Jahon | 00:07 / 24.05.2024
4795
4 daqiqa o‘qiladi

Isroil va HAMAS muzokaralarning yangi bosqichini boshlashga urinmoqda

10 may kuni AQSh, Qatar va Misr vositachiligida Isroil va HAMAS o‘rtasida olib borilgan bilvosita muzokaralarning so‘nggi bosqichi hech qanday natija bermay yakunlangan edi.

Foto: Reuters

Isroil va HAMAS muzokaralarni boshi berk ko‘chadan chiqarish yo‘lini izlamoqda. 23 may kuni Isroil hukumati o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlashga rozi bo‘ldi. Kan kanaliga ko‘ra, bosh vazir Binyamin Netanyahuning idorasi muzokarachilarga yangi ko‘rsatmalar bergan. Yangi rejaning tafsilotlari ommaga oshkor etilmagan, biroq telekanal qayd etishicha, Isroil bir qator masalalar bo‘yicha o‘z pozitsiyasini keskinlashtirgan.

10 may kuni AQSh, Qatar va Misr vositachiligida Isroil va HAMAS o‘rtasida olib borilgan bilvosita muzokaralarning so‘nggi bosqichi hech qanday natija bermay yakunlangan edi.

HAMAS arab vositachilari – Qohira va Dohaning taklifini qabul qilganini va o‘t ochishni to‘xtatishga tayyorligini bildirdi. Biroq, Isroil yakuniy tinchlik rejasiga vositachilar tomonidan tuzatishlar kiritilganini, bu Isroil tomoni bilan kelishilmaganini aytdi. Shuning uchun yahudiy davlati Falastin taklifini qabul qilishdan bosh tortdi.

Shundan beri muzokaralar deyarli ikki hafta davomida «deyarli to‘xtab qoldi», dedi Qatar TIV matbuot kotibi Majid al-Ansoriy 21 may kuni.

18 may kuni Isroilning 12-kanaliga ma’lum bo‘lishicha, yahudiy davlati razvedka xizmatlari rahbarlari bosh vazir Binyamin Netanyahuga HAMAS bilan bilvosita muzokaralarni qayta boshlash taklifi bilan murojaat qilgan, biroq bosh vazir bu iltimosni rad etgan.

Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, razvedka xizmatlari vakillari Isroil yon berishi kerakligini ta’kidlagan. Bosh vazir o‘z jamoasi allaqachon qo‘lidan kelganini qilgani, ammo HAMAS hammasini rad etganini aytgani ta’kidlanmoqda. Teleradiokompaniyaning xabar berishicha, janob Netanyahu «urushni tugatadigan hech qanday taklifga rozi bo‘lmasligini» aytgan.

Bu HAMAS va Isroil pozitsiyalaridagi asosiy ziddiyatdir. Falastin radikallari janglarni butunlay to‘xtatmoqchi. Biroq isroilliklar bunga qarshi.

Bosh vazir Netanyahuning ta’kidlashicha, sulh tugaganidan keyin Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) HAMAS «butunlay yo‘q qilinmaguncha» G‘azodagi kampaniyani davom ettiradi.

Kan xabariga ko‘ra, garovga olinganlar oilalarining murojaati Netanyahuni muzokaralarni qayta boshlashga ishontirishga yordam bergan. Hukumat yig‘ilishidan oldin ular Kiryat Shmonada miting uyushtirishdi. Bundan tashqari, muzokaralarni qayta boshlashni Mudofaa vazirligi rahbari Yoav Galant va harbiy vazirlar mahkamasi a’zosi Benni Gans talab qilgan.

Biroq, Isroil o‘z delegatsiyasini muzokaralarga yuborishga rozi bo‘lsa-da, hozircha vositachilar - Qatar va Misrdan ijobiy signallar bo‘lmagan.

Ayni paytda Misr vositachiligining taqdiri so‘roq ostida turibdi. Misr Davlat axborot xizmati rahbari Dia Rashvan 22 may kuni AQSh va Isroil misrliklarni muzokaralarni buzishda ayblaganidan keyin Qohira vositachilik funksiyalaridan voz kechishi mumkinligi bilan tahdid qilgan edi.

Mavzuga oid