Sport | 13:10 / 21.05.2024
14276
10 daqiqa o‘qiladi

«Vest Bromvich mo‘jizasi». Yurgen Klopp faoliyatiga nazar

«Liverpul» bilan xayrlashgan Yurgen Kloppning afsonaviy o‘yinlari o‘nlab topiladi. Ammo eng birinchi o‘rindagisi o‘rtamiyona raqibga qarshi o‘yindagi durang natija bo‘lgandi.

Foto: Gettyimages.ru/Alex Livesey

— «Vest Bromvich» siz uchun nima?
— Hech narsa. Ayni damda hamma narsa!

Murabbiyni charchatadigan vaziyat nima bilasizmi? G‘alabalarga odatlanish. Qiziq paradoks, aslida barcha murabbiylar buni orzu qiladi, to‘g‘rimi? Sen ham, shogirdlaring ham, atrofingdagilar, quvvatlayotgan muxlislar ham g‘alabalarga odatlansa, qanday yaxshi? Murabbiylar mana shu cho‘qqi uchun kurashadi, harakat qiladi, hammasimas, juda kam sonlisi erishadi ham. Uyog‘i qiyin. Endi sendan boshqa natijani kutishmaydi, qabul ham qilishmaydi. You will never walk alone, deb qo‘shiq kuylab turishsa ham, yolg‘iz bo‘lasan, endi seni tushunishmaydi. Uzoq muddat bu darajada ishlash imkonsiz.

Yurgen Klopp Liverpuldan ketdi. Uning Angliyaga kelgan davrini yaxshi eslasangiz kerak. Jamoa har jihatdan o‘ziga bo‘lgan ishonchni yo‘qotgan, boshqaruvda muammolar yetarli, Angliyada chempion bo‘lish umuman imkonsizdek ko‘rinib qolgan, jamoa ba’zida bu sovrin uchun kurashgan, hatto Chempionlar Ligasini qo‘lga kiritgan bo‘lsa-da, buni takrorlash uchun yo Suares kabi katta yulduz kelishi yoki Istanbuldagi kabi mo‘jiza sodir bo‘lishi kerakdek. Shu qadar ishonch pastki, hatto «Lester» ham turnir jadvalini boshqarishi, keyinroq, hatto chempion bo‘lishga ham muvaffaq bo‘lgan davr.

Yevropaga «Liverpul» shu qadar begona ediki, Yevropa Ligasi finalida «Sevilya» turnir egasidek ko‘ringan, Starrij hisobni ochgan bo‘lsa-da, yakunda ispanlar o‘z kubogini olib ketadigandek tuyulgandi. Shunday bo‘lgan ham.

Hozir davr biroz boshqa. Nafaqat «Lester», hatto kattaroq jamoalar ham, hatto 90 ochko bilan ham chempion bo‘lolmaydigan palla. Yevropada «Liverpul»ning yo‘qligi Chempionlar Ligasini zaiflashtiradi, favoritlar muvozanatini o‘zgartiradi va bu seziladi ham.

«Liverpul» muxlislari Klopp davrida shu qadar o‘zgardiki, Benteke yoki Balotelliga umid bog‘lash ortda qolgan, endi Darvin Nunezdan har bir vaziyatini golga aylantirishini kutishadi. Xuddi shu darajadagi hujumchidan kamiga rozi bo‘lishmaydi. Har chiziqda shunaqa.

Tabiiyki, Klopp APLni ham o‘zgartirdi, lekin eng birinchi navbatda, uning Liverpuldagi nimani va qanday o‘zgartirgani haqida o‘ylasam, o‘sha «Vest Bromvich» bilan durangni eslayveraman.

Klopp yangi kelgan paytlar. Taxminan bir oygina bo‘lgandi. Jamoa nechanchidiram o‘rinda, nimagadir kurashishi kerak, qaysi chiziqlarga kimlarni sotib olish kerak? Klopp bu haqida o‘ylab ham o‘tirmagan, menimcha. Uning maqsadi ma’lum, lekin yo‘li o‘ziga xos edi.

«Vest Bromvich»ga qarshi «Liverpul» o‘z maydonida so‘nggi daqiqalarida mag‘lubiyatga uchrayotgandi. Jamoa shu qadar yovvoyi darajada hujumlar qildiki, raqib dosh bera olmadi, Origi (shu nomni eslab qoling) hisobni tenglashtirdi. Ikki-yu ikki. «Liverpul»dek jamoa uchun oddiy, aslida juda qoniqarsiz natija. Birgina ochko beradi.

Qizig‘i o‘yin tugagach boshlandi. Klopp shogirdlari bilan qo‘l ushlashib, ashaddiy muxlislar o‘tiradigan tarafga bordi. Birgalikda durangni nishonlay boshlashdi. Hammalari tizilib olishgan, maydon chetiga qarab yugurib, muxlislar yoniga borganda qo‘lni tepaga ko‘tarishadi. Yana ortga qaytib, shu ish takrorlanaveradi. Nimalar bo‘lyapti o‘zi?

Mening ham ensam qotgan, boshqa top-klublarning muxlislari ham masxaralagani tabiiy. Lekin eng qizig‘i, Chempionlar Ligasini yutganiga ko‘p bo‘lmagan klubning ashaddiy muxlislariga nima bo‘ldi? Klopp ularni ham sehrlab qo‘ydimiki, ular ham «Vest Bromvich» bilan durangga jinni bo‘lib qolishyapti? Qanaqa murabbiy olib keldi klub?

