Jahon | 19:01 / 26.04.2024
13376
10 daqiqa o‘qiladi

Timur Ivanov ishi. Qo‘lga olinganlar haqida hozirgacha nimalar ma’lum?

Moskva shahar Basmanniy sudi 25 aprel kuni tergovchilar Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanov hamda tadbirkor Sergey Borodinni pora olishda gumonlayotgan ish bo‘yicha uchinchi ayblanuvchini hibsga oldi. Mudofaa vazirligining yirik pudratchisi - «Olimpsitistroy» kompaniyasining hammuassisi Aleksandr Fomin 23 iyunga qadar tergov izolyatoriga yuborildi, deb xabar bergan Moskva sudlarining qo‘shma matbuot xizmati.

BBC u va ishdagi boshqa ayblanuvchilar bo‘yicha ma’lumotlarni to‘pladi.

Asosiy ayblanuvchi — Timur Ivanov, mudofaa vaziri o‘rinbosari, korrupsiyaga qarshi surishtiruv qahramoni

 

RF mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanov (chapda ikkinchi) okkupatsiya qilingan Mariupoldagi turar joy qurilish hududida, 2022 yil iyun oyi. Foto: YEGOR ALEYEV/TASS

Timur Ivanovga qarshi jinoiy ish haqida 23 aprel kuni kechqurun ma’lum bo‘lgandi. RBK ma’lumotiga ko‘ra, Ivanov o‘sha kuni soat 17:00 atrofida o‘z xizmat kabinetida qo‘lga olingan. Shu kuni mudofaa vazirligida hay’at kengashi yig‘ilishi o‘tkazilgan, unda vazir Sergey Shoygu ham, Ivanov ham ishtirok etgan.

Keyingi kuni sud Timur Ivanovni hibsga olish to‘g‘risida qaror chiqardi. Sudda ham u pogonlar va orden plankalari (uzun taxtacha)ga joyida turgan harbiy formada ko‘rinish berdi — bu jinoiy ishlarda yuqori martabali figurantlar bilan kamdan kam uchraydigan holatdir. Sud zalidan chiqayotganda olingan videoda esa u fuqarolik kiyimida bo‘lgan, uning bilaklarida kishanlar ko‘rinib turgan.

Uning advokati Murad Musayevning so‘zlariga ko‘ra, Ivanov go‘yoki «mudofaa vazirligining qaysidir pudratchi kompaniyalariga yordam ko‘rsatgan», buning evaziga bu kompaniyalar «Ivanovga tegishli bo‘lgan obektlarda tekinga qurilish-ta’mirlash ishlarini bajargani»da ayblanmoqda. Unga RF Jinoiy kodeksining 290-moddasi, 6-qismi bilan ayblov qo‘yilgan (o‘ta yirik miqdorda pora olish bo‘yicha modda, buning uchun 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilish mumkin). Ivanov o‘z aybiga iqror bo‘lmagan.

Timur Ivanov 2016 yildan buyon mudofaa vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi (TASS xabariga ko‘ra, u 24 aprelda lavozimidan chetlatilgan). Uni Sergey Shoyguning eski tanishi va safdoshi deb bilishadi: 2012 yilda Ivanov Moskva oblasti ma’muriyatida vitse-premer bo‘lgandi, o‘shanda hududga Shoygu rahbar edi.

Ivanov so‘nggi yillarda mudofaa vazirligida yirik harbiy qurilishlarga mas’ul bo‘lgan: Rossiya bosqini davrida vayron bo‘lgan Mariupolni tiklashda, Rossiya qurolli kuchlarining asosiy ibodatxonasi, «Sharqiy» kosmodromi, mudofaa vazirligining Covid-19 ga chalingan bemorlari davolanadigan tibbiyot markazi qurilishi kabilarda.

Ivanov hibsga olinishidan ancha oldinroq o‘zining hashamatli hayot tarzi bilan tanilgandi, shuning uchun kuzatuvchilar unga qarshi jinoiy ish ochilishiga aynan korrupsiya sabab bo‘lganiga shubha qilishmayapti.

