Jahon | 18:00 / 31.03.2024
28355
11 daqiqa o‘qiladi

Sirskiy - Xarkivga yurish, Avdiyivka va Zalujniyning iste’fosi haqida

Ukraina qurolli kuchlarining yangi bosh qo‘mondoni tayinlovdan beri bergan ilk intervyusida ukrainlarni tinchlantirishga urindi.

Foto: Oleksandr Sirskiy / Telegram

Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy fevral oyi boshida bu lavozimga tayinlanganidan buyon ilk batafsil intervyusini berdi. U boshqa narsalar qatorida ukrainlarning safarbarligi, Avdiyivkadan chekinish, Rossiyaning Xarkivga yurish qilishi ehtimoli hamda oldingi bosh qo‘mondon Valeriy Zalujniyning iste’fosi bo‘yicha fikrlarini bildirdi.

Aftidan, Oleksandr Sirskiyning Ukrinform» agentligida e’lon qilingan debyut intervyusining asosiy vazifasi mamlakat ichkarisidagi ko‘p millionlik auditoriyani tinchlantirish hisoblanadi.

Bu intervyu Rossiya qo‘shinlarining frontdagi muntazam hujumlari, ularning Xarkivga yurish qilish rejalari haqidagi yangiliklar, safarbarlik kuchaytirilishi haqidagi gaplar va Amerika Kongressi Kiyevga yetarli yordam ajratish uchun ovoz bera olmayotgani fonida berildi.

Bu barcha muammolar fonida Sirskiy muhim messejni yetkazdi: aslida qo‘rqinchli hech narsa bo‘lmayapti, Ukraina mag‘lubiyatdan yiroq — qolaversa, Rossiyani jang maydonida yengish mumkin.

Ukrainlar frontdagi vaziyatdan xavotirdami? Sirskiy shunday javob qildi: «Vaziyat chindan ham og‘ir, ammo frontda bundan boshqacha bo‘lmaydi ham».

Uning so‘nggi vaqtlarda ukrainlar tomonidan qaytarib olingan pozitsiyalar soni boy berilganlaridan oshgani haqdagi so‘zlarini Volodimir Zelenskiy Rossiya qo‘shinining qishki yurishi to‘xtatilgani haqida yaqinda bildirgan bayonoti bilan birgalikda ko‘rib chiqish kerak.

Bundan tashqari, Sirskiy ukrain harbiy qo‘mondonligi maqsadlari qatorida kelgusidagi hujum harakatlari uchun zaxiralarni tayyorlashni ham aytib o‘tgan. Bunda o‘tgan yilgi yurishdan chiqarilgan saboqlar hisobga olinishi ta’kidlangan. «Agar rossiyaliklar Xarkivga hujum qilishga qaror qilsa, bu shahar ular uchun «halokatli» bo‘ladi», degan u.

Ukraina jamoatchiligi yaqin vaqtlar ichida bu haqdagi qonun Oliy radada ko‘rib chiqilgach, yalpi safarbarlik e’lon qilinishidan xavfsiramoqdami? Sirskiy bu o‘rinda ham vaziyatni yumshatgan.

Birinchidan, yarim million emas, ancha kamroq odam frontga yuboriladi. Ikkinchidan, shu javobning o‘zi ukrainlarning safarbarlik borasidagi eng katta qo‘rquvlaridan biriga javob - tayyorgarlik ko‘rmagan yangi chaqirilganlarni hech kim harbiy komissariatdan to‘g‘ri frontga yubormaydi.

Ukrainlar hozirgacha Ukraina qurolli kuchlari Avdiyivkadan chekinish chog‘ida «minglab» jangchilar asir tushgani to‘g‘risidagi xabarlardan keyin o‘ziga kela olmayaptimi? Bosh qo‘mondon Ukraina davlat idoralaridagi kommunikatsiya bo‘shliqlarini yopadi va rasmiy raqamlarni e’lon qiladi: rossiyaliklarga 25 ukrain harbiysi asir tushgan, ammo davlat rahbariyati ularni uyga qaytarish uchun barcha ishni qilmoqda.

Ukrainlar G‘arb yordamisiz Kiyev harbiy mag‘lubiyatga mahkum deb hisoblaydimi? Sirskiy e’tiroz bildiradi: Ukraina o‘z mudofaa sanoati imkoniyatlarini tez sur’atlarda oshirmoqda. Lekin u shunday qo‘shimcha qilgan: agar G‘arb Ukrainaga uning qurolli kuchlari muhtoj bo‘lgan barcha narsani bersa, bu urushni dushman ustidan harbiy g‘alaba bilan yakunlashga imkon beradi.

