O‘zbekiston | 10:14 / 23.04.2024
3724
2 daqiqa o‘qiladi

DXX Tojikiston va Qirg‘izistondan o‘tkazilgan giyohvandlik vositalarini to‘xtatib qoldi

Giyohvandlik vositalarining kontrabandasiga qarshi kurashish doirasida DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida bir nechta noqonuniy holatlarga chek qo‘yildi.

Foto: Videodan kadr

O‘zbek-tojik davlat chegarasining Samarqand viloyati Urgut tumani Chep qishlog‘i hududidan o‘tgan qismida, noma’lum shaxslar tomonidan Tojikistondan olib kelinib, qoldirib ketilgan 980 gr “geroin” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Hozirda ushbu giyohvandlik vositasi egalarining shaxsiga aniqlik kiritish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 
 
Andijon viloyatida kuzatilgan holatda, Qo‘rg‘ontepa tumanining Qorasuv shahrida yashovchi, muqaddam sudlangan shaxs tarkibida “Pregabalin” kuchli ta’sir qiluvchi moddasi bo‘lgan 30 000 dona  Nervegesic nomli dori vositasini Qirg‘izistondan davlat chegarasi orqali noqonuniy ravishda o‘tkazgan vaqtida ushlandi.

Bunday qonunbuzilishi Namangan viloyatida ham qayd etilib, unda 3121 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini Qirg‘izistondan kontrabanda yo‘li bilan Kosonsoy tumani hududiga o‘tkazgan vaqtlarida 2 nafar mahalliy fuqaro ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Shuningdek, ularning 2 nafar jinoiy sheriklari ham protsessual tartibda ushlandi. 

Hozirda uchala holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qonunbuzarlarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Mavzuga oid