Jahon | 14:07 / 12.05.2024
25372
12 daqiqa o‘qiladi

Tabiatdan yengilayotgan odamzot – Avstraliyani egallagan yovvoyi quyonlar

Bir paytlar Avstraliyada quyonlar bo‘lmagan va ular yevropaliklar tomonidan olib borilgan. Qulay tabiiy sharoitda quyonlar juda tez ko‘payadi va fermerlarga zarar yetkaza boshlaydi. Shuningdek, ular boshqa jonzotlarning populyatsiyasiga salbiy ta’sir qiladi. Hozir Avstraliyada 10 mlrd bosh quyon borligi aytiladi va ular barchaga zarar yetkazishda davom etmoqda. Quyonlarning sonini kamaytirish choralari esa ish bermayapti.

Foto: alamy.com

Bugun tabiat va inson o‘rtasida ayovsiz kurash ketmoqda. Inson turli texnikalar bilan qurollangani uchun tabiat yengilmoqda. Biroq istisnolar ham bor va ba’zi hollarda insonning kuchi tabiatga yetmayapti.

Qolaversa insonning tabiatga ayovsiz munosabatda bo‘lishi yoki jonzotlar populyatsiyasiga noo‘rin aralashishi oxir-oqibat odamzodning o‘ziga zarar keltiradi.

Avvalroq tabiat himoyachilaridan biri, ijtimoiy tarmoqlarda O‘rikguli nomi bilan tanilgan ekobloger Mo‘tabar Xushvaqtova o‘z intervyularidan birida shunday degandi:

«Aslida tabiatga himoyachi kerak emas. O‘zini o‘zi davolab, qayta tiklana oladi. Masalan, Orol quridi va uning o‘rni ochilib qoldi. O‘sha joyda tabiat o‘lgani yo‘q, aksincha qayta tiklanyapti. Turli jonzotlar yashayapti, cho‘llarga moslashgan o‘simliklar va butalar gurkirab o‘syapti. Orol quriganidan tabiat emas, faqat odamzot zarar ko‘ryapti. Havo ifloslanayapti, ichimlik suv masalasida muammo kelib chiqyapti. Demak, atrof-muhitga bepisand munosabatda bo‘lish bilan odamzot tabiatga emas, o‘ziga zarar keltiryapti».

Tabiat va atrof-muhit tozaligi uchun kurashayotgan ekoblogerning gaplarida jon bor. Inson tabiatga zarar yetkazib faqat va faqat o‘ziga ziyon yetkazayotgani haqida ko‘plab misollar bor.

Uzoqqa bormaylik, 1950-yillar oxiri va 1960-yillar boshida Xitoyda chumchuqlar ommaviy yo‘q qilinishi oqibatida ocharchilik yuz bergan va millionlab xitoyliklar o‘lib ketgan.

Bunday hodisalarga Avstraliyada bo‘lgan bir ishni misol qilsa ham bo‘ladi. Bu qit’ada tabiat qonunlariga aralashish keyinchalik u yerda yashayotgan odamlar va hayvonot dunyosi uchun juda jiddiy muammolarni keltirib chiqardi.

Bugun avstraliyaliklar o‘sha muammolarni bartaraf etish uchun yana tabiatga qarshi kurash olib borishyapti. Biroq kuchi yetmayapti.

Avstraliyani yengayotgan quyonlar

Avstraliyaga yevropaliklar ilk marta borishganda u yerdagi xaltali jonzotlarni ko‘rib hayron qolishgan. U yerda kenguru, xaltali krot, hatto xaltali bo‘rilar bo‘lgan. Biroq o‘sha paytda dunyoning barcha hududlarida tarqalgan quyonlar bu qit’ada bo‘lmagan.

Ma’lumki, quyon juda tez ko‘payadigan jonzot hisoblanadi. 17-18-asrlarda dunyo bo‘ylab yurgan turli kemalarda qafaslarda quyon olib yurishgan. Ular kema oshxonasidan chiqadigan po‘choqlar va boshqa ozuqalar bilan boqilgan. Ko‘paygan quyonlarni so‘yib go‘shtidan ovqat tayyorlashgan.

Yevropaliklarning qadami tekkuncha Avstraliyada quyonlar bo‘lmagan va ular ilk bor 1788 yilda matroslar bilan borib qolgan. Bir necha o‘n yil davomida quyonlar faqat qafasda saqlangan va ular ko‘paymagan.

Biroq 19-asrning ikkinchi yarmidan boshlab vaziyat o‘zgaradi va quyonlar ochiqqa chiqib ketadi. So‘ng qulay tabiiy sharoitda ular juda tez ko‘paya boshlaydi.

Avstraliyada quyonlarning ochiqqa chiqib ketishiga angliyalik Tomas Ostin sabab bo‘lgan. Bu shaxs Angliyada bo‘lgan paytlarida ov bilan shug‘ullanib turardi.