2022 yil dekabrda Aleksey Navalniyning safdoshlari vazir o‘rinbosari va uning sobiq rafiqasi Svetlananing mol-mulki va boyligi bo‘yicha surishtiruvini e’lon qilgandi (surishtiruv mualliflariga ko‘ra, Ivanovlar 2022 yil yozida ajrashgan). Jurnalistik surishtiruv Ivanovning sobiq turmush o‘rtog‘ining elektron pochtalari arxiviga asoslangan. Navalniyning jamoasi uning 8 mingga yaqin maktublarini o‘rganganini ma’lum qilgan, ular orasida qimmatbaho avtomobillar xaridi uchun hisob-fakturalar, ularning uylari uchun loyihalar, Yevropadagi yaxtalar va villalar uchun hujjatlar, antiqa buyumlar va qimmatbaho taqinchoqlar uchun  cheklar, minglab rossiyalik mulozimlar, jumladan Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham ishtirok etgan ziyofatlarda olingan minglab fotosuratlarni uchratishgan.

Surishtiruvdan ma’lum bo‘lishicha, Timur Ivanov va uning rafiqasining dabdabali hayot tarzi uchun to‘lovlar Rossiya mudofaa vazirligidan shartnomalar olgan kompaniyalar tomonidan to‘lab berilgan, ular qatoriga «Olimpcitictroy» kompaniyasi (ushbu kompaniya, xususan, mudofaa vazirligi uchun tibbiyot markazlari hamda okkupatsiya qilingan Mariupolda ko‘p qavatli uylar qurgan) ham kiradi.

Tergovchilar ma’lumotiga ko‘ra, mudofaa vazirligi pudratchilari bilan affilangan kompaniyalar Ivanov uchun Tver oblastida Volga daryosi sohilida koshona qurgan hamda Moskva markazida XIX asrga mansub qasrni ta’mirlagan, surishtiruv mualliflari aniqlashicha, bu kompaniyalar Ivanovning haydovchisi nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

2024 yil 25 aprelda, surishtiruv e’lon qilinganidan bir yarim yil o‘tib, unda tilga olingan odamlar va kompaniyalar Ivanovga qarshi jinoiy ishda ham paydo bo‘ldi.

Biroq, «Kommersant» gazetasi ma’lumotiga ko‘ra, Timur Ivanovga qarshi jinoiy ish «eng yuqorida — Rossiya prezidenti nazorat boshqarmasida» to‘plangan materiallarga asoslangan.

Ivanovning sherigi — Sergey Borodin

Sergey Borodin, mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanovga qarshi jinoiy ishda ikkinchi figurant
Foto: Moskva shahrining umumiy yurisdiksiya sudlari

Timur Ivanov bilan bir vaqtda hibsga olingan va pora olishda ayblanayotgan biznesmen Sergey Borodinni OAV vazir o‘rinbosarining do‘sti va ishonchli odami deb atagan.

Tergov versiyasiga ko‘ra, aynan Borodin «Mudofaa vazirligi ehtiyojlari uchun pudrat va subpudrat ishlarini olib borish»da «pora» olish jarayonini nazorat qilgan. Borodin aybiga iqror bo‘lgan-bo‘lmagani xabar qilinmagan.

Borodin Navalniyning safdoshlari va «Dose» markazining Timur Ivanovga bag‘ishlangan surishtiruvlarida tilga olingan. Jurnalistlar ma’lumotiga ko‘ra, Borodin «Voljskiy bereg» kompaniyasi rahbari hisoblanadi, bu kompaniya vazir o‘rinbosari uchun Tver oblastida koshona qurib bergan (kompaniyaning 99 foiz ulushi mudofaa vazirligi subpudratchisi «Oboronspetsstroy»ga, 1 foizi — Borodinga tegishli, deyishgan surishtiruvchilar).

«Voljskiy bereg» 19 gektar yer maydoniga ega bo‘lib, u yerda Timur Ivanov oilasining uyi ham joylashgan, deyilgan Navalniyning safdoshlari o‘tkazgan surishtiruvda.

