Jamiyat | 13:39 / 13.05.2024
28106
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda BYD haydovchisi YPX inspektorini urib yubordi

Chilonzor tumanida YPX inspektorining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmagan, haydovchilik guvohnomasi mavjud bo‘lmagan 2002 yilda tug‘ilgan fuqaro inspektor ustiga mashinani haydab, uni urib yubordi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Chilonzor tumanida BYD mashinasi ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.

Joriy yilning 12 may kuni taxminan soat 19:20 larda Chilonzor tumaniga xizmatga jalb qilingan YPX inspektori Humoyun Sharipov o‘z xizmat vazifasini o‘tayotgan vaqtida Lutfiy ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan BYD rusumli avtomobilga hushtak va jyezl yordamida to‘xtash ishorasini bergan. 

Toshkent shahar IIBB xabariga ko‘ra, haydovchi - 2002 yilda tug‘ilgan O.A. (haydovchilik guvohnomasi mavjud emas) YPX inspektorining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan harakatni davom ettirib, 150-200 metr o‘tib ortga qayrilib olgan vaqtida, YPX inspektori qayta to‘xtash ishorasini berib, avtomashinalar harakatini to‘liq to‘xtatgan. 

O.A. IIO xodimining qonuniy talablarini qasddan bajarmagan holda, YPX inspektori ustiga mashinasini haydab, uni urib yuborgan. Natijada, YPX inspektori H.Sharipov “ikkala son suyagi sinishi” tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) va 266-moddasi 1-qismi (“Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Ma’lum qilinishicha, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid