O‘zbekiston | 22:34 / 26.04.2024
5694
6 daqiqa o‘qiladi

26 aprelning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqealar va hodisalar

Poytaxtdagi taksichilar hisobi, «Qora ro‘yxat»ni tark etgan O‘zbekiston, Surxon qo‘riqxonasida tasvirga tushgan tulki bolalari, televideniyeda ta’sis etilgan «milliy kino kuni» - kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishing. 

Toshkentda qaysi hududdan taksi ko‘proq?

Toshkentni qashqadaryolik taksichilar bosib ketdi, degan gap u qadar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi oydinlashdi. Toshkentda har 20 ta taksidan 1 tasi Qashqadaryoga tegishli ekan.

6 ta onlayn taksi agregatorlari soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiyalashtirilgach, yo‘nalishsiz taksi faoliyati bilan shug‘ullanayotgan o‘zini o‘zi band qilgan haydovchilarga tegishli bo‘lgan 199,1 mingta avtomobil mavjudligi ma’lum bo‘lgan.

Taksilarning 64 foizi yoki 127,5 mingtasi poytaxt Toshkent shahrida harakatlanadi.

Avtomobillar ichida Toshkent shahriga tegishli (01 kodli) avtomobillar — 54,6 foiz; Toshkent viloyati (10 kodli) — 17,9 foizni, Qashqadaryo viloyati (70 kodli) — 5 foizni, Farg‘ona viloyati (40) kodli — 3,3 foizni tashkil etar ekan. 

O‘zbekiston yana bir qora ro‘yxatni tark etdi

O‘zbekiston AQShning intellektual mulk huquqiga oid qora ro‘yxatidan chiqarildi

Bunga O‘zbekistondagi intellektual mulk huquqini himoya qilish va qo‘llash bilan bog‘liq ijobiy o‘zgarishlar sabab bo‘lgani keltiriladi. Bu «qora» ro‘yxatga yana 7 ta davlat kiritilgan, ular orasida Xitoy ham bor.

AQSh savdo vakilligi idorasi intellektual mulkni himoya qilish va qo‘llash bo‘yicha 2024 yil uchun «Maxsus 301-hisoboti»ni e’lon qildi. Hisobotda aytilishicha, idora O‘zbekistonni o‘zining kuzatuv ro‘yxatidan (Watch list) chiqardi. Sababi mamlakatda intellektual mulk huquqini himoya qilish va qo‘llash bilan bog‘liq uzoq muddatdan beri davom etib kelayotgan muammolarni hal qilish bo‘yicha barqaror o‘zgarishlar bo‘lyapti.

«Masalan, Bojxona kodeksiga o‘zgartirish kiritilib, kontrafakt import va eksport mahsulotlarni olib qo‘yish, ularni ushlab turishga oid vakolat belgilandi. Bundan tashqari, O‘zbekiston intellektual mulk sohasiga yuqori darajada siyosiy e’tibor qaratib kelmoqda. O‘zbekiston «AQSh–Markaziy Osiyo» savdo va investitsiyalar bo‘yicha asosli kelishuv doirasida Intellektual mulk yo‘nalishida ishchi guruhini qo‘llab-quvvatlamoqda va uning ishlarida qatnashmoqda», deyiladi hisobotda. 

Kun videosi

«Surxon» davlat qo‘riqxonasi hududida o‘rnatilgan fotoqopqonga tulki bolalari muhrlandi. Qo‘riqxona Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga qaraydi.

O‘zbekistonda 2 xil tulki — oddiy tulki va korsak uchraydi. Tulki itsimonlar oilasiga mansub yirtqich sutemizuvchidir. Uning tanasi uzunligi 60-90 sm, dumi 40-60 sm, vazni 6-10 kg.ga yetadi. Ularning ovqatlanishi va yashash joylari xilma-xil bo‘lib, asosan kemiruvchilar, sutemizuvchilar va qushlar bilan oziqlanadi. Odatda, tulki 4–6 ta, ba’zan 17 tagacha bolalaydi. 

Iqtisodiyotda davlat ishtiroki qisqartiriladi

«Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.

Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari — davlat ishtirokidagi korxonalar birinchi rahbarlarining asosiy vazifalaridan biri etib o‘z sohasida xususiy sektor ulushini muttasil oshirib borish, raqobat muhiti shakllangan sohalardagi, shuningdek, ularning faoliyatiga xos bo‘lmagan, samarasiz foydalanilayotgan va bo‘sh turgan aktivlarini xususiylashtirish, ya’ni sotish belgilandi. 

Kun fakti

Elektrlashtirilgan temiryo‘llar uzunligi bo‘yicha Toshkent viloyati yetakchilik qilmoqda. 2024 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda umumfoydalaniladigan temiryo‘llar uzunligi 4,8 ming kmni tashkil etmoqda. Bu yo‘llarning 19,4 foizi Toshkent viloyati hududida. Keyingi o‘rinlarda Qashqadaryo, Samarqand, Namangan va Surxondaryo bormoqda. 

Har shanba «Milliy kino kuni»

O‘zbekiston telekanallarida har shanba «Milliy kino kuni» o‘tkaziladi. Shu kuni davlat va nodavlat telekanallarda faqat milliy filmlar namoyish qilinadi.

Tadbirdan maqsad milliy manfaatlarni himoya qilish, milliy madaniyat va qadriyatlarni asrash, kelgusi avlodlarga bus-butun yetkazish, yoshlarni yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ekani aytilmoqda. 

Kun raqami:

579 995 — Bu O‘zbekistonda ishlashda davom etayotgan pensionerlar soni. Ularning 43,5 foizi davlat korxonalarida ishlamoqda. Ishlayotgan pensionerlarning 59,6 foizini ayollar tashkil etadi. 

Basseynda jon bergan yurist

Yakkasaroy hokimligi yuristi tumandagi maktab hududidagi Sport vazirligiga qarashli basseynda vafot etdi

18 aprel kuni Yakkasaroy tuman hokimligining davlat xizmatchilari ziyofat uyushtirishgan va tadbir yakunlangach, hokimning ikki o‘rinbosari hamda yuristi tumandagi 160-sonli bolalar va o‘smirlar maktabi hududidagi Sport vazirligiga tegishli basseynga cho‘milishga borgan. Hokimlik yuriskonsulti Nodir Akbarov maktab hududidagi basseynda vafot etgan.

Holat yuzasidan prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

2024 yil 22 aprel kuni Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenovaning qaroriga ko‘ra, Nodir Akbarov bilan mehant shartnomasi uning vafot etgani munosabati bilan bekor qilingan.

Mavzuga oid