O‘zbekiston | 21:37 / 29.04.2024
7956
7 daqiqa o‘qiladi

29 aprelning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqealar va hodisalar

Ishga qaytgan prezident, sudyalar kengashining OAV va blogerlarga murojaati, Toshkentga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnov ochayotgan Qatar Airways, Nurobodda bir yilga yetmay buzilgan yo‘l — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishing.

Uy pulini o‘zlashtirganlar qidiruvga berildi

Yangi qurilayotgan xonadonlar uchun to‘langan pullarni o‘zlashtirganlikda gumonlanayotgan ikki shaxs qidiruvga berildi. Uylar ruxsatnomalarsiz qurilgan. Qurilish kompaniyasi rahbari ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

Ma’lum bo‘lishicha, 47 yoshli shaxs Max-House-Group MChJni tashkil qilib, o‘zining 42 va 35 yoshli sheriklari bilan birga bir nechta fuqarolarga nisbatan firibgarlik sodir etgan.

Jumladan, MChJ nomidan Uchtepa va Chilonzor tumanlarida qurilayotgan ko‘p qavatli uylardagi xonadonlarni sotishini ma’lum qilib, fuqarolardan xonadonlar uchun to‘lovlarni qabul qilib olgan. Ammo ushbu ko‘p qavatli uylar qurilishi uchun hech bir mutasaddi tashkilotlardan ruxsat olinmagan va uy qurishga kerakli biron-bir hujjatlarga ega bo‘lmagan. Ular kadastr hujjatlari yo‘q bo‘lgan xonadonlarni fuqarolarga sotishini bildirib, aldov yo‘li bilan juda ko‘p miqdordagi pullarni o‘zlashtirib olgan.

Kun raqami

360,6 ming tonna — O‘zbekistonda 2024 yilning yanvar-mart oylarida shuncha miqdorda avtomobil benzini ishlab chiqarilgani Statistika agentligi tomonidan ma’lum qilindi.

Sudyalar oliy kengashining murojaati

O‘zbekiston Sudyalar oliy kengashi xonanda Sherali Jo‘rayevning otalik faktini belgilashga oid da’vosi bo‘yicha davom etayotgan fuqarolik nizosida tomonlarni turli xil bayonotlar berishdan tiyilishga chaqirdi. Kengash, shuningdek, OAVni sud ishiga doir axborot tarqatishda mas’uliyatli bo‘lishga da’vat qildi.

Oilaviy nizo sudlashish darajasiga yetib, protsessual jarayonlar davom etayotgan bir paytda taraflar (yoki ularning vakillari) tomonidan ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

“Tarmoqlardagi muhokamalarda hali yakuniga yetmagan ish bo‘yicha turli bashoratlarga berilishlar, suddan avval “qaror chiqarib qo‘yish” holatlari mavjud, eng yomoni, nizo sudda xolis va beg‘araz ko‘rilishiga asossiz shubhalar ham bildirilmoqda. Bularning hammasi sudga nisbatan ijtimoiy bosim paydo qilayotganiga ta’kid shart emas.

Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati mavjud vaziyatdan kelib chiqib, ish bo‘yicha taraflarni turli shakl va ko‘rinishda bayonot berishdan tiyilishga, jurnalist va blogerlarni esa shaxsga oid ma’lumotlar hamda sud ishiga doir axborotlarni tarqatishdek nozik va hassos masalaga mas’uliyat bilan yondashishga chaqiradi”, – deyiladi bayonotda.

Kun fakti

2024 yilning birinchi choragida O‘zbekistondan eksport qilingan meva-sabzavot mahsulotlari bo‘yicha piyoz yetakchilik qilmoqda – 103 ming tonna.

Keyingi o‘rinlarni 94 ming tonna ko‘rsatkich bilan karam va 36,7 ming tonna bilan sabzi egallagan.

Dohaga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnov

Qatar Airways aviakompaniyasi Doha–Toshkent yo‘nalishida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yadi. Dastlabki reys 2 iyun kuni amalga oshirilishi belgilangan.

Bu borada O‘zbekistonning Qatardagi elchisi Ashraf Xo‘jayev Qatar Airways kompaniyasi bosh ijrochi direktori Badr Muhammad Al-Miyr bilan uchrashuv o‘tkazdi.

“Dunyo” agentligi xabariga ko‘ra, muloqot chog‘ida davlatlararo to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish, kargo tashuvlarini amalga oshirish, zamonaviy aviaxizmatlar sohasida tajriba almashish kabi masalalar muhokama qilindi.

Badr Muhammad Al-Miyrga ko‘ra, dastlab haftasiga 4 marta, keyinchalik esa kunlik ravishda havo qatnovlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Forumga tayyorgarlik

Qisqa muddatli mehnat ta’tilidan qaytgan Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlik bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Bu yil bo‘lib o‘tadigan III Toshkent xalqaro investitsiya forumida 84 ta davlatdan qariyb 2,5 ming kishi qatnashishi kutilmoqda. Ular orasida hukumat vakillari, yirik kompaniyalar rahbarlari, BMT, YeTTB, OPeK, ShHT kabi xalqaro tashkilotlardan yuqori martabali mehmonlar bor.

Forumga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Vazirlar Mahkamasining farmoyishi qabul qilindi. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan tegishli vazirliklar bilan hamkorlikda barcha tashkiliy chora-tadbirlar ko‘rildi.

Bu galgi majlisda mamlakatda investitsiya muhitini yaxshilash va istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga doir dolzarb masalalar ko‘rib chiqiladi.

Bir yilga yetmagan shodlik

Nurobodda 40 yil kutilib ta’mirlangan asfalt bir yilga bardosh berdi xolos. Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov o‘sha hududga borgach, qirq yil davomida ta’mirlanmagan yo‘lga asfalt to‘shalgan, atigi bir yil avval olis to‘rt mahalla ahli bayram qilgandi.

Nurobodning olis Hazarmali, Uyshin, Olg‘a, Mehr, O‘rtabuz qishloqlarini bog‘lab turuvchi 30 kilometrdan oshiqroq yo‘l ta’mirlangan edi, ammo ularning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi: ish sifatsiz qilingani sabab unga sarflangan 33 mlrd so‘m mablag‘ havoga uchdi.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu yo‘l asosan lalmi va past qirliklardan iborat. Yo‘l qurilishida ikki yondagi tuproq o‘rtaga ko‘tarilib, asfalt yotqizilgandi. Yomg‘ir yog‘sa har tarafdan suv kelib, soyliklarga quyiladi. Sel yo‘li inobatga olinmagan, qolaversa, quvur va ko‘priklar sifatsiz yotqizilgan.

Hududda yashovchi 16 mingdan ortiq aholi yana avvalgi qiyinchiliklarni boshdan kechiryapti. Tuman markaziga qatnaydigan asosiy yo‘lning bir nechta joyini sel olib ketganligi sababli jiddiy noqulayliklar yuzaga kelmoqda.

Mavzuga oid