini qo‘riqlash kuchaytirtildi — kun yarmiga qadar ularning atrofida kuchishlatar tuzilmalar xodimlari joylashtirildi, ayrimlarining oldiga avtozaklar va Rosgvardiya mashinalari olib kelindi.

Moskvadagi saylov uchastkasi oldida navbat. Foto: Aleksandr Zemlyanichenko / AP / Scanpix / LETA

Shunga qaramay, o‘nlab shaharlardagi odamlar aksiyada ishtirok etishdi. Perm, Chelyabinsk, Yekaterinburg shaharlarida uzun navbatlar hosil qilindi, It’s My City nashri yozishicha, Yekaterinburgdagi uchastkalarda IIV, FVV, Rosgvardiya va boshqa kuchishlatar tuzilmalarning 20 mingdan oshiq xodimlari navbatchilik qilgan, shahar ustida esa dirijabl uchib yurgan.

Ovoz berishning birinchi kuni arafasida «Golos» saylovchilar huquqlarini himoya qilish harakati hamraisi Stanislav Andreychuk jamoatchilik palatalari, xususan, Sverdlovsk oblastidagi kuzatuvchilarga tarqatilgan eslatmani e’lon qildi. Instruksiya «Putinga qarshi choshgoh» aksiyasi ishtirokchilarini boshqa saylovchilardan farqlashga bag‘ishlangan. Aksiya ishtirokchilarini Navalniyning shtabi atributikalari, Ukraina bayroqlari yoki oq-ko‘k-oq ranglar, patsifistik ramzlar borligidan, shuningdek «politsiya xodimlariga yaqinlashganda asabiylashishi» va «sun’iy ravishda to‘planish hosil qilishi»dan tanib olish taklif etilgan. Kuzatuvchilarga soat 12:00 da «hudud va odamlarni maksimal qamrab oladigan» ikki video olish majburiyati yuklangan: saylov uchastkasi hovlisida va ichkarisida.

Sankt-Peterburgdagi saylov uchastkasi oldida navbat. AP / Scanpix / KETA
Sankt-Peterburgdagi saylov uchastkasi oldida navbat. Foto: Olga Malseva / AFP / Scanpix / LETA

Novosibirsk aholisi ham kun yarmida uchastkalarga kelishdi. Shahar meriyasi «turli regionlarda saylov komissiyalari faoliyatini izdan chiqarishga qaratilgan provokatsion harakatlarga urinishlar sodir etilgani» haqida xabar tarqatgan. Shu tufayli uchastkalarda xavfsizlik choralari kuchaytirildi, meriyada xabar qilishlaricha, bunga «saylovchilar to‘planishi» sabab bo‘lgan.

Juma va shanba kunlari Rossiyaning o‘nlab shaharlarida odamlar byulletenlarga bo‘yoq sepishi va uchastkalarda yong‘in keltirib chiqarishga urinishi holatlari kuzatilgandi. Rossiyadagi oldingi saylovlarda bunday holatlar bu qadar ko‘p kuzatilmagandi. OAVdagi xabarlarga ko‘ra, bunday hodisalarni keltirib chiqarganlarning ko‘pchiligi firibgarlar qurboniga aylanishgan. Huquq-tartibot organlari «saylov komissiyasi faoliyatiga to‘sqinlik qilish» (RF JK 141-modda) bo‘yicha kamida 15 ta jinoiy ish ochgan, uch kishi tergov izolyatoriga yuborilgan.

Novosibirsk
Novosibirsk

Rossiyadagi saylov uchastkalari atrofidagi eng katta navbatlarning bir qismi kutilganidek Moskva va Sankt-Peterburgda yuzaga keldi. «Bumaga»ning yozishicha, peterburgliklar byulletenlarda «Net voyne», «Rossiya budet svobodnoy, Putin — v Gaage», «Ubiytsa», «Mir!» kabi yozuvlarni qoldirishgan. «Agenstvo» nashri o‘z obunachilariga asoslanib yozishicha, Moskvada qoq tushda Arbatda, Yaroslavskiy shossesida, Michurinskiy prospektida, Lyalin tor ko‘chasida, Amurskaya va Pushkin ko‘chalarida, shuningdek Muso Jalil ko‘chasida uchastkalar atrofida odamlar to‘plangan. BBC rus xizmati muxbiri Butovo ko‘chasidagi saylov uchastkasi oldidagi navbat fotosini yuborgan.

