Jahon | 08:16 / 26.04.2024
3294
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina agrar siyosat vaziri iste’foga chiqdi

Ukraina milliy aksilkorrupsiya byurosi Nikolay Solskiyni davlat yerlarini noqonuniy egallab olganlikda gumon qilmoqda.

Foto: Pacific Press/picture alliance

Ukraina agrar siyosat vaziri Nikolay Solskiy iste’foga chiqdi. Bu haqda 25 aprel, payshanba kuni Oliy rada spikeri Ruslan Stefanchuk ma’lum qildi. «Ukraina Oliy radasi Nikolay Solskiydan vazirlik lavozimidan iste’foga chiqqani haqida ariza oldi», — deb yozdi u Facebook’da. Stefanchukning aniqlik kiritishicha, deputatlar arizani keyingi yalpi majlislardan birida ko‘rib chiqadi

23 aprel kuni Ukraina Korrupsiyaga qarshi milliy byurosi (UKQB) amaldagi vazir boshchiligidagi korrupsiya sxemasi ishtirokchilariga qarshi ayblovlar qo‘ydi, amaldor umumiy maydoni 2493 gektar bo‘lgan davlat yerlarini egallab olgan. Ukrainaning Strana.ua nashriga ko‘ra, Solskiy Ukraina prezidenti devoni sobiq rahbari Andrey Bogdanning biznes sherigi bo‘lgan. Bir kun avval «Glavkom» nashri Ukraina agrar siyosat va oziq-ovqat vaziri o‘rinbosari Markiyan Dmitrasevich mamlakatni tark etgani haqida xabar bergan edi. 

UKQB Solskiyni davlat yerlarini noqonuniy egallab olganlikda gumon qilmoqda. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yilda o‘sha paytda bir nechta qishloq xo‘jaligi shirkatlariga ega bo‘lgan amaldagi vazir Sumi viloyatidagi ikkita davlat korxonasi foydalanayotgan yerlarni o‘zlashtirib olish maqsadida Ukraina Davlat geokadastr rahbari bilan til biriktirgan. Avvaliga, ular davlat korxonalari yerdan doimiy foydalanish huquqiga ega bo‘lgan hujjatlarni yo‘q qildi. Keyin yerlar aksilterrorchilik operatsiyasi ishtirokchilariga xususiy mulkka o‘tkazildi, ular o‘z navbatida uni Solskiy kompaniyalariga ijaraga berishdi. Natijada, idora boshlig‘i Sumi viloyatida 291 million grivnalik davlat yerlarini noqonuniy ravishda egallab olgan va yana 190 million grivnalik yerni egallab olishga uringan.

Mavzuga oid