Hozirdan turib, yo‘q, hozirdan ham emas, oradan bir nech oy o‘tib «Borussiya» bilan Yevropa Ligasi yarimfinalida 1:3 dan 4:3 kambek qilgan palladanmi, yo o‘sha mashhur burchak to‘pi, nomini eslab qolganingiz Origi «Barselona» darvozasiga to‘rtinchi golni urgan paytdan turibmi, o‘sha «Vest Bromvich»ni xotirlasangiz, hammasi tushunarli bo‘ladi – Klopp ilk oylaridayoq «Liverpul» uchun begona bo‘lmagan tuyg‘uni eslatayotgandi: hech qachon taslim bo‘lma!

U yerda gap «Vest Bromvich»da ham emas, axir har qanday jamoa 2:1 hisobida yutayotganida, oxirgi daqiqalarda kuchli bo‘lib ketadi. Raqib kim bo‘lishidan qat’i nazar oxirgi daqiqalarda gol urish oson emas. Aslida «Liverpul» o‘sha oqshom «Vest Bromvich»dan bir ochko olganini emas, oxirgi daqiqalarda vazifa uddalanganini nishonlayotgandi. Hushtak chalinmadimi, taslim bo‘lma, harakat qilaver, muxlislar biz bilan, biz uddalaymiz, bugun bo‘lmasa, ertaga, vazifa qay darajada og‘ir bo‘lishidan qat’i nazar, bu ish qo‘limizdan keladi. Mana shu g‘oyani bir-ikki futbolchi yo tarkibga emas, butun «Liverpul» aurasiga, klub xodimlaridan tortib, muxlislargacha singdirish kerak edi, Klopp ishni shundan boshladi. Uyog‘i qiyin emas.

O‘ylab qolaman, «Barselona» bilan uchrashuvdagi kambek, Messi o‘ynagan raqib bilan 0:3 ni 4:0 ga aylantirish qiyinroqmidi, yoki «Vest Bromvich» bilan hisobni tenglashtirishmi? Ikkinchisi katta voqea, lekin birinchisi qiyinroqdek tuyuladi. Chunki birinchisida bunday kambeklarni odatga aylantirgan jamoa va butun dunyo «Barselona»ni finalda ko‘rayotgan paytda hech narsaga e’tibor bermay banner ko‘targancha futbolchilarga ishonib tashrif buyurgan muxlislar bilan amalga oshmagandi.

«Vest Bromvich» bilan o‘yindagi tarkibni eslaylik: Minole, Klayn, Shkrtel, Lovren, Moreno, Milner, Jan, Henderson, Lallana, Benteke, Koutinio.

G‘alati-a? Agar shunaqaroq tarkibda «Kristal Pelas» mavsumni boshlasa, ligada jon saqlab qola oladimi, deb o‘ylab qolasiz. Hozirgi «Liverpul» tarkibidagi futbolchilarni sanasak, yer bilan osmon. Klubda pul ko‘payib ketdimi yoki?

Roberson APL tarixidagi eng yaxshi assistent – «Hall Siti»da o‘ynab yurardi. Trent akademiya mahsuli. Saloh aslida «Liverpul» ro‘yxatida uchinchi qatorda turgan o‘ng qanot hujumchisi sifatida. Firmino Germaniyadan endi kelib, o‘zini topa olmay yurgan futbolchi. Henderson, o‘tgan yilgi Maguayrni bilasiz-ku, memlar bo‘yicha, xuddi o‘sha Maguayrning boshqacharoq varianti. Uni sotib olishganda nihoyat «Liverpul» shu darajaga tushdimi, deb motam qilganlar bo‘lgandi. Hammani shunday sanash mumkin, ular bugundan turib sanaganimizda yulduz, aslida esa, Kloppda nafaqat Gvardiolaning, hech narsa yutmay iste’foga chiqib ketgan ko‘pgina murabbiylarning ham imkoniyati yo‘q edi. Yurgenning boshqalardan farqli jihati ham shunda – u mashg‘ulotlarga qattiq ishonardi.

Bu shunchaki, qaysarlik emas, asoslar bilan quvvatlangandiki, jamoa buni maydonda isbotladi, «Liverpul» uzoq tanaffusdan keyin chempion bo‘ldi, Chempionlar Ligasida g‘alaba qozondi, eng muhimi, sovrinlar emas, kattaroq, har qanday vaziyatda, har qanday raqibga qarshi har qanday vazifani uddalash mumkinligiga ishonch paydo bo‘ldi.

Xavotirlar bor, ayniqsa, Arsen Venger va Aleks Fergyusondan keyingi davrdagi pasayishlar tufayli, «Liverpul»ni ham shubhasiz shunday davr kutayotganini taxmin qilging keladi. Ammo Klopp sal boshqacha, u «Enfild»da ishlovchi har bir insonga, to‘p tepuvchi har bir futbolchiga Kloppga yo boshqa insonga emas, o‘ziga ishonishni o‘rgatib bo‘lgandek tuyulaveradi. Shaxsiyatlarning ketishi doim muammolar keltirib chiqaraveradimi, qaniydi, bu safar boshqacharoq davom etsa, odamlar muvaffaqiyatlarda kimnidir emas, umumiy mehnat, mushtaraklikni asosiy sabab sifatida ko‘rsatishni o‘rganib olishsa nihoyat.

Ko‘pincha, biror matn yozsam, o‘quvchilar eng oxirgi jumlalar yaxshi chiqqanini e’tirof etishadi. Balki shundanmi, men ham yozayotganimda, oxiriga kuchliroq so‘zlar topishga harakat qilaman. Lekin bu safar iloji bo‘lmadi. Kloppning Liverpuldagi faoliyati haqida yozar ekanman, oxiri emas, maqolaning boshlanishi kuchli bo‘lishi kerakligini sezib turardim. Xuddi «Vest Bromvich» bilan o‘yin kabi... 

Q.Aslanov

Mavzuga oid