«Men uchun bugun bu yerga kelgan boshqa odamlarning yuziga qarash va o‘z siyosiy qarashlarim bo‘yicha yolg‘iz emasligimni anglash muhim edi», — deydi BBC’ning Rossiya bo‘limi muharriri Stiv Rozenbergga Moskvadagi «Putinga qarshi yarim kun» aksiyasida ishtirok etgan Ivan. — Rossiya boshqacha davlat bo‘lishi va boshqacha kelajakka ega bo‘lishi mumkinligiga ishonadigan moskvaliklar va boshqa shaharliklar ko‘p».

SOTA nashri yozishicha, Moskvadagi Moskva fizika-texnika institutida joylashgan 338-sonli saylov komissiyasi oldida ham katta navbat hosil bo‘lgan — saylovga nomzodi qo‘yilmagan Boris Nadejdin shu yerda dars beradi. Nadejdinning o‘zi Moskva vaqti bilan soat 12:08 da o‘z telegram-kanalida «Qadrdon Dolgoprudniydagi uchastkada so‘nggi kuni ovoz berdim» yozuvi aks etgan videoni e’lon qildi. Ko‘p o‘tmay u institutdagi saylov uchastkasidan video joylashtirdi, bu yerda uni olqishlar bilan qarshilashgan, o‘rab olishgan hamda «Nadejdin» va «prezident» deb hayqirishgan.

Boris Nadejdin Dolgoprudniydagi saylov uchastkasida 
Reuters / Scanpix / LETA

Yakshanba kuni moskvaliklar Aleksey Navalniyning Borisov qabristonidagi qabriga ham tashrif buyurishdi — bu yerda gullardan tashqari saylov byulletenlari ham olib kelindi, ularda odamlar uning ismini yozib qo‘yishgan. Kelgan odamlar telefonlarida «Elizium» guruhining «Privet, eto Navalniy» qo‘shig‘ini yoqib qo‘yishgan — musiqachilar bu trekni Aleksey Navalniyning maktublaridan biri asosida yozishgan, unda u o‘zining tergov izolyatoridagi kunlarini kosmik sayohatga qiyoslaydi.

Natalya Kolesnikova / AFP / Scanpix / LETA

«Menimcha, aksiya o‘z maqsadiga erishdi. Chunki ko‘plab uchastkalarda chindan ham odam ko‘p edi, odamlar kelishdi va birdamligini izhor etishdi», — deya yozgan Korrupsiyaga qarshi kurash fondi direktori Ivan Jdanov tvitter sahifasida, u ayni vaqtda Rossiyaning Vilnyusdagi elchixonasi atrofida bo‘lib turibdi.

Rossiya rasmiylari esa bu vaqtda yakshanba kuni tushdan keyin uchastkalardagi yuqori davomatni boshqacha talqin etishga urindi. Xususan, MSK raisi Ella Pafmilova navbatlarni «fuqarolik irodasi bo‘roni» deb atadi. Uning fikricha, uchastkalarga juma va shanba kuni saylov qutilariga zelyonka to‘kilganidan g‘azab otiga mingan odamlar tashrif buyurishgan. U bu holatni «Zelenskiyning zedenlari» deb ifodaladi. «Ular shunchalik odamlarning g‘azabini qo‘zitdiki, bizga tinmay qo‘ng‘iroq qilishdi va mening o‘zimga ham yozishdi: „Hatto saylovga borish haqida o‘ylamagandim, ammo endi barcha ishni bir chetga surib, ovoz berishga boryapman“», — degan Pamfilova. Propagandachi Vladimir Solovyovning kanalida kun yarmida saylov uchastkalarida Putinning tarafdorlari saf tortgani xabar qilingan.

