O‘zbekiston | 14:36 / 21.03.2024
7514
12 daqiqa o‘qiladi

Qizilqum bag‘ridagi tibbiyot - turli hududlardan kelib ishlayotgan shifokorlar hayotidan reportaj

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Navoiy viloyatiga ta’rif berilganda eng so‘zi ko‘p ishlatiladi. O‘zbekistondagi «eng yosh», «hudud jihatdan eng katta», «eng kam aholi istiqomat qiladigan», «tabiiy qazilma boyliklari sabab iqtisodiyotdagi ulushi eng ko‘p bo‘lgan» hudud — Navoiy viloyatidir. 46,63 ming kvadrat kilometr maydonni egallagan Uchquduq Navoiyning hudud jihatdan eng katta tumani hisoblanadi. Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining «Tibbiy rakurs» dasturi doirasida navbatdagi manzili Uchquduq tumani bo‘ldi.

Tuman maydoni jihatidan Andijon viloyatidan 10 barobar, Xorazmdan 7 barobar, Samarqand, Jizzax va Surxondaryo viloyatlaridan qariyb 2 barobar katta maydonni egallaydi. Qizilqum cho‘lida joylashgan tumanda 37 ming nafardan aholi istiqomat qiladi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

 Uchquduq tumanining tibbiy salohiyati qanday?

Tuman tibbiyot birlashmasi tarkibida hudud aholisiga xizmat ko‘rsatuvchi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika va markaziy shifoxona, 75 qatnovga mo‘ljallangan oilaviy poliklinika va 25 qatnovli 7 ta oilaviy shifokor punkti mavjud.

O‘z vaqtida tuman tibbiyot birlashmasi binolari xarob ahvolga tushib qolgan edi. Tug‘uruq xonalari ham, operatsiya kabinetlari ham shu og‘ir sharoitdagi binoda bo‘lgan. Tuman markaziy shifoxonasining foydalanishga topshirilgan yangi binosi esa bugungi tibbiyotimizning asosiy talablariga javob bera oladigan, zamonaviy ko‘rinishdagi majmuadir.

Shifoxona 80 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, uchquduqliklarga statsionar tibbiy xizmatlar ko‘rsatib keladi. 125 qatnovga mo‘ljallangan tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasiga esa kuniga 300 nafargacha fuqaro murojaat qiladi.

 

«Navbatchi ham, akusher-ginekolog ham, tez yordam shifokori ham o‘zimiz edik»

Kam sonli va aholi joylashuvi tarqoq bo‘lgan tumanda tibbiyot xodimlariga ehtiyoj doim mavjud. Tuman poliklinikasining dermatolog-shifokori, 2-darajali «Salomatlik» ordeni sohibasi namanganlik Gulshoda Bo‘stonova ushbu olis hududda uzoq yillardan buyon mehnat qilib keladi.

—  1997 yilda bu yerga kelganman. U paytda mutaxassislar yetishmas, shunday paytlar bo‘lardiki, ham tungi navbatchilikka turardik, ham homiladorlar kelganda tug‘uruqni qabul qilardik, ham tez tibbiy yordamga muhtoj bemorlarga yordam berardik. Olis hudud bo‘lgani uchun ko‘pchilik bu yerga kelib ishlashni istamas edi. Tez yordam mashinasi yo‘q, eski «Moskvich»da chaqiruvga borardik. Yo‘lda avtomobil buzilib, oq xalatda mashina ortidan surgan paytlarimiz bo‘lgan. U kunlarni eslaganda hozirgi sharoitlarga shukr qilamiz, — deydi Gulshoda Bo‘stonova.

 

Aholi orasidagi tibbiy xavf guruhlarini aniqlash — asosiy vazifa

Tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida ayni paytda aholini tibbiy xatlovdan o‘tkazish jarayonlari davom etmoqda. Tibbiy brigadalar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan eslatmalardan iborat qo‘llanmalar bilan ta’minlanib, ishni shu asosda tashkil etishga alohida urg‘u berilmoqda. Bu jarayonda ham boshqa hududlardan kelib ishlayotgan tibbiyot xodimlarining alohida hissasi bor. Xatirchilik Azizbek Bo‘ronov ham Uchquduqda ikki nafar farzandi va turmush o‘rtog‘i bilan yashab, tuman tibbiyot birlashmasida ishlab kelmoqda.

—  Bu yerga kelganimga 6 yil bo‘ldi. Avval sharoit ancha og‘ir edi. Hozirda mana shunday zamonaviy binoda oila shifokori sifatida o‘zimga biriktirilgan 2000 nafar aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqdaman, — deydi Azizbek Bo‘ronov.

