Jamiyat | 15:42 / 23.04.2024
18482
2 daqiqa o‘qiladi

Aliment to‘lashdan qochib yurgan fuqaro uy qudug‘idan topildi

Farg‘onada alimentdan qochib yurgan erkak Toshkentdagi uy qudug‘idan topildi.

Foto: Majburiy ijro byurosi Farg‘ona viloyat boshqarmasi

Majburiy ijro byurosi Farg‘ona viloyat boshqarmasi qidiruv shu’basi inspektorlari tomonidan olib borilgan navbatdagi tadbir davomida farzandini moddiy ta’minotidan bo‘yin tovlab yurgan qarzdor yashash xonadonidagi quduqdan topildi.

Oltiariq tumanida yashovchi fuqaro turmush o‘rtog‘i bilan oilaviy kelishmovchiliklar sabab ajrashib ketgan va farzandini moddiy ta’minlamay qo‘ygan. Shundan so‘ng ona farzandining haqini talab qilib, sudga murojaat etgan.

Sud qaroriga ko‘ra, undiruvchi foydasiga ikki nafar farzandlari uchun har oyda aliment undirish tartibi belgilangan. Sud ijro hujjati byuroning Oltiariq tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va ijro harakatlariga kirishilgan.

Biroq, ota aliment to‘lamagan, qarzdorlik 10 mln so‘mdan ortib ketgan. U ishlash maqsadida Toshkent shahriga ketib qolgan. Unga nisbatan davlat ijrochisi tomonidan qidiruv e’lon qilindi.

Toshkent shahrida xodimlar olingan tezkor ma’lumotlarga ko‘ra yashash xonadoniga borganda, oila a’zolari uning kelmaganini bildirgan. Xonadon yashash joylari puxta ko‘zdan kechirilganda, qarzdor yangi kovlanayotgan quduq ichidan topildi.

Qidiruvdagi shaxs belgilangan tartib bo‘yicha davlat ijrochisiga topshirildi.

Mavzuga oid