Zelenskiy kabi emas

Sirskiyning intervyusining so‘nggi qismi protokol bo‘yicha, ammo urush — siyosiy kelishmovchiliklar vaqti emasligi haqidagi muhim tezis ham bor: «Agar energiya va kuchni bir-birimiz bilan quruq siyosiy bahslarga sarflasak, — bu faqatgina mag‘lubiyat emas, halokat yo‘lidir».

Oleksandr Sirskiy intervyusidagi xotirjamlik va ishonchli ohang Volodimir Zelenskiyning tashvishli kayfiyatidan farqlanadi.

CBS bilan suhbatda (Ukraina prezidenti ofisi bu suhbat yozuvini Sirskiyning intervyusi bilan bir vaqtda e’lon qildi) Zelenskiy Rossiya qo‘shini may–iyun oylarida yangi hujum boshlashni rejalashtirayotgani va agar G‘arb Kiyevga harbiy yordamni bloklashda davom etsa, Ukraina mag‘lubiyatga uchrashi mumkinligini aytadi.

Shu bilan birga, Zelenskiy kabi amerikaliklarga emas, ukrainlar auditoriyasiga murojaat qilgan Sirskiydan bunaqa messej yo‘llanishi ham g‘alati bo‘lgan bo‘lardi.

Shubha qilish, variantlarni ko‘rib chiqish, istalgan natijaga erishish uchun vaziyatni dramalashtirish — siyosatchilar chekiga tushgan ish. General Sirskiy vaziyatni baholashda siyosatchi Zelenskiyga qaraganda aniqroq gapirishi talab etiladi, uning debyut intervyusi ham buni isbotlagan.

Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni aynan nimalar dedi?

Frontdagi vaziyat haqida

Vaziyat og‘ir, ammo frontda boshqacha ham bo‘lmaydi. Dushman keng front bo‘ylab hujum amaliyotlarini davom ettirib, har qanday qurbonlik evaziga bo‘lsa ham Donetsk va Luhansk oblastlari chegaralariga chiqishga, Zaporijjya oblastida Ukraina qurolli kuchlarini Dniproning chap sohilida ortga chekintirishga harakat qilmoqda.

«Ammo biz nafaqat mudofaani ushlab turibmiz, balki har kuni turli yo‘nalishlarda o‘zimiz ham oldinga yurmoqdamiz. So‘nggi vaqtlarda biz tomonimizdan qaytarib olingan pozitsiyalar boy berilganlari sonidan ko‘proq. Dushman strategik yo‘nalishlarda sezilarli muvaffaqiyatlarga erisha olmadi, uning hududiy yutuqlari, agar ular bor bo‘lsa, faqat  taktik ahamiyatga ega», — deydi Sirskiy.

Foto: Getty Images

Uning so‘zlariga ko‘ra, son jihatdan ustunlikka ega bo‘lgan Rossiya qo‘shini yo‘qotishlar bilan hisoblashmayapti va yoppasiga shturm taktikasini qo‘llashda davom etmoqda. Raqib aviatsiya faolligini sezilarli oshirgan, boshqariluvchi aviabombalardan foydalanib, bizning pozitsiyalarimizni vayron qilmoqda, deya qo‘shimcha qilgan Sirskiy. RFning uchirayotgan artilleriya snaryadlari borasidagi ustunligi bir necha kun avval 6:1 nisbatini tashkil etgan.

«Ukraina qurolli kuchlari o‘q-dorilar soni bo‘yicha emas, mavjud qurollardan foydalanish mahorati bilan jang qilishni o‘rgandi. Bundan tashqari, biz pilotsiz aviatsiya ustunligidan maksimal foydalanyapmiz. Garchi dushman ushbu qurol samaradorligi bo‘yicha bizga yetib olishga urinayotgan bo‘lsa ham», — deya qayd etgan ukrainlar bosh qo‘mondoni.

Ukraina dengizdagi harakatlar taktikasini o‘zgartirgan. Ekipajsiz dronlarning raqib kemalariga hujumlari shu qadar samarali bo‘ldiki, bu dengizdagi jangovar harakatlar strategiyasidagi o‘zgarishlar to‘g‘risida gapirishga imkon beradi, deb hisoblaydi Sirskiy.