Uchastkalardagi qo‘lga olishlar

«OVD-Info»ning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, kun davomida Rossiyaning 17 shahrida jami 74 kishi qo‘lga olingan. Shundan eng ko‘p qismi — 29 kishi — Qozonda. Bundan tashqari, Moskvada — 19, Sankt-Peterburgda — 7, Volgograd, Chelyabinsk va Ryazanda uch nafardan, Petrozavodsk, Ufa, Barnaul, Balakovo, Kostromo, Novokuybishevsk, Cherepovets, Serpuxova, Kolomna, Kirov va Irkutsk shaharlarida bir nafardan odam qo‘lga olingan.

Moskvadagi Basman rayoni 33-sonli uchastkada komissiya a’zosi Vyacheslav Golikov qo‘lga olingan, uning futbolkasida mayda qilib «Navalniy» yozuvi aks etgandi. «OVD-Info» bunday yozuvli futbolka qo‘lga olish uchun qonuniy sabab emasligini qayd etgan. «Bu prezidentlik lavozimi uchun nomzodning tashviqoti ham, ekstremistik ramz ham emas», — deya qayd etiladi xabarda.

«Fontanka» nashri kun yarmida o‘z jurnalisti 2182-sonli uchastka yonida qo‘lga olingani haqida xabar bergan — komissiya rahbari jurnalist go‘yoki qo‘llarini silkitib, behayo so‘zlar ishlatib, atrofdagilarni bezovta qilgani va «boshqa fuqarolarning saylov huquqlarini poymol qilgani» to‘g‘risida ariza yozgan. Lekin jurnalist hatto binoga kirishga ulgurmagan, deya qayd etadi nashr.

Yana bir kishi — aktivist Anastasiya Kuznetsovani uyidan chiqishda ushlashgan, uni politsiyaga olib borishgan va endi bezorilikda ayblashmoqda. Uning o‘zi gap qanday holat haqida ketayotganini tushunmayotganini bildirgan. Saylov tugaganidan keyin Peterburg metrosida aktivist Vitaliy Ioffe qo‘lga olindi. U byulletenga «Barchangizga la’nat bo‘lsin» deb yozib chiqqandi. Hozirda unga ancha vaqt oldingi yakkalik piketi uchun ayb qo‘yishmoqda, u o‘shanda «Biri o‘lgan, boshqasi ham o‘ladi» yozuvi tushirilgan Iosif Stalin portretini ko‘tarib chiqqandi, uni politsiya bo‘limiga olib ketishgan, deb xabar bergan «OVD-Info».

Qozonda yashovchi Aleksandr Shirshovni saylov uchastkasiga soat 12 da kelgani uchun ushlashgan. «OVD-Info» ma’lumotiga ko‘ra, u bilan birga avtozakda 20 dan ortiq kishi bo‘lgan. Nashrning aniqlashicha, shahardagi uchastkalardan birida politsiyachilar yoshlarga kun yarmida ovoz berish uchun kelishni taqiqlagan — ularga qo‘lga olish bilan tahdid qilinib, «bir-ikki soatdan keyin» kelish talab qilingan.

Kirovda bir qiz saylov uchastkasi devori ostida «erkinlik o‘limi xotirasiga» to‘rtta chinnigul qoldirgan — uni darhol ushlab, IIVning shahar boshqarmasiga olib ketishgan.

Ufada bir erkakni saylov qutisiga Aleksey Navalniyning suratini tashlashga uringanida qo‘lga olishgan — uni ham politsiya bo‘limiga olib ketishgan. Uni aynan nimada ayblashayotgani hozircha ma’lum emas, ammo komissiya a’zosi unga saylov komissiyasi faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik moddasi bo‘yicha jinoiy modda bilan tahdid qilgan.

Irkutskda yashovchi kishi o‘zi bilan kley va «o‘z nomzodlari» ism-sharifi tushirilgan qog‘oz olib kelib, byulletenga Ilya Yashin, Vladimir Kara-Murza va Yuliya Navalnaya ismlarini yopishtirgan. U Putinning ismi ko‘rsatilgan qator ustiga «RF JK 285-moddasi, 3-qismi bo‘yicha gumondor, Mansab vakolatlarini suiiste’mol qilgan» yozuvini yopishtirgan. «Afsuski, men xatoga yo‘l qo‘ydim — bir soniyada qotiradigan kley ishlatdim. Byulleten tayyorlangan qog‘oz juda arzon ekan, hojatxona qog‘oziga o‘xshaydi. Kley uni tezda stolga yopishtirib qo‘ydi» — degan u «Lyudi Baykala» nashriga. U byulletenni stoldan ko‘chirib olishga harakat qilgan, bu ovozni navbatchi serjant eshitib qolgan va politsiyachi chaqirgan. Saylovchidan tushuntirish yozish talab etilgan, ammo Konstitutsiyaning 51-moddasiga havola qilgan holda bundan bosh tortgan. Shundan keyin komissiya raisiga unga qarshi ariza yozish so‘ralgan, ammo u ham buni rad etgan. Yakunda ushbu shaxsga protokol tuzilmagan, unga buzilgan byulletenni urnaga tashlashga ruxsat berilgan.

