O‘zbekiston | 22:07 / 07.05.2024
6679
6 daqiqa o‘qiladi

7 mayning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqealar va hodisalar

Oliy ta’limda qabul va o‘qish jarayonidagi o‘zgarishlar, eski holga qaytgan avtomobilni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish to‘lovi, urush faxriylariga mukofot, Bangladeshga aviaqatnovlar - o‘tgan sutka davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishing. 

 

Oliy ta’limda o‘zgarishlar bo‘ladi

Endi davlat granti avvalgidek bir talabaga 4 yil uchun taqdim etilmaydi, balki har yili yuqori baholarga erishgan talabalar orasida qayta taqsimlanadi.

Taqdimoti prezident huzurida o‘tkazilgan yangi tartibga ko‘ra, muayyan bir yo‘nalish uchun ajratilgan davlat granti doirasida yuqori ball to‘plagan abituriyent tanlagan oliy ta’lim muassasasidan qat’i nazar, davlat grantiga tavsiya etiladi. Ya’ni yuqori ball olgan yoshlar o‘qishga kirmay qolmaydi.

Bugungi kunda bakalavriatda mavjud 306 ta yo‘nalish va  magistraturadagi 625 ta mutaxassislikning ayrimlari xalqaro standartlar va zamonaviy mehnat bozori talablariga mos emas. Bu bitiruvchilarda to‘liq malaka shakllanishi va ularning ishga joylashishida muayyan qiyinchiliklar tug‘dirmoqda.

Shu bois ta’limning xalqaro tasnifi, ilg‘or xorijiy tajriba asosida bakalavriat va magistratura yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqish hamda ayni paytda talab yuqori bo‘lgan sohalarda yangi yo‘nalishlar ochish bo‘yicha takliflar bildirildi.

1 sentabrga qadar o‘quv jarayonlarini to‘liq qayta ko‘rib chiqib, yangi tizimni joriy etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Davlatimiz rahbari bu tizimni adolatli yo‘lga qo‘yish, yoshlarga va ota-onalarga yetkazish zarurligini ta’kidladi. 

Mashinaga yangi texpasport olish yig‘imi eski holatga qaytdi

Avtohavaskorlarni xursand qiluvchi yana bir yangilik: avtotransport vositalarini qayta ro‘yxatdan o‘tkazish yig‘imi oldingi miqdori — 34 ming so‘mga qaytarildi.

O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning 3 maydagi buyrug‘i bilan avtomototransport vositalari va ularning tirkamalari, elektromobillar va mototransport vositalarini qayta ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun oshirilgan to‘lovlar avvalgi miqdorigacha kamaytirilishi belgilandi.

Bu faqat davlat avtoraqamini almashtirish, gaz yoqilg‘isi uskunalarini o‘rnatish kabi turli sabablarga ko‘ra o‘z nomida bo‘lgan transport vositalarini qayta ro‘yxatga olish, ya’ni yangi texpasport olish bilan bog‘liq holat.

Biroq 1 apreldan kuchga kirgan, avtosalondan yoki ikkilamchi bozordan oldi-sotdi shartnomasi asosida xarid qilingan avtotransport vositasini ro‘yxatga olish to‘lovi ichki yonuv dvigatelli avtomobillar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 6,84 barobari — 2 mln 325 ming 600 so‘m, elektromobillar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 barobari — 510 ming so‘m o‘zgarmadi. 

Farg‘onada chegara masalalari bo‘yicha muhim uchrashuv

Farg‘ona shahrida O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov, Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev va Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Soymo‘min Yatimov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralar chog‘ida tomonlar mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga oid barcha muammolar to‘plamini atroflicha muhokama qildi.

Tomonlar qirg‘iz-tojik chegaralarini delimitatsiya qilish va o‘zbek-qirg‘iz davlat chegaralarini demarkatsiya qilish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi va tomonlarning o‘zaro manfaatlarini hisobga olgan holda ushbu masalalarni hal etish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni belgilab oldi.

Muzokaralar yakunida Qirg‘iziston-Tojikiston hukumatlararo komissiyasi a’zolariga chegaraning qolgan uchastkalarini muvofiqlashtirish, shuningdek, tegishli ikki tomonlama shartnomani tayyorlash va imzolash bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi. 

Veteranlarga mukofot

9 may — Xotira va qadrlash kuni arafasida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga 20 mln so‘mdan bir martalik mukofot puli beriladi. Bu borada prezident farmoni e’lon qilindi.

Farmonni bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan sarf-xarajatlar O‘zbekiston respublika budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi va faxriylarga tantanali ravishda topshiriladi. 

Markaziy bankdan iqtisodiy kutilmalar

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki iqtisodiy o‘sish prognozini 5,2–5,7 foizgacha pasaytirdi.

Markaziy bank tahlillariga ko‘ra, joriy yilda pul o‘tkazmalari miqdori 12–12,5 mlrd dollar atrofida shakllanishi mumkin. Joriy yilning I choragida transchegaraviy pul o‘tkazmalari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,6 foizga oshib, 2,5 mlrd dollarga yetgan.

Regulyator aholi uchun energiya resurslari narxi oshirilishining umumiy inflatsiyaga birlamchi ta’sirini 2,4 foiz bandga baholadi va yillik inflatsiya 9–11 foiz atrofida bo‘lishini prognoz qilmoqda.

Davlat budjeti taqchilligi I chorakda 19,8 trln so‘mni yoki YaIMga nisbatan 8,2 foizni tashkil etgan. Mazkur yuqori taqchillik iqtisodiyotning moliyaviy holatiga potensial bosimni shakllantirib, davlat xarajatlari va daromadlari o‘rtasidagi sezilarli nomutanosiblikni aks ettiradi. 

Bangladeshga aviaqatnovlar

Bangladesh O‘zbekiston bilan yana to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni tiklamoqchi.

Bangladesh O‘zbekiston bilan yo‘lovchi tashish bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yana yo‘lga qo‘ymoqchi. Bu haqda Bangladesh vazirlar mahkamasining kotibi Mahbub Hussayn Kotibiyatda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilgan.

Avval bu ikki mamlakat o‘rtasida 1993 yildan 2005 yilgacha aviaqatnovlar amalga oshirilgan. Aviaqatnovlarning tiklanishi madaniyati va tarixi boy ikki davlat o‘rtasida turizmning rivojlanishiga yangi turtki beriladi, degan kotib. 

Mavzuga oid