Jahon | 09:38 / 29.04.2024
2436
4 daqiqa o‘qiladi

Burkina-Faso xorijiy OAV faoliyatini to‘xtatib qo‘ydi

Hukmron harbiy xunta Deutsche Welle’ni noma’lum muddatga taqiqladi. Bundan tashqari, Fransiyaning Le Mond gazetasi, TV5 Monde telekompaniyasi va Britaniyaning The Guardian nashri mamlakatda bloklangan.

Foto: AP/picture alliance

G‘arbiy Afrikaning Burkina-Faso davlati bir nechta xorijiy nashrlarning mamlakatdagi faoliyatini to‘xtatdi, deyiladi mahalliy aloqa regulyatori CSC dushanba kuni kechqurun e’lon qilgan bayonotda. Hukmron harbiy xunta tomonidan mamlakatda faoliyati to‘xtatilganlar orasida Fransiyaning Le Monde gazetasi, Britaniyaning The Guardian nashri, Germaniyaning Deutsche Welle media-kompaniyasi va Fransiyaning TV5 Monde telekompaniyasi bor. 

Qarorda ta’kidlanganidek, bu ommaviy axborot vositalarining faoliyati Burkina-Fasoda Human Righs Watch (HRW)ning mamlakat armiyasini isyonchilarga qarshi kurashda tinch aholini qirg‘in qilishda ayblagan hisobotini yoritgani uchun to‘xtatildi. Xuddi shu sababga ko‘ra, bir kun oldin translatsiyani taqiqlash boshqa ommaviy axborot vositalariga ta’sir ko‘rsatdi: fransuz tilidagi mintaqaviy Ouest-France gazetasi, APAnews yangiliklar portali va Agence Ecofin axborot agentligi. 

Afrika davlati rasmiylari, shuningdek, internet-provayderlarga BBC, «Amerika ovozi» (VOA) va Human Righs Watch kanallariga kirishni ikki hafta muddatga to‘xtatishni buyurdi. 

Rasmiylar HRW hisobotidan norozi 

Burkina-Faso harbiy rahbarlari HRW’ning askarlar 25 fevraldagi ikkita hujumda kamida 223 nafar qishloq aholisi, jumladan 56 bolani o‘ldirgani haqidagi da’volarini «asossiz» deya ta’rifladi. «Nodine va Sorodagi qotilliklar (mamlakatning shimoliy qismida Mali isyonchilari harakat qiladigan joylar nomi) huquqiy surishtiruv boshlanishiga olib keldi», dedi shanba kuni aloqa vaziri Rimtalba Jan Emmanuel Uedraogo.

U «faktlarni va mualliflarni aniqlash uchun surishtiruv olib borilayotgan bir paytda, HRW «aybdorlar»ni aniqlab, o‘z hukmini chiqara olgani»dan hayratda qolgan.

HRW o‘z hisobotida qish oxirida sodir bo‘lgan qirg‘inlarni «2015 yildan beri Burkina-Fasodagi eng dahshatli urush jinoyatlari» deb atagan va ularni «qurolli guruhlar bilan hamkorlikda ayblangan tinch aholiga qarshi keng ko‘lamli harbiy kampaniyaning bir qismi» deb ta’riflagan. G‘arbiy Afrika davlati rasmiylari bu bayonotda «jangovar kuchlarni obro‘sizlantirish» niyatini ko‘rdi. 

OAV efirlarini taqiqlash davom etdi 

Yaqin o‘tmishda Burkina-Faso allaqachon bir qator fransuz ommaviy axborot vositalarini ta’qib qilgan va chet ellik muxbirlarni chiqarib yuborgan. 2022 yil sentabridagi harbiy to‘ntarishdan buyon G‘arbiy Afrika mamlakati sobiq armiya kapitani Ibrohim Traore boshchiligidagi harbiy xunta tomonidan boshqariladi. 

Isyonchilar 2015 yilda qo‘shni Malidan Burkina-Fasoga bostirib kirib, minglab tinch aholi, askarlar va politsiyani o‘ldirgan hamda ikki millionga yaqin odamni uyini tashlab ketishga majbur qilgan. O‘lganlar soni ortib borayotganidan harbiylarning g‘azabi 2022 yilda davlat to‘ntarishiga va mamlakatda harbiy diktatura o‘rnatilishiga olib keldi. 

Mavzuga oid