Jamiyat | 21:44 / 14.05.2024
4471
4 daqiqa o‘qiladi

Ayollar huquqlari faoli: “Muammo qonunlarda emas, muammoni tan olmaslikda”

Markaziy Osiyo davlatlarida qonunchilik gender tengligi nuqtayi nazaridan ideal bo‘lishi mumkin, lekin eng nozik nuqta – muammo borligini tan olmaslik yoki to‘g‘ri tushunmaslik, deydi Markaziy Osiyo ayollar muloqoti koordinatori Aynura Usupbekova. U va boshqa ko‘plab faollar Samarqanddagi xalqaro forumda xotin-qizlar faolligini oshirish masalalarini muhokama qildi.

Samarqand 13-14-may kunlari Osiyo xotin-qizlari xalqaro forumiga mezbonlik qildi. Dunyoda ilk bor deya ta’rif berilayotgan bu anjuman, prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasida bergan taklifi asosida bo‘lib o‘tdi.

Xorijlik mehmonlar bilan gavjum bo‘lgan forum, tashkilotchilarning ma’lum qilishicha, 30 dan ortiq davlatdan 400 ga yaqin faol ayollarni o‘zida jamlagan.

Forumda qatnashgan O‘zbekiston Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyevaning ta’kidlashicha, jahonda siyosiy va iqtisodiy beqarorlik davom etar, turli nizolar, yangi xatarlarning xavfi yuqori darajada saqlanar ekan, xotin qizlarning davlat boshqaruvi, shuningdek, har jabhada faol bo‘lishi zamon talabi bo‘lib qolaveradi. Yuqori palata raisi, shuningdek, bugun O‘zbekiston “qiz bolani o‘qitmasa ham bo‘laveradi”, “qiz bola uyda o‘tirishi kerak”, degan eski stereotiplarga to‘la barham berishga urinayotganini ham qo‘shimcha qildi.

Xalqaro forumning asosiy mehmon va spikerlaridan hisoblangan BMTning Ayollar ishlari bo‘yicha ijrochi direktori Sima Baxusning fikricha, ayollar qanchalik ulug‘lanmasin, ularning iqtisodiyotdagi teng ishtiroki hali ta’minlanmagan. Masalan, butun dunyo bo‘ylab, 2,7 milliarddan ortiq ayollar qonuniy ravishda erkaklar bilan bir xil mezonlar asosida ish tanlay olmaydi. Ish bilan band ayollar erkaklarga qaraganda o‘rtacha 20 foiz kam maosh oladi, deydi Sima Baxus.

Markaziy Osiyo ayollar muloqoti koordinatori Aynura Usupbekovaning so‘zlariga ko‘ra, ko‘pdan ko‘p deklaratsiya va rezolyutsiyalarni imzolayverish mumkin, lekin eng asosiysi – hujjatlar amalda ishlashi kerak. Bundan tashqari, u Markaziy Osiyoda milliy mentalitet gender tengligini ta’minlash siyosatiga xalaqit berishini qayd etdi. Bunda yechim esa xalqaro huquq normalaridir. Ya’ni bu davlatlar jahon hamjamiyati tan olgan hujjatlarni ratifikatsiya qilar ekan, undagi normalarni ham bajarishga majbur.

“Mintaqaning har bir davlatida gender tengligiga oid qonunchilik ideal tartibga solingan bo‘lishi mumkin: ijtimoiy yordamlar bor, ayollar uchun maxsus kvotalar bor, ayollarni iqtisodiyotga, siyosatga tortish – hammasi mahalliy qonunchilikdan o‘rin olgan, lekin men katta bir minusni aytmoqchiman. Eng nozik nuqta – [muammo borligini/jiddiyligini] tan olmaslik yoki to‘g‘ri tushunmaslik.

Markaziy Osiyo uchun gender tengligini ta’minlash deganda faqat ayollar ko‘z oldimizga kelaveradi. Aslida esa bu faqat ayollarning muammosi emas, jamiyatning, rahbarlarning, siyosat maydonidagilarniki ham. Agar ular buni tushunsa, vaziyat yaxshilanishi osonlashadi, chunki qonunchilik va budjet masalalarida asosiy rol ularda qolyapti”, – deydi Aynura Usupbekova.

Iqtisodiy , siyosiy va ijtimoiy hayotda xotin-qizlar faolligini oshirish bo‘yicha takliflardan iborat mintaqaviy dasturning ishlab chiqilishi forumning asosiy natijalaridan bo‘lishi ma’lum qilingan.

Mavzuga oid