Jahon | 07:52 / 26.03.2024
52546
4 daqiqa o‘qiladi

Sud «Krokus»dagi terakt bo‘yicha yana uch kishini qamoqqa oldi

Ulardan biri terrorchilar harakatlangan «Reno»ning egasi bo‘lgan, qolgan ikkisi - uning otasi va akasi. Ular Tergov qo‘mitasiga o‘z ixtiyori bilan kelganini aytishgan.

25 mart kuni Moskvadagi Basmanniy rayon sudi tergov talabiga ko‘ra «Krokus Siti Holl»dagi terakt bo‘yicha jinoiy ish doirasida yana uch figurantni qamoqqa oldi.

Dilovar Islomov

Aka-uka Dilovar va Aminjon Islomov, shuningdek ularning otasi Isroil ikki oy muddatga, 22 mayga qadar hibs qilingan. Sud kartotekasiga ko‘ra, ularning uchalasiga nisbatan uyushgan guruh tarkibida insonlar o‘limiga olib kelgan terakt sodir etish (RF JK 205-moddasi, 3-qismi, «b» bandi) moddasi qo‘llangan. Dilovar va Aminjon Islomovga ayblov e’lon qilingan, ularning otasi hozircha gumonlanuvchi maqomida qolmoqda.

Islomovlar Tverda ishlab, yashab kelgan. 23 yoshli Dilovar Islomov — terrorchilar «Krokus»ni tark etishda foydalangan «Reno»ning egasi bo‘lgan. Terakt sodir etilishidan bir necha soat o‘tib u «Novaya gazeta Yevropa» nashriga bir hafta oldin mashinani rafiqasining akasiga sotganini aytib bergandi (RIA Novosti vaziyatdan boxabar manbaga asoslanib xabar qilishicha, Islomov mashinani fevralda sotgan, ammo transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish uning nomida qolgan).

Dilovar va uning 33 yoshli akasi Aminjon, o‘zlarining aytishicha, tergov qo‘mitasiga o‘z ixtiyori bilan kelgan. «Mening mashinamni ko‘rganimizda biz o‘zimiz keldik», — deya Dilovar Islomovning so‘zlarini keltirgan «Mediazona». Aminjon Islomov sudyaning u nimada ayblanayotganini qanchalik tushunayotgani borasidagi savolga javoban shunday degan: «Men aybdor emasman».

Aminjon Islomov

Tergovning tasdiqlashicha, Dilovar va Aminjon Islomovlar jinoiy guruh safida bo‘lishgan, ularni terrorchilikda gumonlanayotganlardan biri Shamsiddin Fariduni jalb etgan: Aminjonni — 2024 yil yanvarida, Dilovarni — 2024 yil 11 martigacha.

Isroil Islomov

Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin Vladimir Putin ishtirokidagi yig‘ilishda tergov versiyasiga ko‘ra Islomovlar terrorchilarga yashash uchun kvartira va avtomobil taqdim etishgani, shuningdek ularga pul o‘tkazib berishganini aytgan.

Bir kun oldin sud terakt ijro etilishida gumonlanayotgan to‘rt kishi — Dalerjon Mirzoyev, Saidakrami Rajabalizoda, Muhammadsobir Fayzov va Shamsiddin Faridunini qamoqqa olgandi. Ulardan dastlabki ikkisi aybiga iqror bo‘lgan.

Sud zalida olingan foto va videolarga ko‘ra, terakt ijrochiligida gumonlanayotganlar qo‘lga olinganidan keyin qiynoqqa solingan. Ulardan birining bo‘ynida paket parchalari olib tashlanmagan, boshqasining qulog‘i bint qilingan, kuchishlatar idoralar xodimlari qo‘lga olish chog‘ida uning o‘ng qulog‘ining bir qismini kesib olgandi. Uchinchi ayblanuvchi esa sud zaliga tibbiyot katalkasida va kateter (qovuqni bo‘shatish yoki unga dori yuborish uchun ishlatiladigan naycha) bilan kelgan, u sud majlisi vaqtida deyarli hushsiz bo‘lgan va atrofdagi voqealarga reaksiya qilmagan.

Mavzuga oid