Iqtisodiyot | 13:57 / 06.04.2024
10621
3 daqiqa o‘qiladi

Oltin narxining qimmatlashi fonida O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari ko‘paydi

Mart oyida O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari qariyb 2 mlrd dollarga oshdi. Bunga oltin narxining rekord darajada qimmatlashgani bevosita ta’sir o‘tkazgan.

Foto: AP

Markaziy bank O‘zbekistonning xalqaro valuta zaxiralariga oid ma’lumotlarni yangiladi. Unga ko‘ra, 1 aprel holatiga, O‘zbekistonning rasmiy zaxiralari 34,2 mlrd dollarni tashkil qildi.

Zaxiralar mart oyiga nisbatan deyarli 2 mlrd dollarga ko‘paygan bo‘lsa-da, yil boshidan beri 374 mln dollarga kamaygan.

Mart oyi davomida oltin zaxiralarining qiymati 24,09 mlrd dollardan 25,37 mlrd dollargacha oshgan. O‘z navbatida oltinning fizik hajmi 11,9 mln troya unsiyadan 11,5 mln troya unsiyagacha qisqargan.

Shuningdek, xorijiy valuta zaxiralari qiymati 7,55 mlrd dollardan 8,26 mlrd dollargacha ko‘paygan.

Ma’lumot uchun, oxirgi haftalarda oltinning narxi muttasil ravishda oshib, yangi rekordlarni o‘rnatmoqda. Ayni paytda 1 unsiya oltin narxi 2329 dollarni tashkil etadi.

Oltin-valuta zaxiralari nima uchun kerak?

Har bir mamlakatning oltin-valuta zaxiralari o‘ziga xos sug‘urtadir. U davlatning milliy iqtisodiyotini ehtimoliy makroiqtisodiy xatarlardan himoya qiladi. Shu bois oltin-valuta zaxiralari qator talablarga javob berishi lozim. Masalan, undan har qanday sohada foydalanish imkoniyati bo‘lishi kerak. Oltin-valuta zaxiralari oson joylashtirilishi va oson olinishi darkor.

Mamlakatlarning oltin-valuta zaxiralaridan quyidagi maqsadlarda foydalanilishi mumkin:

  • to‘lov va savdo balansidagi defitsitni bartaraf etish uchun;
  • inflatsiyani ushlab turish, milliy valutani moliya bozorida qo‘llab-quvvatlashga valuta sotib olish uchun;
  • davlatning tashqi qarzlarini to‘lash uchun;
  • davlatlar o‘rtasidagi hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun.

Oltin-valuta zaxiralari asosan qimmatbaho metallardan (quyma oltin, platina, palladiy, kumush), davlatlararo miqyosda zaxira valutasi sifatida tan olingan xorijiy pul vositalaridan (AQSh dollari, yevro, shveysar franki, yapon iyenasi, funt-sterling) va Xalqaro valuta jamg‘armasi chiqaradigan naqdsiz pul birliklaridan tashkil topadi.

Davlatning oltin-valuta zaxiralari miqdori uning iqtisodiyoti va moliyaviy tizimi holatidan darak beradi, davlatlararo majburiyatlar bo‘yicha to‘lovlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishini kafolatlaydi. Xalqaro tashkilotlar tavsiyalariga ko‘ra, rivojlanayotgan davlatlar uchun zaxiralar kamida 3 oylik importni qoplashi kerak.

Mavzuga oid