Iqtisodiyot | 18:02 / 20.05.2024
10004
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda oltin quymalar narxi yana oshdi

O‘lchovli oltin quymalar haftani yangi narx rekordi bilan boshladi – 1 grammli oltin quymalar 1 mln 38 ming so‘mni tashkil qilmoqda. Narx bir haftada 2,7 foizga o‘sdi.

Foto: Markaziy bank

20 may, dushanba kuni Markaziy bank o‘lchovli oltin quymalar va esdalik tangalar narxlarini yangiladi. Oltin quymalar yangi rekordga yetib, 1 grammli quymalar narxi 1 mln 38 ming so‘mni, mos ravishda 5 grammli oltin 5 mln 158 ming so‘mni tashkil etdi. O‘tgan haftaga nisbatan oltin narxi 2,7 foizga o‘sdi. Juma kuni oltinning bir grammi narxi 1 008 040 so‘mni tashkil qilayotgandi. Bu bir kun oldingi narxdan 1,8 foiz yuqori degani.

Qimmatbaho metallning bir grammi bundan salkam bir oy avval – 17 aprelda 1 million so‘mdan oshib ketgandi. O‘zbekistonda yil boshidan buyon oltin narxi 18,9 foizga oshdi.

O‘zbekistonda oltin narxlarining oshishi global narxlar o‘sishi bilan izohlanmoqda. Jahonda oltin narxi uzoq muddatli rekordlarni yangilashda davom etyapti. Ayni paytda oltinning bir troya unsiyasi 2443 dollarga baholanmoqda, bu bir gramm uchun 78,6 dollarga to‘g‘ri keladi.

Aprel oyining birinchi 10 kunligida oltin narxi 2400 dollarga yetib, tarixiy rekordini yangilagandi. Tahlilchilar Markaziy bank xaridlari va xavfsiz aktivlarga talab ortishi fonida narxlarning yanada oshishi ehtimolini prognoz qilgandi. Bunga investorlar orasida geosiyosiy mojarolar kuchayib borayotganidan xavotirning ortishi sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, bozorga Xitoy iqtisodiyotining o‘sishi ta’sir qilgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Markaziy banki oltin va kumushdan tayyorlangan esdalik tangalarni 2018 yilda muomalaga chiqargan. 2020 yil noyabridan boshlab esa o‘zbekistonliklarda jamg‘armalarini quyma oltin shaklida saqlash imkoniyati ham paydo bo‘ldi: Markaziy bank 5, 10, 20 va 50 grammli oltin quymalarini tijorat banklari orqali sotuvga chiqardi.

Oltin quymalari narxlari xalqaro qimmatbaho metallar bozori kon’yunkturasidan kelib chiqib, Markaziy bank tomonidan kun davomida qayta ko‘rib chiqiladi. Shunga ko‘ra, narxlar doimiy o‘zgaruvchan xarakterga ega bo‘ladi.

Mavzuga oid