Bugun tibbiy brigadalar aholining surunkali kasalliklardan aziyat chekuvchi o‘rta xavf guruhiga kiruvchi aholi vakillarini patronaj tadbirlari bilan qamrab olishni maqsad qilgan. Tibbiyot xodimlari ularning uylariga borib, zarur ko‘riklarni olib boryapti, salomatligi uchun kerakli tavsiyalarni bermoqda.

—  Avvallari asosiy vaqtimiz hisobot to‘ldirish, uni rahbarlarga ko‘rsatib, tasdiqlatish bilan o‘tib ketardi. Hozir bu ishlar kundan kunga kamayib bormoqda. Shu yil yanvar oyidan boshlab qo‘limizga asosiy vazifalarimiz tushuntirilgan yo‘riqnomalar tarqatildi, endi shu asosda ish olib boryapmiz. Asosiy vaqtimiz bemorlar bilan ishlash, ularning holatini nazorat qilib borishga qaratilmoqda, — deydi hamshira Mohinur Ataboyeva.

Prezidentning 2021 yil yanvar oyidagi tegishli qarori asosida Uchquduqqa kelib ishlayotgan tibbiyot xodimlaridan biri buxorolik 28 yoshli mutaxassis Sanjar Jumaqulovdir. Hozir tumandagi  36-oilaviy poliklinikada mudir sifatida ishlab kelmoqda.

«Men ishlaydigan shifoxonadagi sharoitlarni viloyat markazidagi shifokorlar orzu qilsa bo‘ladi», deydi mutaxassis.
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

 46 nafar fuqaro uchun qurilgan zamonaviy oilaviy shifokor punkti

Galdagi manzil – tuman markazidan 200 kilometr olisda joylashgan Ko‘kayoz ovulida atigi 46 nafar aholi istiqomat qiladi. Ularning asosiy mashg‘uloti chorvachilik. Odamlar cho‘l bag‘rida o‘tlab yurgan chorvasining son-sanog‘ini ham bilmaydi. Bu hududga poytaxt tugul viloyat markazidan kimdir kelishi ham muhim yangilikdek qabul qilinadi. Ana shunday olis manzilga tibbiyot tizimidagi islohotlar yetib borib, amalda o‘z natijasini ko‘rsatayotgani kishini quvontiradi.

Ko‘kayoz oilaviy shifokor punktida ishlab kelayotgan qoraqalpog‘istonlik G‘ayrat Rajapov bu yerga kelganiga roppa-rosa bir yil bo‘ldi. Yosh shifokor poytaxtdan qariyb 1000 kilometr, viloyat markazidan 500, tuman markazidan 200 kilometr olisda, Qizilqum bag‘ridagi ovulda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Shifokor tibbiy nazoratda turadigan har bir bemorning ahvolidan kunora xabar olib turadi.

—    Bir qaraganda, 46 nafar fuqaro oz ko‘rinsa-da, ularning orasida o‘rta va og‘ir xavf guruhiga mansub bemorlarimiz bor, — deydi G‘ayrat Rajapov. — Ularning uylariga borib holidan xabar olamiz, tibbiy xizmat ko‘rsatamiz.

Ovul bemorlari bir paytlar tuman markaziga cho‘lning iqlim va relef sharoiti uchun noqulay bo‘lgan «Damas» avtomashinasida qatnar edi. Prezident tomonidan hudud sharoitiga moslashgan «UAZ» tez yordam mashinasi sovg‘a qilinishi aholining og‘irini yengil qildi. 2023 yilda «Sog‘liqni saqlash a’lochisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan Saypulmalik Xo‘jabayev ana shu mashinada ko‘kayozliklarga xizmat ko‘rsatadi.

—  Avvalgi mashinalarimiz ko‘p buzilar edi. Bu yo‘llarda «Damas» kabi avtomobillar yura olmaydi. Hozir esa bemor og‘ir ahvolda va jiddiy operatsiyaga muhtoj bo‘lsa, «UAZ» mashinasida shifokor bilan birgalikda uni tuman markaziga olib boramiz, — deydi S.Xo‘jabayev.

Eng chekka hudud bo‘lishiga qaramay,  ovul ahli uchun davlatimiz tomonidan barcha sharoitlar yaratilgan. Zamonaviy bog‘cha va maktab, bekamu-ko‘st kommunal xizmatlar, internet tarmog‘i va albatta, sifatli birlamchi tibbiy-sanitar yordami muassasasi hudud aholisi xizmatida.

