Isroilga hujum. Eron dronlar va qanotli raketalar uchirdi. Asosiy ma’lumotlar
Eron dronlari manzilgacha 7-9 soatda yetib borishi mumkin. Isroil ularni o‘z hududiga kirishidan oldin urib tushirishni rejalashtirgan.
Eron Isroil yo‘nalishida o‘nlab raketalar uchirdi. Bu haqda 13 aprel kuni kechqurun Isroil mudofaa armiyasi ma’lum qildi. TsAHAL rasmiy vakili Daniel Hagari Isroil harbiy-havo kuchlari dronlarni kuzatib borayotgani va pilotsiz uchar qurilmalar mamlakat hududiga bir necha soat ichida yetib kelishi mumkinligini aytgan. «12-kanal» manbasiga tayanib xabar berishicha, dronlarni ular Isroil havo kengliklariga kirib kelishidan oldinroq urib tushirish rejalashtirilgan.
Ynet va Isroildagi boshqa manbalar ismi sir qoldirilgan amaldorga tayanib, Eron dronlardan tashqari qanotli raketalar ham uchirganini xabar qilgan. Ular, dronlardan farqli o‘laroq, Isroil hududiga ikki soatdan kamroq vaqt ichida yetib kelishi mumkin. AQSh Milliy xavfsizlik kengashi vakili Edrien Uotson Vashingtonning baholariga ko‘ra, hujum «bir necha soat davom etishi»ni aytgan. CNN o‘z manbasiga asoslanib, jami yuzga yaqin dron uchirilganini xabar qilgan. Ayrim manbalarda esa Eron va uning ittifoqchilari jami 500 tagacha dron uchirganini taxmin qilmoqda.
Eron dronlari Isroilga yetib borgunicha 7 soatdan 9 soatgacha vaqt sarflashi mumkin. Eron 13 aprel kuni kechqurun uchirgan dronlar Isroil hududiga mahalliy vaqt bilan 14 aprel kuni soat 2:30 dan soat 5:00 ga qadar (Toshkent vaqti bilan 4:30 dan 7:00 gacha) bo‘lgan vaqt oralig‘ida kirishi mumkin. Ayni vaqtda telegram-kanallarda Eron va qo‘shni mamlakatlar ustidan uchayotgan qanotli raketalar tasvirlari tarqalgan.
Eron davlat nashrlari hujum faktini tasdiqlagan. «Sionist rejimning Damashqdagi Eron elchixonasi konsullik bo‘limiga hujumiga javoban Islom inqilobi muhofizlari korpusi harbiy-havo kuchlari o‘nlab pilotsiz uchar qurilmalar va raketalar yordamida sionistik rejim hududlaridagi nishonlarga zarba yo‘lladi», — deyilgan korpusning televideniye orqali o‘qib eshittirilgan bayonotida.
Binyamin Netanyahu millatga murojaat qildi. U Isroil ko‘p yillar davomida Eron tomonidan bo‘ladigan to‘g‘ridan to‘g‘ri hujumga tayyorgarlik ko‘rganini va hozirda barcha mudofaa tizimlari saf tortgani, hukumat esa «himoyalanishda ham, hujum qilishda ham har qanday ssenariyga tayyor turgani»ni aytgan. «Isroil davlati kuchli, TsAHAL kuchli, xalqimiz kuchli», — degan u. Bosh vazir mamlakatni har qanday tahdiddan «sovuqqonlik va qat’iyat» bilan himoya qilishga va’da bergan.
Hujum boshlanganidan bir necha soat o‘tib Eron uning «yakunlangani» haqida xabar berdi. «Eron Damashqdagi hujumdan keyin BMT Nizomi 51-moddasiga binoan o‘zini mudofaa qilish huquqini amalga oshirdi. Mavzuni yopilgan deb hisoblash mumkin, ammo Isroil rejimi yana bir xatoga yo‘l qo‘ysa, o‘shanda Eronning reaksiyasi yanada qat’iyroq bo‘ladi», — deyilgan Eronning BMTdagi missiyasining ijtimoiy tarmoqlarida. Shuningdek, Bu Eron va Isroil rejimi o‘rtasidagi mojaro ekani, AQSh bu hodisalardan nari turishi kerakligi ta’kidlangan. Bu vaqtda dronlar va raketalar hali Isroil hududiga yetib bormagandi.
O‘nlab dronlarni AQSh samolyotlari Isroil chegaralaridan tashqarida to‘xtatib qolgan. Bundan tashqari, Isroil nashrlari xabariga ko‘ra, dronlarni tutib qolishda Iordaniya harbiy-havo kuchlari samolyotlari ham ishtirok etgan. Shu bilan birga, dronlarning bir qismi baribir Isroilga yetib keldi va shaharlarda havo trevogasi ishlay boshladi. Havo hujumidan mudofaa tizimi to‘xtatgan dronlardan birining parchasi tushishi oqibatida to‘qqiz yoshli bola yaralangani haqida xabar tarqalgan. Isroillik mulozimlardan biri shaxsi sir qolishi sharti bilan bergan ma’lumotga ko‘ra, havo hujumidan mudofaa tizimlari raketa va dronlarning 99 foizini to‘xtatmoqda. «Ammo fakt shuki, Eron birinchi bor o‘z hududidan Isroilga hujum qildi, bu esa javob qaytarishni talab qiladi — tezda javob ham bo‘ladi», — deya qayd etgan u.
Bir necha kundan buyon Eronning Isroil bo‘ylab to‘g‘ridan to‘g‘ri hujumi kutilayotgandi. Tehron isroilliklarning Damashqdagi Eron konsulligiga zarbasiga javoban Isroilga hujum qilish bilan tahdid qilgandi, 1 aprel kungi hujum oqibatida Islom inqilobi muhofizlari korpusining yetti vakili, jumladan «Al-Quds» bo‘linmasi qo‘mondoni general Muhammad Rizo Zohidiy halok bo‘lgandi. Shu bilan birgalikda, Vashingtondagi manbalar Tehron norasmiy kanallar orqali jiddiy eskalatsiya keltirib chiqarish niyati yo‘qligi va zarbalar «cheklangan» darajada bo‘lishini yetkazganini aytishgandi.
- Jo Bayden xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilari bilan shoshilinch yig‘ilish o‘tkazmoqda.
- AQSh ushbu hujum fonida Isroilni to‘la qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.
- Iroq, Iordaniya va Isroil havo kengliklarini yopishgan.
- Iordaniyadagilar mamlakat chegarasini buzib o‘tgan Eron dronlarini urib tushirishini ma’lum qilgan.
- Rasmiy Tehron Isroil Eronga hujum qilishi uchun o‘z havo kengliklarini ochib beradigan har qanday davlatga javob zarbasi berishi bilan tahdid qildi.
Mavzuga oid
10:30 / 23.11.2024
Xalqaro sud qarori: Netanyahu va Gallant hibsga olinsa nima bo‘ladi?
22:51 / 22.11.2024
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
19:45 / 22.11.2024
Norvegiyada AQSh elchixonasi qo‘riqchisi josuslikda gumonlanib qo‘lga olindi
14:54 / 22.11.2024