Iqtisodiyot | 13:22 / 19.03.2024
38707
5 daqiqa o‘qiladi

BYD avtomobillarining importi cheklanishi mumkin

“O‘zavtosanoat” bilan birga Jizzaxda zavod qurayotgan Xitoy brendi o‘z mahsulotlarining O‘zbekistonga importini “tartibga solish”ni so‘rayapti. Bu olib kirilayotgan modellarning mahalliy iqlim va yo‘l sharoitlariga moslashmagani bilan izohlangan. 1 iyulgacha bu borada raqobat qonunchiligi va Jahon savdo tashkiloti prinsiplaridan kelib chiqqan holda takliflar ishlab chiqiladigan bo‘ldi.

Ochiq manbalardan olingan surat

“O‘zavtosanoat” bilan hamkorlikda Jizzaxda ishlab chiqarishni tashkil etayotgan BYD kompaniyasi o‘z elektromobillarining O‘zbekistonga “tartibsiz importi”ni cheklash bo‘yicha hukumatga murojaat bilan chiqqan.

Kompaniya buni O‘zbekistonga olib kirilayotgan modellari “mahalliy iqlim va yo‘l sharoitlariga moslashtirilmagani hamda rasmiy kafolatga ega emasligi” bilan izohlagan. Bu ma’lumot 18 mart kuni imzolangan prezident qarorida keltirib o‘tilgan.

Qaror bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda “O‘zavtosanoat” AJga 2024 yil 1 iyulga qadar BYD brendi ostidagi elektromobil va gibrid avtomobillar importini tartibga solish bo‘yicha BYD'ning talabini amalga oshirishga qaratilgan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi yuklatildi.

Takliflarni tayyorlashda raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari va Jahon savdo tashkiloti prinsiplaridan kelib chiqilishi belgilandi.

Hujjatda ta’kidlanishicha, “O‘zavtosanoat” AJ va BYD Europe B.V. (Niderlandiya) kompaniyalari “BYD Uzbekistan Factory” MChJ qo‘shma korxonasini 2022 yil 29 dekabrda ta’sis etgan. Qo‘shma korxona 2023 yil 23 yanvarda ro‘yxatdan o‘tkazilgan, uning 60 foiz ulushi “O‘zavtosanoat” AJga, 40 foizi BYD Europe B.V. kompaniyasiga tegishli.

2023 yil 26 sentabr kuni O‘zbekiston hukumati nomidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va BYD Europe B.V. o‘rtasida “O‘zbekiston Respublikasida elektromobil va gibrid avtomobillar hamda ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarishni tashkil etish” investitsiya loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi investitsiya shartnomasi imzolangan.

2024 yil 18 mart kungi prezident qarori bilan, ushbu shartnoma tasdiqlandi. Qarorda yozilishicha, shartnomaga muvofiq BYD Europe B.V. (investor) va qo‘shma korxona o‘z zimmasiga quyidagicha majburiyatlar olgan:

  • investitsiya loyihasini amalga oshirishning butun davri mobaynida umumiy qiymati 160 million AQSh dollari miqdorida investitsiyalarni, shu jumladan 60 million AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish;
  • investitsiya loyihasining birinchi bosqichida (2024 yil davomida) ishlab chiqarish quvvatini mayda uzelli yig‘ish (CKD) usulida 50 ming dona elektromobil va gibrid avtomobilga yetkazish;
  • mahalliy aholi uchun 1000 ta yangi ish o‘rinlarini yaratish.

Shuningdek, investor:

  • ishlab chiqariladigan elektromobil va gibrid avtomobillar uchun bosqichma-bosqich mahalliy korxonalarda butlovchi va ehtiyot qismlarni, shu jumladan oynalar, o‘rindiqlar, plastik qismlar va bamperlarni mahalliylashtirishga ko‘maklashish;
  • qo‘shma korxonaning mablag‘larini tadqiqotlar olib borish hamda mahalliy xodimlarning malakasini oshirib borishga (shu jumladan xorijdagi BYD korxonalarida) yo‘naltirish majburiyatlarini ham olgan.

Prezident qarori bilan, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda “O‘zavtosanoat” AJga quyidagi masalalarni investitsiya shartnomasiga qo‘shish bo‘yicha investor bilan muzokaralar olib borish va natijasi bo‘yicha qo‘shimcha kelishuvni Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi yuklatildi:

  • investitsiya loyihasini amalga oshirishning keyingi davrlarida elektromobil va gibrid avtomobillar ishlab chiqarish quvvatini bosqichma-bosqich yiliga 500 ming donagacha oshirish;
  • investitsiya loyihasini amalga oshirishning keyingi davrlarida ishlab chiqariladigan elektromobil va gibrid avtomobillarning mahalliylashtirish darajasini 60 foizgacha yetkazish;
  • mahalliy aholi uchun 10 000 ta yangi ish o‘rinlarini yaratish;
  • ishlab chiqarilgan elektromobil va gibrid avtomobillarni qo‘shma korxona tomonidan belgilangan eksport davlatlaridan tashqari doimiy ravishda eksport qilinadigan davlatlar ro‘yxatini kengaytirish;
  • sifatli va xavfsiz elektromobil va gibrid avtomobillarni xarid qilish, ularning mahalliy iqlim sharoitlariga muvofiqligini ta’minlash hamda kafolatli servis xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha iste’molchilarning manfaatlarini himoya qilish choralarini ishlab chiqish;
  • barcha avtomobil ishlab chiqaruvchi korxonalarga, shu jumladan investorga, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyoz va preferensiyalarni berishda teng shartlar va sharoitlarni yaratish.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil yanvar oyida prezident Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga tashrifi vaqtida BYD kompaniyasi tomonidan Jizzax shahrida elektromobil va gibrid avtomobillar ishlab chiqarilishiga start berilgan edi.

Avvalroq, xorijda ishlab chiqarilgan avtomobillarni O‘zbekistonga faqat ishlab chiqaruvchilarning rasmiy dilerlari tomonidan olib kirilishiga oid tartib tiklanishi mumkinligi, hukumatda bu boradagi hujjat loyihasi ko‘rib chiqilayotgani ma’lum bo‘lgandi.

Mavzuga oid