O‘zbekiston | 22:47 / 13.05.2024
5746
6 daqiqa o‘qiladi

13 mayning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqealar va hodisalar

Mehnat qonunchiligi eng ko‘p buzilayotgan sohalar, ko‘chmas mulk bozoridagi narxlar, Surxondaryoda quriladigan pulli yo‘l va mahalla raislari sayloviga oid yangi qonun - o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishing. 

Qonunni buzishda ta’lim va tibbiyot sohasi yetakchi

O‘zbekistonda mehnat qonunchiligi eng ko‘p buzilayotgan sohalar ma’lum qilindi. Qaysilari deb o‘ylaysiz? Adashmadingiz, ta’lim sohasi bu borada yetakchi.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi 2024 yilning yanvar-aprel oyi davomida qayd etilgan holatlarni tahlil qilib chiqdi. Unga ko‘ra mehnat qonunchiligining eng ko‘p buzilishi xalq ta’limi muassasalarida kuzatilgan — 5 612 marta.

Keyingi o‘rinda ham ta’lim sohasi — maktabgacha ta’lim muassasalari — 2 173 ta. Hattoki uchinchi o‘rin ham 1215 ta holat bilan budjetdan maosh oluvchilar — sog‘liqni saqlash tizimi. Keyingi o‘rinlarda nisbatan pastroq ko‘rsatkich bilan qurilish va qishloq xo‘jaligi sohalari joylashgan. 

Ikkilamchi ko‘chmas mulk bozoridagi narxlar

O‘zbekistonda ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorida narxlarning o‘sish sur’ati sekinlashmoqda.

Markaziy bank tahlillariga ko‘ra, 2024 yil mart oyi holatiga ikkilamchi bozordagi uy-joy narxlarining yillik o‘sishi so‘mda 29,6 foiz, dollarda 17,7 foiz bo‘lgan. Birlamchi bozorda esa narxlar so‘mda 39 foizga, dollarda 26,2 foizga oshgan. Ayniqsa Toshkent shahri, Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysida yangi uy-joylar narxining o‘sish dinamikasi tezlashgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, hisobot davrida respublikaning aksariyat hududlarida tuzilgan ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari soni oshgan. Toshkent shahrida esa, aksincha, o‘tgan yilga nisbatan bitimlar soni 12 foizga kamaygan. O‘tgan chorakdan boshlangan bu pasayishga qaramay, dinamika o‘rta muddatli darajada shakllanmoqda. 

Surxondaryoda pulli yo‘l quriladi

Xitoy kompaniyasi Termiz–Dushanbe avtoyo‘lining pulli dublyorini qurmoqchi.

Qurilish ishlari bilan Xitoyning Hunan Industrial Equipment Installation Co. Ltd kompaniyasi shug‘ullanadi. Kompaniya rasmiylari 11 may kuni Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov bilan uchrashgan.

Qayd etilishicha, Xitoyning Hunan Industrial Equipment Installation Co. Ltd kompaniyasi o‘zining 66 yillik faoliyati davomida 40 ming kilometrdan ziyod uzunlikdagi pulli yo‘llarni qurgan. 

Mahalla raislari sayloviga oid yangi qonun

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihasi muhokama portalida «Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi joylashtirildi.

Mahalla raislarini saylashga oid yangi tahrirdagi qonun loyihasi 6 ta bob va 35 ta moddadan iborat bo‘ladi va unda saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etuvchi kuzatuvchilarning tarkibi, huquq va majburiyatlari belgilanmoqda.

Jumladan, fuqarolar yig‘ini raisi lavozimiga nomzod tegishli hududdagi ko‘chalar, ko‘p kvartirali uylardan doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilayotgan saylash huquqiga ega bo‘lgan fuqarolar umumiy sonining kamida 10 foizi kiritgan taklif asosida ko‘rsatilishi nazarda tutilmoqda. 

Avtohalokatlar

Chilonzor tumanida YPX inspektorining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmagan, haydovchilik guvohnomasi mavjud bo‘lmagan 2002 yilda tug‘ilgan fuqaro inspektor ustiga boshqaruvidagi BYD mashinasini haydab, uni urib yuborgan. Inspektor “ikkala son suyagi sinishi” tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgan.

Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida Tracker avtomashinasi yuk mashinasiga urilishi oqibatida 5 kishi halok bo‘ldi. 59 yoshli haydovchi boshqaruvidagi Tracker katta tezlikda yo‘l chetida to‘xtab turgan yuk mashinasiga borib urilgan. Avariya oqibatida ikki kishi voqea joyida, uch kishi shifoxonada vafot etgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhada avariyaga yo‘ldagi notekislik sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Shu viloyatdan yana bir xabar: Denov tuman jinoyat sudi raisi Kamoliddin Murodov yo‘l-transport hodisasiga uchragani ma’lum bo‘ldi. Voqea 9 mart kuni sodir bo‘lgan.

Avtomobil rulida sud raisining advokat tanishi bo‘lgan va u og‘ir tan jarohatlari olib vafot etgan. Holat yuzasidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijasi muhokama qilinib, jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tuman sudi raisining vakolatini muddatidan ilgari tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilingan. 

Ob-havo ma’lumoti

Haftaning birinchi yarmida O‘zbekistonning katta qismida quruq va juda issiq ob-havo kutilmoqda. Jumladan, 14 may kuni havo harorati ayrim hududlarda +38 darajaga yetishi mumkin.

«O‘zgidromet» xabariga ko‘ra, havo harorati ko‘tarila boshlaydi va haftaning o‘rtasiga borib +33...+36 darajaga yetadi, janubda va cho‘l hududlarda +38 darajagacha bo‘ladi.

14 maydan boshlab faqat respublikaning shimoli-g‘arbiy hududlari Kaspiy dengizi hududlaridan kirib kelgan nam havo ta’siri ostida bo‘ladi. 14–15 may kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida va Navoiy viloyatining shimolida ba’zi joylarda qisqa muddatli momaqaldiroqli yomg‘irlar yog‘adi.

Haftaning ikkinchi yarmida nam havo massalari sharqqa qarab tarqaladi va respublikaning ayrim joylarida momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi. Havo harorati +25...+30 darajagacha pasayadi. 

Mavzuga oid