Foto: alamy.com

U Avstraliyaga ko‘chib kelganidan so‘ng Viktoriya shtatidagi Barvon-park deb nomlanuvchi joyda ferma tashkil etadi. Bu yerda ovlash uchun turli jonzotlar yo‘q edi. Shu sababli Tomas jiyani Uilyam Ostinga Angliyadan yovvoyi quyonlar, kakliklar, chumchuqlar yuborishni so‘raydi.

Ostin bu jonzotlarni Avstraliyada ham ko‘paytirishni maqsad qilgandi. 1859 yilda Tomasga Angliyadan 24 bosh yovvoyi quyon jo‘natishadi. U quyonlarni qo‘rg‘oni atrofiga qo‘yib yuboradi.

O‘shanda u «Bir necha bosh quyon qo‘yib yuborilsa, yovvoyi tabiatga aytarli zarar yetkazmaydi. Aksincha ovlansa go‘sht ko‘payadi», deydi. Afsuski Tomas quyonlar juda tez ko‘payishini hisobga olmagandi...

Avstraliya tabiati yovvoyi quyonlarning ko‘payishi uchun juda qulay joy edi. Shu sababli ochiq tabiatga qo‘yib yuborilgan quyonlar Tomas ovlab tugatmasidan tez ko‘paya boshlaydi.

Oradan uch yil o‘tgach, 1862 yilga kelib ularning soni bir necha mingdan oshadi va quyonlar boshqa hududlarga ham tarqab ketadi. Oradan o‘n yil o‘tganda ularning soni 2 milliondan oshgandi.

20-asr boshlarida Avstraliyadagi quyonlar Ispaniya hududidan 13 marta katta bo‘lgan hududga tarqab ketadi va ularning soni bir necha o‘n millionga yetadi. Quyonlar Avstraliya atrofidagi Tasmaniya va Yangi Zelandiya oroligacha yetib boradi.

Keyinchalik olimlar Avstraliya va uning atrofidagi orollarda yashayotgan quyonlarni tekshirib ko‘rishadi va ular Tomasga yuborilgan quyonlarning avlodlari ekani oydinlashadi.

Olimlar Avstraliyaning turli hududlaridan 62 bosh, Tasmaniyadan 2, Yangi Zelandiyadan 5, Fransiya va Britaniyadan 55 bosh quyonlarni bir joyga yig‘ib, ularni tekshirib ko‘radi.

Tekshiruvlarda Avstraliya, Tasmaniya va Yangi Zelandiyada yashovchi quyonlar genetik jihatdan Britaniyada yashovchi yovvoyi quyonlarga juda yaqinligi ma’lum bo‘ladi.

Shundan so‘ng olimlar Avstraliya va uning atrofidagi orollarda tarqalgan barcha quyonlar 1859 yilda Barvon-parkdan, Ostinning fermasidan tarqalgan quyonlarning avlodi ekanini aytib chiqdi.

Olimlarga bir holat jumboq bo‘lib qolmoqda. Nega Tomas Ostingacha Avstraliyaga olib borilgan quyonlar ko‘paymagan? Ular bu savolga hozirgacha aniq javob topa olishmagan. Biroq taxminlar bor.

Ularga ko‘ra, Tomas Ostingacha Avstraliyaga olib kelingan quyonlar xonaki bo‘lgan va ular begona muhitga moslasha olmagan. Ostinga kelgan quyonlar yovvoyi bo‘lgan va ular tabiatga tez moslashgan.

Foto: alamy.com

Avstraliya uchun jiddiy muammo

Avstraliyada yovvoyi quyonlar ko‘payar ekan, ular nafaqat fermerlarga, balki ekin maydonlariga, boshqa jonzotlar oziqlanadigan tabiatga juda katta zarar yetkaza boshlaydi.

Ular fermerlarning ekinlari bilan birga, turli daraxt va butalarning ildizlariga zarar yetkazib, ularni quritadi. Oqibatda, daraxtlarda yashovchi jonzotlarning soni kamaya boshlaydi. Keyinchalik ayrimlari butunlay yo‘q bo‘lib ketadi.

Shundan so‘ng Avstraliyada yovvoyi quyonlarni yo‘q qilish bo‘yicha ishlar boshlanadi. 1887 yilda fransiyalik Lui Paster ularni tovuq vabosi batsillasi (Pasteurella multocida) bilan yo‘q qilishni taklif etadi.

1901 yilda Brinatiya qirollik komissiyasi (U paytlarda Avstraliya Britaniya mulki hisoblangan) vaziyat yuzasidan surishtiruv olib boradi va vaziyatning jiddiyligini anglaydi.

Shundan so‘ng yovvoyi quyonlarni turli yo‘llar bilan yo‘q qilish tavsiyalari beriladi. Shundan so‘ng yovvoyi quyonlarni otish boshlanadi. Biroq bu chora ham ularning sonini kamaytirmaydi.

Foto: alamy.com

Quyonlar uchun to‘siq

1907 yilda Avstraliyadagi fermerlarga tegishli ekin yerlarini quyonlardan himoya qilish uchun simto‘rdan maxsus to‘siq o‘rnatila boshlanadi.