Xorijda qanday ovoz berishdi?

«Putinga qarshi choshgoh» aksiyasi dunyoning boshqa ko‘plab shaharlarida ham o‘tkazildi. Rossiyaliklar RF elchixonalariga hamda konsullik bo‘limlariga kelishdi va ovoz berish uchun bir necha soatgacha navbatda turishdi.

Berlinda Rossiya elchixonasiga Yuliya Navalnaya tashrif buyurdi. Uni olqishlashdi, odamlar u bilan gaplashishdi va quchoqlashishdi. «Mediazona»ning yozishicha, Berlindagi navbat bir necha kvartalga cho‘zilgan.

Mixaila Xodorkovskiyning Telegram-kanali

Litva poytaxti Vilnyusda «Putinga qarshi yarim kun» aksiyasiga yuzdan ortiq kishi kelgan. Navalniyning Korrupsiyaga qarshi kurash fondi Vilnyusga ko‘chib o‘tgan, shaharda ko‘plab rossiyalik muxolifatchilar yashaydi. Shu bilan birga, ularning barchasi ham ovoz berishda qatnashmadi — fondda ishlaydigan Mariya Pevchix va Georgiy Alburov kabilar norozilik aksiyasida qatnashdi, ammo Rossiyaning elchixonasiga kirishmadi. Alburov BBC muxbiriga izoh berishicha, u va boshqa ko‘plab faollar federal qidiruvga berilgan va elchixonaga kirganda pasporti olib qo‘yilishi mumkin.

Jurnalist Dmitriy Kolezevning yozishicha, Lissabondagi uchastka oldidagi navbatni bosib o‘tish uchun jadal qadamlar bilan 2,5 daqiqa vaqt ketgan, u o‘z so‘zlarini tasdiqlovchi videoni e’lon qilgan.

Markaziy saylov komissiyasining Moskva vaqti bilan soat 15:05 dagi ma’lumotiga ko‘ra, saylovda davomat 67,60 foizni tashkil etgan — bu ko‘rsatkich masofadan ovoz bergan saylovchilarni qamrab olmaydi. MSK qayd etishicha, bu safargi davomat 2018 yilgi prezidentlik saylovidagi davomatni allaqachon ortda qoldirgan — o‘shanda saylovchilarning uchastkalardagi yakuniy davomati 67,54 foizni tashkil etgandi.

Dunyoning turli shaharlarida ovoz berish jarayoni

Germaniya

Berlin
Vasiliy Krestyaninov
Berlin
Max Sher
Bonn
Beautiful Spors / IMAGO / Scanpix / LETA

Buyuk Britaniya, London

«Meduza» o‘quvchisi
Kevin Coombs / Reuters / Scanpix / LETA
Kevin Coombs / Reuters / Scanpix / LETA

Fransiya, Parij

Anton Karliner / SIPA / Scanpix / LETA
Bertrand Guay / AFP / Scanpix / LETA

Serbiya, Belgrad

«Meduza» o‘quvchisi

Italiya, Milan

«Meduza» o‘quvchisi

Isroil, Tel-Aviv

«Meduza» o‘quvchisi

Chernogoriya

Latviya, Riga

Yevgeniy Feldman / «Meduza»
Yevgeniy Feldman / «Meduza»

Armaniston, Yerevan

«Meduza» o‘quvchisi

Shveytsariya, Jyeneva

«Meduza» o‘quvchisi

Avstraliya, Sidney

Jenny Evans / Getty Images

Mavzuga oid