O‘zbekiston | 20:37 / 16.05.2024
4555
3 daqiqa o‘qiladi

Tariximizni dunyoga kino yordamida tanitishimiz kerak – Shavkat Mirziyoyev

Prezident Kinochilar saroyiga bordi, O‘zbekiston kino san’ati muzeyini ko‘zdan kechirdi, rejissyor va aktyorlar, kinoshunoslar, soha mutasaddilari bilan suhbatlashdi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev Kinochilar saroyini borib ko‘rdi. Ushbu maskan 2021 yil mukammal ta’mirlangan, katta-kichik zallar, yozgi kinoteatr va xonalar zamonaviy jihozlangan. Bu yerda jami 3 ming nafar tomoshabinni qabul qilish imkoni mavjud. 

Davlat rahbari dastlab O‘zbekiston kino san’ati muzeyini ko‘zdan kechirdi. Muzey 1972 yilda tashkil etilgan bo‘lib, ilgari muzey-arxiv sifatida faoliyat yuritgan. Unda ellik mingdan ortiq tarixiy buyum, libos, rasm va kinotasmalar bor. 

Shavkat Mirziyoyev rejissyor va aktyorlar, kinoshunoslar, soha mutasaddilari bilan suhbatlashdi. 

- So‘nggi yillarda milliy kinomiz qayta «uyg‘ondi», desak to‘g‘ri bo‘ladi. Yuqori saviyali, zamonaviy sifatli filmlar paydo bo‘ldi. Buning uchun sizlarga minnatdorlik bildiraman. Shu bilan birga, kinematografiyani rivojlantirish uchun yana nimalar qilishimiz kerak, degan savol meni o‘ylantiradi. Agar tariximizni dunyoga tarannum etmoqchi bo‘lsak, xalqimizning milliy g‘ururini ko‘tarmoqchi bo‘lsak, buni birinchi navbatda kino yordamida amalga oshirishimiz kerak, - dedi davlat rahbari. 

Muloqotda Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan «Tirik tarix» turkumidagi filmlar loyihasi taqdimot qilindi. Bu 2024-2030 yillarga mo‘ljallangan strategik dastur bo‘lib, eng qadimgi o‘tmishdan tortib, yaqin tarixgacha bo‘lgan juda katta davrni qamrab oladi. Loyihada chet ellik hamkorlar, kino san’ati ustalari ham ishtirok etishi rejalashtirilgan. 

– Albatta, bu dastur va g‘oyalarni amalga oshirish uchun ko‘p moddiy imkoniyat talab etilishini, yuzlab iste’dodli mutaxassislar zarurligini ham barchamiz yaxshi bilamiz. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, biz tom ma’nodagi ulkan, tarixiy bu loyihaning moliyaviy masalalarini hal qilamiz. Nega deganda, ushbu dastur shonli o‘tmishimizni chuqur anglab, shu asosda kelajakka ishonch bilan dadil qadam qo‘yishga, yoshlarni chinakam vatanparvar insonlar qilib tarbiyalab, Uchinchi Renessansni barpo etishga katta turtki bo‘ladi, dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Muloqotda kinoijodkorlar mazkur turkum filmlar va sohani rivojlantirish yuzasidan takliflarini bildirdi.

Mavzuga oid