O‘zbekiston | 17:30 / 14.04.2024
20309
7 daqiqa o‘qiladi

Hokim Yunusoboddagi akademik litseyni ko‘chirmoqchi. Uning yerini sotish rejalashtirilgan

Poytaxtning Yunusobod tumanidagi Toshkent kimyo-texnologiya litseyi o‘rniga maktabni qaytarish taklif qilindi. Tuman hokimi Bahodir Abduvaliyevning aytishicha, 2007 yilda qurilgan bu litsey hozirda 30 foiz quvvatda ishlayapti, 70 foiz sinf xonalari bo‘sh. Iqtisodchi maktab yerlarini sotish tendensiyasi yangi to‘lqin bilan davom etishi mumkinligidan xavotir bildirdi.

Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi Toshkent kimyo-texnologiya instituti qoshidagi akademik litsey negizida qaytadan maktab tashkil etish taklif qilindi. Gazeta.uzʼning xabar berishicha, bu haqda tuman hokimi Bahodir Abduvaliyev poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov bilan uchrashuvda bildirgan.

Qayd etilishicha, 9 aprel kuni Shavkat Umurzoqov tumanga tashrifi chog‘ida Yunusobod hokimi Shoshtepa va Akbarobod mahallalari infratuzilmasi va qiyofasini yaxshilash bo‘yicha taqdimot o‘tkazgan.

Unda Abduvaliyev Mega Planet savdo markazi yonidagi 26,5 gektar maydonda joylashgan Akbarobod mahallasini rivojlantirish chora-tadbirlari haqida gapirgan. Ta’kidlanishicha, u yerdagi 21 ta uyda 3 248 nafar aholi istiqomat qiladi.

Saytning keltirishicha, hokim mahallaga avvallari shu hududda bo‘lgan maktab zarurligini, 2007 yilda 960 o‘rinli maktab binosi Toshkent kimyo-texnologiya instituti qoshidagi akademik litseyga berilgani, ammo shunga qaramay, u atigi 30 foiz quvvat bilan ishlayotganini aytgan. Binoning bir qismi musiqa maktabiga aylangan.

Litseyga sektor mudiri bilan shaxsan o‘zim tashrif buyurdim. U yerda faqat 30 foiz o‘quv xonalari band, viloyatlardan kelgan talabalar tahsil olishadi. Sinf xonalarining 70 foizi bo‘sh. Shu bois litsey binosini kimyo sanoati tizimidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi balansiga qaytarib, o‘sha yerda yana maktab tashkil etishni taklif qilaman. Bu mahalla uchun zarur”, — degan hokim.

Poytaxt hokimi Umurzoqov bu taklifni ko‘rib chiqishni ta’kidlab, litseyni ko‘chirish uchun joy ajratish zarurligini bildirgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, tuman hokimi litsey hududidagi 27,5 sotixli uchta bo‘sh yer uchastkasini “o‘lik va foydalanilmayotgan hovuz” deb atab, uning auksion orqali sotilishini hamda shu yo‘l bilan 22,5 mlrd so‘m (1 sotix uchun 65 ming dollar) jalb qilinishi kutilayotganini ma’lum qilgan. Savdodan tushgan mablag‘ni mahallani obodonlashtirish, maktabni ta’mirlashga yo‘naltirish rejalashtirilgan.

2024 yilda Akbarobod mahallasida 9,5 milliard so‘mlik ishlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Maktablardan qo‘lingizni torting: maktablar hududi faqat ta’lim uchun foydalanilishi kerak!”

Iqtisodchi Otabek Bakirovning masalaga e’tibor qaratishicha, sotib yuborilgan maktab yerlarini qaytarish o‘rniga qolganiniyam sotish tendensiyasi yangi to‘lqin bilan davom etishi mumkin.

Hokim bilan uchrashuvda hozir bo‘lganlarning hech biri maktab maydoniga tegmaylik, qursak, o‘rniga yana maktab quraylik demagan. Loaqal birortasi turib, o‘sha sotmoqchi bo‘lgan yer maydonining puliga kamida 500 o‘rinli yangi maktab binosi qursa bo‘ladi-ku, deb so‘ramagan.

