Jahon | 22:09 / 18.05.2024
7043
3 daqiqa o‘qiladi

G‘azoda sulh tuzish bo‘yicha muzokaralar to‘xtatildi - OAV

Isroil va HAMAS garovga olinganlarni ozod qilish shartlari va «urushning tugashi» tushunchasi ta’rifi bo‘yicha kelisha olmayapti.

Foto: idfofficial / Telegram

Isroil va Falastinning HAMAS harakati o‘rtasida G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Bu haqda Isroilning Kan radiostansiyasiga tayanib RBK xabar berdi.

Qayd qilinishicha, tomonlar garovga olinganlarni ozod qilish shartlari va «urushning tugashi» tushunchasi ta’rifi bo‘yicha kelisha olmagan.

Manbalarga ko‘ra, muzokaralarda ishtirok etayotgan Misr va Qatar vakillari harbiy harakatlarni to‘xtatish evaziga garovdagi isroilliklarni almashishni talab qilmoqda. Shu bilan birga, tomonlar «urushning tugashi» tushunchasini ta’riflash bo‘yicha turli pozitsiyalarga ega. Isroil, shuningdek, HAMAS ozod etishni talab qilayotgan jangarilar nomiga veto qo‘ymoqda.

«HAMAS Isroil bilan kelishuvga yo‘l qo‘ymayapti, Misr va Qatar HAMAS tomonida turibdi», dedi manbalar.

Asirlar va garovga olinganlarni almashish bo‘yicha so‘nggi muzokaralar Qohirada bo‘lib o‘tdi. Unda uch bosqichli kelishuv ko‘zda tutilgan edi: garovdagi 33 nafar isroillikni ozod qilish va Isroil harbiylarini G‘azo sektorining ayrim hududlaridan olib chiqish, qolgan tirik mahbuslarni qaytarish va o‘lganlarning jasadlarini almashish. HAMAS bu shartlarga rozi bo‘lgan edi, biroq 6 may kuni Isroil anklavning shimoliy hududlaridan kelgan 1 milliondan ortiq qochqinga boshpana bergan Rafahda quruqlikdagi operatsiyani boshladi.

12 may kuni Misr Tashqi ishlar vazirligi Janubiy Afrikaning Isroilga qarshi Xalqaro sudga bergan da’vosiga qo‘shilish haqida qaror qabul qildi. Departament G‘azodagi vaziyatning kuchayishi va Isroilning falastinliklarga nisbatan tajovuzi kuchaygani sababli bunday qadam tashlashga majbur bo‘lganini qayd etdi. Shuningdek, Misr Isroil bilan diplomatik munosabatlar darajasini pasaytirish masalasini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar berildi.

Mavzuga oid