Peterburgdagi test markazlari migrantlar uchun imtihon o‘tkazishni to‘xtatdi
Endi migrantlar imtihon topshirishning iloji yo‘qligi sababli, deportatsiya tahdidiga duch kelmoqda.
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi test markazlari migrantlar uchun rus tilidan imtihonlarni qabul qilishni to‘xtatdi. Bu «Krokus Siti Xoll»dagi teraktdan so‘ng migratsiya siyosatining keskinlashuvi fonida sodir bo‘ldi, deb xabar berdi «Delovoy Peterburg».
Rossiya oliy ta’lim va fan vaziri Valeriy Falkov avvalroq imtihonlarni o‘tkazish va sertifikatlar berish ustidan nazoratni kuchaytirish, shuningdek, test sinovlarini tashkil etishga yondashuvni o‘zgartirish bo‘yicha topshiriq bergan edi.
Sankt-Peterburgda imtihonlarning to‘xtatilishi test o‘tkazadigan tijorat kompaniyalaridagi tintuvlar bilan bir vaqtda yuz bergan. Avvalroq, ushbu kompaniyalarning besh nafar xodimi noqonuniy migratsiyani tashkil etishdan daromad olishda gumonlanib, ushlangan edi. Test markazlarining xabar berishicha, hozir test sinovlari o‘tkazilmayapti va qachon o‘tkazilishi ham noma’lum.
Ochiq manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, shaharda chet elliklar mehnat patenti yoki yashash uchun ruxsatnoma olish uchun imtihon topshirishi mumkin bo‘lgan o‘nlab kompaniyalar mavjud. Ammo joriy yilning 1 mayidan boshlab tijorat tashkilotlari tomonidan bunday test sinovlari o‘tkazish va rus tili sertifikatlari berishning to‘xtatilishi rejalashtirilgan. Tizimning yangicha tarzda qanday ishlashi hozircha aniq emas.
Amaldagi qoidalarga ko‘ra, migrant Rossiyaga kirganidan so‘ng, dastlabki 30 kun ichida rus tili, Rossiya qonunchiligi va tarixi bo‘yicha imtihon topshirishi kerak. Shundan keyin mehnat patenti yoki yashash uchun ruxsatnoma olishi mumkin. Agar imtihondan o‘tolmasa, mamlakatni tark etishi kerak.
Endi migrantlar imtihon topshirishning iloji yo‘qligi sababli, deportatsiya tahdidiga duch kelmoqda.
Mavzuga oid
13:30
Tramp yutsa urushni bir sutkada to‘xtatishni va’da qilgandi. U yutdi - xo‘sh?
15:10 / 09.11.2024
Rossiyada kartoshka va sariyog‘ narxi ko‘tarilishda davom etmoqda
14:30 / 09.11.2024
Zelenskiy RF bilan xavfsizlik kafolatlarisiz sulh tuzishni rad etdi
13:49 / 09.11.2024