O‘zbekiston | 22:10 / 17.05.2024
7373
6 daqiqa o‘qiladi

17 mayning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqealar va hodisalar

Toshkentda 15 sutkaga qamalgan isroillik bezori, Floridada 19 yilga qamalgan o‘zbekistonlik pedofil, hayfsan bilan qutulgan farg‘onalik og‘zi shaloq rahbar - kun davomida saytimizda yoritilgan O‘zbekiston yangiliklarini tanishtirib o‘tamiz.

Toshkentda isroillik bezori qamaldi

Toshkentdagi mehmonxonada kechasi bezorilik qilgan va baland ovozda musiqa qo‘ygan Isroil fuqarosi 15 sutkaga qamalgani ma’lum bo‘ldi. Voqea 16 aprelda ro‘y bergan.

Tungi soat 22:30 da «Malika» mehmonxonasi xodimi Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, mijoz fuqarolar tinchini buzayotganini ma’lum qilgan. Ichki ishlar xodimlari yetib kelib huquqbuzarlikni rasmiylashtirgan. Arizasida mijoz tunda baland ovozda musiqa qo‘ygani, mehmonxonada sigaret chekkani, shuningdek, mast holatda kichik hojatini chiqargani yozilgan.

Sudda huquqbuzar mijoz aybiga iqror bo‘lgan. U o‘sha spirtli ichimlik iste’mol qilgani, O‘zbekistonga ziyorat uchun kelgani, mehmonxonaga yetgan zararlarni qoplab berishi, qilgan ishidan pushaymonligini aytgan.

Sud qarori bilan Aleksander Haustav Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksdagi mayda bezorilik, maishiy shovqinga qarshi kurash talablarini buzish va ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilgan va unga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. 

Og‘zi shaloq rahbarga hayfsan

Bezorilik qilgan isroillik fuqaro qamalgan bo‘lsa, xodimlarini so‘kkan Farg‘ona viloyati kadastr boshlig‘i hayfsan bilan qutilib qoldi.

3 may kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda asablarini jilovlay olmasdan, qo‘l ostidagi xodimlarini kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilgan Farg‘ona viloyati kadastr boshqarmasi boshlig‘i Nodir Mashrapov hayfsan oldi.

«Bunday holatlarning oldini olish va bu kabi xatoga yo‘l qo‘yilmaslik yuzasidan tizimdagi barcha tashkilot va hududiy boshqarmalar boshliqlari hamda ularning o‘rinbosarlari bilan tushuntirish ishlari olib borildi», deyiladi Kadastr agentligining rasmiy munosabatida. 

AQShda o‘zbekistonlik pedofil 19 yilga qamaldi

AQShning Florida shtati sudi mamlakat hududiga bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik materiallarini olib kirgan O‘zbekiston fuqarosi Sulton Nuriyevga 19 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. U jazoni o‘tab chiqqach, umrbod nazoratda ham bo‘ladi.

Ma’lum bo‘lishicha, Sulton Nuriyev 2022 yilning 13 yanvarida Orlandodan Toshkentga kelib, 20 fevralida yana Toshkentdan Orlandoga uchib borgan.

Chegarani kesib o‘tayotganida uning mobil telefonini AQSh bojxona va chegara xizmati xodimi tekshirgan. Telefondan bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik aks etgan tasvirlar topilgan.

Ekspertizada Nuriyev O‘zbekistonda bo‘lgan chog‘da internetda o‘zini 12 yoshli bola sifatida tanishtirib, voyaga yetmagan qizlarni shahvoniy suratlar olishga va ularni o‘ziga yuborishga undab kelgani ham ma’lum bo‘lgan. 

Mashina yukxonasidagi bolakay

Farg‘ona viloyatida bola o‘g‘rilari paydo bo‘lgani to‘g‘risida mish-mishlar tarqaldi. Bunga sabab — ijtimoiy tarmoqlarda Qo‘qonda yosh bola mashina yukxonasiga solingani aks etgan video tarqalgani sabab bo‘lgan.

Farg‘ona viloyat Ichki ishlar boshqarmasi bu xabarlar asossiz ekanini ma’lum qildi va voqea bo‘yicha surishtiruv yakunlarini e’lon qildi.

14 may kuni Qo‘qon shahar Obod yurt ko‘chasida yashovchi voyaga yetmagan bola shu mahallada turuvchi qo‘shnisining uyi oynasiga tosh otib sindirgan. Buni ko‘rgan qo‘shni bolani qo‘rqitib qo‘yish maqsadida uni o‘ziga tegishli Nexia-2 yukxonasiga solib avtomashinani harakatlantirgan.

Shu paytda bolaning onasi ko‘chaga chiqib, mashinani to‘xtatib, o‘z bolasini mashinadan tushirib olgan hamda o‘rtada o‘zaro janjal kelib chiqqan.

Holat yuzasidan fuqaroga nisbatan mayda bezorilik uchun hujjatlar rasmiylashtirilib, sud organiga yuborilgan.

Toshkent havosi yana ifloslikda yetakchi

Poytaxtimiz Toshkent yana havo iflosligi bo‘yicha dunyodagi yetakchi o‘rinlarga chiqib oldi. Qish faslida issiqlik elektr stansiyalari va issiqxonalarda yoqilayotgan ko‘mir va mazut asosiy sababchi qilib ko‘rsatildi. Kunora yomg‘ir yog‘ib turgan namchil bahorda bunga nima sabab bo‘layotgani qiziq?

17 mayda Toshkent havoning ifloslanish darajasi bo‘yicha dunyoning yirik shaharlari orasida 4-o‘rinni egallab turibdi.

IQAir portaliga ko‘ra, ertalab soat 08:15 da poytaxt havosida mayda PM2,5 dispers zarralarining konsentratsiyasi bir metr kubiga 160 mikrogrammni tashkil etgan va bu «zararli» tasnifdagi ko‘rsatkich hisoblanadi.

Reytingda 1-o‘rinni 215 mikrogramm bilan Hindistonning Dehli shahri egallagan. Pokistonning Lohur shahri — 188, Kongo poytaxti Kinshasa shahri uchlikni yakunlab bergan — 174 mikrogramm.

Reytingdagi top o‘ntalikdan, Jakarta, Katmandu, Chengdu, Kampala, Dakka va Hanoy kabi dong va chang taratgan shaharlar o‘rin egallagan.

Mavzuga oid