Jahon | 14:30 / 24.04.2024
9536
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanov tergov izolyatoriga jo‘natildi

Ivanovga rasmiy ravishda Mudofaa vazirligi ehtiyojlari uchun pudrat va subpudrat ishlarini bajarish bo‘yicha juda katta miqdorda pora olganlik ayblovi qo‘yildi.

Foto: Moskva shahrining umumiy yurisdiksiya sudlari

Moskvaning Basmanniy tuman sudi 24 aprel, chorshanba kuni Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanovni ikki oy muddatga, 23 iyunga qadar tergov izolyatoriga jo‘natdi. Shu tariqa, sud tergov talabini qanoatlantirdi. Ivanovga nisbatan katta miqdorda pora olganlik ayblovi qo‘yilgan (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 290-moddasi 6-qismi, 15 yilgacha qamoq jazosi). «Tergovning fikricha, Ivanov uchinchi shaxslar bilan jinoiy til biriktirib, uyushgan guruh tomonidan shartnomalar tuzish va subpudrat jarayonida mulkiy xususiyatga ega xizmatlar ko‘rsatish shaklida o‘ta yirik miqyosda jinoyat sodir etishni maqsad qilgan», deyiladi sudlarning qo‘shma matbuot xizmati xabarida.

Vazir o‘rinbosari bilan birga uning sherigi deb taxmin qilingan Sergey Borodin ham hibsga olingan. U ham ikki oy muddatga tergov izolyatoriga jo‘natilgan.

Ivanov o‘z aybini tan olmadi, deb yozadi TASS axborot agentligi huquq-tartibot idoralaridagi manbalariga tayanib.

Mash Telegram-kanali xabariga ko‘ra, sud zarar miqdorini aytmagan va bu hali tergov tomonidan aniqlanayotganini ta’kidlagan.

Ivanov 23 aprel kuni kechqurun qo‘lga olindi. TASS xabariga ko‘ra, mudofaa vaziri o‘rinbosari uzoq vaqtdan beri operativ kuzatuvda bo‘lgan. «Izvestiya» gazetasining yozishicha, Ivanov bilan birga yana bir necha kishi ushlangan. 

Navalniy jamoasining Timur Ivanov va uning rafiqasiga oid surishtiruvi

2022 yil dekabr oyida Aleksey Navalniyning tarafdorlari Timur Ivanov va uning rafiqasi Svetlana Zaxarova haqida katta surishtiruvni e’lon qildi. Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, 2010-2018 yillarda er-xotin har yozda Lojuvard sohilida villalarni ijaraga olgan va Sen-Tropeda uy-joy ijarasi uchun kamida 850 ming yevro sarflagan. Ivanov Mudofaa vazirligining qurilish kompaniyalari pudratchilaridan pul olgan, 2022 yil iyun oyida u Yevropa Ittifoqining sanksiyalari ostida qolmaslik uchun xotini bilan ajrashdi, ayol Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi urushi to‘liq miqyosda boshlanganidan keyin ham sayohatlarini davom ettirgan, deyiladi surishtiruvda. 

Mavzuga oid