Birgina misol, bugungi kunda ovulda 8 nafar maktab yoshidagi, 4 nafar bog‘cha yoshidagi bola yashaydi. Biroq ular ta’lim-tarbiya olish uchun boshqa hududlarga qatnashi imkonsiz.

Shu sababli yurtimizning ana shu farzandlari uchun ovulning o‘zida davlat tomonidan biror tuman yoki viloyat markazidagi muassasalardan qolishmaydigan butun boshli zamonaviy maktab va bog‘cha binolari qurib berilgani kishini hayratga soladi. Ularda so‘nggi rusumdagi kompyuterlar, sport zali va maydonchalari mavjud. Bolalarning salomatligi esa muntazam nazoratda.

Uchquduqdan Juzquduqqa

Qizilqum bag‘ridagi yana bir manzil — Juzquduq ovuli.

Bor-yo‘g‘i 150 kishi yashaydigan mazkur hududda 25 qatnovga mo‘ljallangan oilaviy shifokor punkti faoliyat yuritib kelmoqda.

Ushbu muassasada Xorazm viloyatidan kelgan Tursunboy Hayitboyev uzoq yillardan beri juzquduqliklarga tibbiy xizmat ko‘rsatadi.

— Uchquduqqa kelganimga 13 yildan oshdi. Bu davrda tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida laborant-vrach, tez tibbiy yordam bo‘limi navbatchi vrachi, umumiy amaliyot shifokori, markaziy poliklinika bosh terapevti kabi vazifalarda ishladim. Ikki farzandim shu yerda tug‘ildi. Shu yerda bog‘cha va maktabga borishadi. Turmush o‘rtog‘im ham maktabda o‘qituvchi. Rizqimiz shu Qizilqum cho‘llariga sochilgan ekan, terib yuribmiz, — deydi T.Hayitboyev.

Uchquduq tumani Qozog‘iston bilan chegaradosh mintaqa bo‘lgani sababli qishda shimoldan sovuq havo massalari to‘g‘ridan to‘g‘ri kirib keladi. Yozda esa Qizilqumning jaziramasi tanangizni kuydiradi. Tabiiyki, bunday iqlim sharoitida aholiga birlamchi sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun davlatning alohida e’tibor va g‘amxo‘rligi zarur. Quvonarlisi, juzquduqliklar ana shu e’tiborni o‘z hayotlarida his qilmoqda.

— Bir vaqtlar ovulda qo‘l bog‘lashga oddiy bint yoki tibbiyot spirti topilmasdan, tuman markaziga borishga majbur bo‘lardik. Shunday kunlarni boshimizdan o‘tkazdik. Endi bizning farzandlarimiz bu qiyinchiliklarni ko‘rmasliklariga ishonaman, — deydi juzququdlik Abduhalil Menturov.

***

O‘zbekiston xaritasi uzoqdan qaraganda, olg‘a talpinib turgan tulpor shakliga o‘xshaydi. Biroq bu shaklga yaqinroqdan qarasangiz, turli chekkalarida millionlab taqdirlar, millionlab fidoyi insonlar yashayotgani, o‘zining kamtarin va oddiy hayoti, halol mehnati bilan xalq uchun xizmat qilayotganini ko‘rasiz.

«Bir paytlar Uchquduq deganda cho‘l o‘rtasidagi chekka bir hudud xayolga kelardi. Bugungi zamonaviy Uchquduq shahri bu tasavvurlarni butkul yo‘qqa chiqargan, deya olamiz. Tuman markazidan yuzlab kilometr olisdagi manzillarda ham barcha ijtimoiy infratuzilmalar, tibbiyot va ta’lim maskanlari zamon talablariga to‘liq javob bera oladi. Insonlarning sog‘-salomat va xotirjam yashashlari uchun barcha sharoitlar muhayyo. Bularning barchasi yurtimizda olib borilayotgan inson qadrini ulug‘lash borasidagi ishlarning tumandagi natijasidir», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.

Ma’lumot uchun: Tuman tibbiyoti mas’ullarining ma’lum qilishicha, Uchquduq tuman markaziy shifoxonasi bo‘limlarida kardiolog, nevropatolog, akusher-ginekolog, pediatr, neonatolog, LOR kabi ixtisoslashgan tor soha mutaxassislariga hali ham ehtiyoj bor.

Agar bu soha mutaxassislari boshqa hududlardan kelib, Uchquduq tumanida ishlash istagini bildirsa, tuman tibbiyot birlashmasining (93) 932-00-03 telefon raqamiga murojaat qilishlari mumkin.

Sog‘liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.

Mavzuga oid