Agarda hozir shu bitta maktab misolida yer sotish boshlansa, uni to‘xtatib qolib bo‘lmaydi. "Yunusobod tajribasi" degan ahmoqona metodika bilan butun O‘zbekistonga yoyiladi. Hech kim saylamagan hokimlar va ularning ochofat shotirlari maktablarning yer maydonlariga ko‘z olaytirib turibdi. Doimgidek, hech narsani hal qilmaydigan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi og‘ziga tolqon solib o‘tiribdi”, – deydi iqtisodchi.

Uning aytishicha, ta’lim muassasalariga tegishli yerlar faqat ta’lim uchun foydalanilishi lozim. Bakirov agar iqtisodiy asoslar yetarli bo‘lsa, tumanning shu hududiga DXSh asosida maktab qurish mumkinligini bildirgan.

Maktablarning bo‘sh hududiga faqat ta’lim jarayoniga oid bino va inshootlar qurilishi kerak. Bu basseyn, bu sport zali, bu kutubxona bo‘lishi mumkin. Agar chuqur iqtisodiy asoslansa, davlat xususiy sherikchilik asosida xususiy maktab qurishni ham o‘ylab ko‘rsa bo‘ladi, undan ortiq emas.

Hurmatli qaror qabul qiluvchilar, budjet tizimidagi maktablar, shifoxonalar, universitetlar makoni “xususiylashtirishdan” daxlsiz bo‘lishi va ularning hududini sotish qonun bilan taqiqlanishi zarur.

Maktablardan qo‘lingizni torting, hurmatsiz yersotarlar. O‘zbekiston kelajagiga chang solmang”, – deya yakunlagan u postdagi fikrlarini.

Eslatib o‘tamiz, maktablarning sotilib ketgan mulklari haqida dastlabki xabarlar 2022 yilda chiqqandi. O‘sha vaqtdagi administratsiya rahbari Sardor Umrzoqov prokuraturaga yerlarni qaytarish bo‘yicha sudga arizalar kiritish vazifasini topshirgandi.

Kun.uz maktablardan tortib olingan yerlarni ta’lim muassasalariga qaytarishga oid topshiriq ijrosiga o‘tgan yili ham, bu yil fevral oyida ham qiziqib ko‘rgandi. Vazirlik 2023 yil may oyida bergan ma’lumotga ko‘ra, 2018-2021 yillar davomida 467 ta holatda 100 gektarga yaqin yer noqonuniy olib qo‘yilgan, 246 tasida yerlarni qaytarish bo‘yicha fuqarolik va ma’muriy sudlarga da’vo arizalari kiritilgan.

Oradan salkam bir yil o‘tyaptiki, hozirga kelib 467 ta holatning 148 tasi ustidan uzil-kesil qaror qabul qilingan, yerlar ta’lim muassasalariga qaytarilgan, qolgan 300 dan ortiq holatda esa joylarning taqdiri noma’lumligicha qolgan. O‘shanda vazirlik vakili maktab hududida 5 qavatli savdo markazi qurilgan holatlar ham borligini aytgandi.

Maktab vazirligi hozirgacha olib qo‘yilgan yerlar hajmi qancha ekani, holatlar jami nechta maktab bilan bog‘liqligi hamda sud qarori bilan qancha obekt, qancha gektar hudud qaytarilganiga oid Kun.uz savollariga javob berganicha yo‘q.

Ma’lumot uchun, 2018 yil sentabrdagi prezident qaroriga asosan, umumta’lim va maktabdan tashqari muassasalarning yer uchastkalari va ko‘chmas mulkini Xalq ta’limi vaziri bilan kelishmasdan begonalashtirish taqiqlangan.

2023 yil may oyi oxirida prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturi nutqida kelgusi 7 yilda maktablarda qo‘shimcha 2,5 mln o‘quvchi o‘rni yaratish va ta’lim sifatini tubdan oshirish zarurligini aytgandi.

Mavzuga oid