«Biz Rossiyaning Qora dengiz flotini maqsadli ravishda yo‘q qilmoqdamiz. Buni qilishda davom etamiz. So‘nggi kunlarda Sevastopolda yana bir necha kema yo‘q qilingani — buni yana bir bor tasdiqlaydi».

Zalujniyning iste’fosi haqida

Harbiylar buyruqlarni muhokama qilmaydi. Agar prezidentda, Oliy bosh qo‘mondonda bunday o‘zgarish uchun sabab bo‘lsa, bu yetarli sabab hisoblanadi, degan Sirskiy bosh qo‘mondon almashishi haqidagi savolga javoban.

Bosh shtab va boshqa harbiy boshqaruv organlari harbiy harakatlarda tajribaga ega bo‘lgan jangovar zobitlar bilan yangilandi, deya qo‘shimcha qilgan u.

Texnikalarning jangovar samaradorligini tiklash, harbiy xizmatchilar dam olishi va tiklanishini ta’minlash maqsadida front chizig‘idagi harbiy qismlar rotatsiyasi jarayoni boshlanadi. Buning uchun Ukraina qurolli kuchlariga odamlar kerak.

Safarbarlik haqida

Ukraina qo‘mondonligi qo‘shinlar safini to‘ldirish bo‘yicha rejalarini o‘zgartirgan. Agar ilgari jangovar samaradorlikni saqlash va frontdagi bo‘linmalar va qismlar rotatsiyasini ta’minlash uchun yana 500 ming kishini safarbar qilish kerak, deb hisoblangan bo‘lsa, ichki resurslar auditi va harbiy tarkib soniga aniqlik kiritilganidan keyin bu raqamlar sezilarli darajada kamaydi, deydi Sirskiy.

Ammo u yangi raqamlarni keltirmagan: «Biz Vatanni himoya qilishga qodir bo‘lgan yetarlicha odamlarga ega bo‘lishimizni kutamiz. Gap nafaqat safarbar qilinadiganlar, balki ko‘ngillilar haqida ham ketmoqda». U shuningdek jangovar tajribaga ega bo‘lmagan safarbar qilinganlar darhol frontga yuborilmasligini ta’kidlagan.

Avdiyivkadan chekinish haqida

Sirskiyning so‘zlariga ko‘ra, raqib shturm guruhlari kuch va vositalarda katta ustunlikka ega bo‘lgani, boshqariluvchi aviabombalar yog‘dirilishi mudofaa yaxlitligini buzgani, artilleriya o‘q-dorilari yetarli emasligi Ukraina qurolli kuchlari Avdiyivkadan olib chiqilishida muhim rol o‘ynagan.

«Qurshovga tushib qolishdan qochish va odamlar hayotini saqlab qolish uchun men Avdiyivkadan chiqishga qaror qildim. Afsuski, bu janglar davomida 25 nafar ukrain harbiy xizmatchisi asir tushdi. Bu urush», — degan bosh qo‘mondon.

«Biz jang vaqtida jihozlangan pozitsiyalardan foydalanib, raqibni Avdiyivkadan uzoq bo‘lmagan hududda to‘xtatishga muvaffaq bo‘ldik. Asosiy istehkom chizig‘i yaxshi jihozlangan va ancha narida, mudofaamiz ichkarisida joylashgan. Ayni vaqtda deyarli barcha tahdidli yo‘nalishlarda kuchli mudofaa chiziqlari tayyorlanmoqda», — degan Ukraina QK bosh qo‘mondoni.

Sirskiy uchun hozir eng muhimi nima?

Asosiysi — odamlarni saqlab qolish. «Temir»ni tiklash mumkin, ammo o‘lgan odamlarni tiriltirib bo‘lmaydi, deydi bosh qo‘mondon.

Yana bir ustuvor masala — jamiyat birdamligi, siyosiy mojarolar yo‘qligi.

«Ishonchim komil: Ukrainlar birdamlik va matonatni saqlab qololsa, Rossiya hech qachon bizni jang maydonida yenga olmaydi. Agar bir-biringiz bilan quruq siyosiy tortishuvlarga kuch va energiya sarflasangiz, bu hatto shunchaki mag‘lubiyatga emas, balki halokatga olib boradigan yo‘ldir», — degan Sirskiy.

Mavzuga oid