To‘siqning 15 santimetri yer ostiga ko‘miladi, qolgan qismi yer ustida qoladi. Avvaliga uning yerdan balandligini 51 santimetr qilib qurishadi. Keyinroq esa undan dingo itlari va tulkilar ham oshib o‘ta olmasligi uchun simto‘rning balandligi 91 santimetrga yetkaziladi.

Bir necha o‘n yilda umumiy hisobda uchta liniyada jami 3 256 km simto‘r tortiladi. Biroq katta mablag‘ sarflanganiga qaramasdan to‘siqning nafi tegmaydi. Quyonlar simto‘rning ostini kovlab o‘tib ketaverishadi.

Foto: alamy.com

Shundan so‘ng fermerlarning o‘zi ekinlarini quyonlardan himoya qilish uchun to‘siq bo‘ylab qorovullik qila boshlaydi. Bunda ularning ayrimlari tuya, boshqalari ot qo‘shilgan aravalardan foydalanadi.

Biroq millionlab quyonlarni nazorat qilishning iloji yo‘q edi va ular bir joydagi yeguliklarni tugatsa, ikkinchi hududga o‘tib ketaveradi.

Avstraliyada hozir ham bundan yuz yildan oshiq vaqt avval qurilgan to‘siqlarning bir qismi saqlanib qolgan. Ayrim joylarda fermerlar endi yo‘ltanlamas mashinalardan foydalanib qo‘riqchilik qilmoqda.

Quyonlardan himoyalanish uchun to‘siq o‘rnatish voqealari haqida 2002 yilda «Quyonlarga qarshi to‘siq» nomli film suratga olingan. Film hayotiy voqealar asosida ishlangan bo‘lib, undagi hodisalar 1931 yilda sodir bo‘ladi.

Filmda zo‘ravonlik va tayziqqa uchragan uch nafar mahalliy aholi vakili bo‘lgan qizaloqlar maxsus saqlash joyidan qochadi. So‘ng onalarini qidirib 2 400 km masofani aynan quyonlar uchun qurilgan to‘siq bo‘ylab yurib o‘tadi.

Janubiy Amerikadan kelgan virus va quyonlarning kamayishi

O‘tgan asrning 40-yillariga kelib Avstraliyada yovvoyi quyonlar soni ko‘payishi sekinlashadi. Bunga ular orasida turli viruslar tarqalishi sabab bo‘ladi. Ana shu viruslar tufayli quyonlar ko‘payganidan ko‘ra ko‘proq nobud bo‘ladi.

Quyonlar populyatsiyasini o‘rgangan tadqiqotchi Frenk Fenner 1950 yilda ularning yoppasiga qirilishiga Janubiy Amerikadan kelgan Miksomatoz virusi sabab bo‘lganini aniqlaydi.

Bu virus ilk marta Braziliyada aynan quyonlarga o‘xshab hayot kechiradigan kemiruvchi jonzotlar orasida aniqlangan va keyinchalik Yer yuzining boshqa hududlariga tarqalgandi.

Virus tarqalgach, quyonlar yoppasiga qirila boshlaydi. Shunda ularning soni 600 mlndan 100 mlngacha kamayib ketadi. Biroq keyinchalik, quyonlar virusga moslashib borishadi va 1990-yillarga kelib ular 200-300 mln donagacha ko‘payadi.

O‘tgan 150 yildan oshiq muddatda avstraliyaliklar yovvoyi quyonlar bilan turli usullar qo‘llab kurashib ko‘radi. Ularga zahar berishadi, otishadi, ovlashadi, biroq quyonlar soni kamayish o‘rniga yashin tezligida ko‘payib kelyapti.

Yovvoyi quyonlarning ko‘payib ketishi atrof-muhitga xavfli, fermerlar uchun zarar bo‘lish bilan birga, boshqa turli jonzotlar uchun halokat edi. Chunki quyonlar ular oziqlanadigan hududlarni oxirigacha payhon qilishar, oqibatda jonzotlar yegulik topa olmay qirila boshlagandi. Shundan so‘ng mamlakat hukumati yana jiddiy choralar ko‘rishga majbur bo‘ladi.

Jumladan, 1996 yilda hukumat quyonlarni qirib yuborish maqsadida ular uchun xavfli bo‘lgan gemorrogik vasvasaga tushiruvchi virus epidemiyasini tarqatishga ruxsat beradi.

Bu chora yovvoyi quyonlarning ko‘payishini 60 foizga to‘xtatadi. Shundan so‘ng ayrim joylarda quyonlar yakson qilib tashlagan flora va fauna qayta tiklanadi. Boshqa turli jonzotlar ko‘payib, soni ortadi.

Biroq ko‘p o‘tmay quyonlar yangi virusga ham moslashadi va ularning nobud bo‘lishi keskin kamayadi. Natijada ular yana tez sur’atlarda ko‘paya boshlaydi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, bugun Avstraliyadagi yovvoyi quyonlar soni 10 mlrddan oshadi. Ular bu qit’ada boshqa hayvonlarning ko‘payishiga, shuningdek, qishloq xo‘jaligiga katta zarar yetkazishda davom etmoqda. Hukumat esa chorasiz qolmoqda.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid