O‘zbekiston | 13:27 / 10.04.2024
4566
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda o‘quvchini urgan o‘qituvchi ishdan bo‘shatildi

Shuningdek, sud hukmi bilan o‘qituvchi haqorat va tanaga yengil jarohat yetkazganlikda aybdor deb topilib, BHMning 20 barobari miqdorida jarimaga tortilgan.

Foto: Kun.uz

Jizzax viloyati Zomin tumanida o‘qituvchi 7-sinf o‘quvchisini urib haqorat qilgan va unga yengil tan jarohati yetkazgan. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar bermoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, Zomin tumanida yashovchi D.M. Bolalar ombudsmaniga murojaat qilgan. U murojaatida 2023 yil 26 dekabr kuni maktab o‘qituvchisi S.M. 7-sinfda o‘qiydigan o‘g‘lining yuz qismiga bir necha bor tarsaki urib, uni turli nomaqbul so‘zlar bilan haqorat qilganini bildirgan.

Bolalar ombudsmani so‘rovi asosida Zomin tumani MMT bo‘limining tegishli mutaxassislari tomonidan holat o‘rganilib, mazkur umumiy o‘rta ta’lim maktab direktorining buyrug‘iga asosan S.M. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Shuningdek, 2024 yil 23 yanvarda jinoyat ishlari bo‘yicha Zomin tuman sudida o‘qituvchining harakatlariga huquqiy baho berilib, S.M.ga nisbatan MJTKning 41-moddasi (Haqorat qilish) va 52-moddasini (Yengil tan jarohati yetkazish) sodir etgan deb topilib, unga nisbatan BHMning 20 baravari miqdorida jarima jazosi belgilangan.

Yana bir bor ta’kidlaymiz, ta’lim muassasalarida bolalarga nisbatan nomaqbul muomala va zo‘ravonlik holatlari javobsiz qolishi mumkin emas”, deyiladi Bolalar ombudsmani xabarida.

Mavzuga oid