RBK nashri qayd etishicha, Sergey Borodin ism-sharifli odam avval mudofaa vazirligi joylashtirish departamenti rahbari o‘rinbosari lavozimini egallagan. 2022 yil iyunda uni Moskva shahri va Moskva oblastidagi mudofaa va xavfsizlik yerlarini o‘g‘irlashda gumonlab qo‘lga olishgan, shundan keyin, «Kommersant» nashri yozishicha, Borodin aybiga iqror bo‘lgan va tergov bilan hamkorlikka rozi bo‘lgan, jumladan «ushbu jinoiy ishga bog‘liq bo‘lmagan boshqa jinoyatlar to‘g‘risida xabar bergan».

Pora berishda ayblanuvchi — Aleksandr Fomin, Mudofaa vazirligi pudratchisi hammuassisi

Aleksandr Fomin, mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanovga qarshi jinoiy ishda uchinchi figurant
Foto: Moskva shahrining umumiy yurisdiksiya sudlari

Timur Ivanov ishi bo‘yicha uchinchi ayblanuvchi — biznesmen Aleksandr Fomin, u pora berishda ayblangan (RF Jinoyat kodeksining 291-moddasi, 5-qism, bu modda bo‘yicha 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilish mumkin). Fomin —  mudofaa vazirligining yirik pudratchisi sanalgan «Olimpcitictroy» kompaniyasi hammuassisidir.

«Kommersant» gazetasi manbalari ma’lumotiga ko‘ra, tergovchilar hisoblashicha, Ivanov Fomindan «otkat olgan», ammo «naqd pulda emas, balki xizmatlar ko‘rinishida — unga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulklarda qurilish va restavratsiya ishlari bajarib berilgan».

«Dose» markazi 2023 yilgi surishtiruvda sobiq harbiy quruvchi Sergey Xrabrixdan shunday iqtibos keltiradi: «Endi Sasha [Fomin] — [Timur Ivanovning] „cho‘ntagi“ … Timurga nimadir kerak bo‘lib qolsa — Fominga sim qoqadi va deydi: Sasha, sotib ol».

Korrupsiyaga qarshi kurash fond surishtiruvida «Olimpcitictroy»ning ikki xodimiga, ulardan biri — Fomin, «Oboronspetsstroy» kompaniyasi tegishli ekani, u o‘z navbatida, «Voljskiy bereg»ga ham egalik qilishi aytilgan — bu Tver oblastidagi Timur Ivanov uchun ham uy qurilgan yer uchastkasining egasi bo‘lgan kompaniyadir.

«Olimpsitistroy» 2006 yilda ro‘yxatga olingan. Kompaniya mudofaa vazirligi uchun bir necha yirik obektlarni, jumladan Omskda kadetlar harbiy korpusi binosini, Tverda Suvorov harbiy maktabini, Murmanskda Naximov harbiy-dengiz maktabini hamda Sankt-Peterburgda kovid gospitalini qurgan. Rossiya qo‘shini tomonidan egallanishi jarayonida vayron bo‘lgan Mariupolda esa «Olimpcitictroy» «Voyenno-stroitelnaya kompaniya» subpudratchisi sifatida «deyarli barchasini qurgan», deb yozadi «Dose».

«Okkupatsiya qilingan hududlardagi qurilishlar — juda katta daromad keltiradigan ish», — deya qayd etadi nashr.

Rossiya mudofaa vazirligining «Voyenno-stroitelnaya kompaniya» saytida «Olimpcitictroy» rahbariyatiga berilgan davlat mukofotlari to‘g‘risida xabarlar chiqqan, ammo, «Agenstvo» nashri e’tibor qaratishicha, Fomin hibsga olingani to‘g‘risidagi xabarlardan keyin ularni o‘chira boshlashgan.

«SPARK-Interfaks» ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yilda  «Olimpcitictroy»ning daromadi 65,389 mlrd rublni tashkil etgan, sof foydasi esa — 10,877 mlrd rublni, bu bir yil oldingiga qaraganda to‘rt barobar ko‘proq.

Mavzuga oid