Bahorning seryog‘in kelishi qishloq xo‘jaligi ekinlariga qanday ta’sir qilishi aytildi
Yog‘ingarchilik miqdori va respublikadagi mavjud suv omborlardagi suv zaxiralari, shuningdek, Amudaryo va Sirdaryo havzalarida joylashgan tog‘lardagi qor zaxiralarini hisobga olib, suv yetishmovchiligining 30-35 foiz qismini qoplashi kutilmoqda.
Mamlakatda mart, aprel va may oylarida har doimgidan ko‘proq yog‘ingarchilik kuzatilmoqda. Bu qishloq xo‘jaligi ekinlari rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Qolaversa, suv zaxiralarini ko‘payishiga va yil davomida qishloq xo‘jaligi ekinlarini parvarishida suv taqchilligiga barham berishga yordam beradi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligiga ko‘ra, bu qishloq xo‘jaligi ekinlarining suvga bo‘lgan talabini bir qismini to‘ldirishga, tuproqdagi namlikni saqlab turishda juda katta ahamiyat kasb etadi.
Respublikadagi mavjud sug‘oriladigan maydonlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun joriy yil sug‘orish mavsumida jami 38,2 milliard kub metr, jumladan, asosiy ekinlarga 30,2 milliard kub metr hamda aholi tomorqalari va takroriy ekinlarga 8 milliard kub metr suv talab etilishi hisob-kitob qilingan.
Shunga asosan bahor oylarida yog‘ib o‘tgan yog‘in miqdori va respublikadagi mavjud suv omborlardagi suv zaxiralari, shuningdek, Amudaryo va Sirdaryo havzalarida joylashgan tog‘lardagi qor zaxiralarini hisobga olib, suv yetishmovchiligini 30-35 foiz qismini qoplashi kutilmoqda.
Ta’kidlanishicha, ushbu surunkali yog‘ingarchilikning qishloq xo‘jaligining sabzavot, poliz va kartoshkachiligiga ta’sirining ijobiy tomonlari ko‘p. Jumladan, yomg‘ir sabzavot, poliz va kartoshka o‘simliklari barglarini changini yuvib, tozalaydi. Bu esa o‘simlikning nafas olishini yaxshilaydi va fotosintez jarayonini tezlashtiradi.
O‘simliklar havo qurib, harorat ko‘tarilganda kuchini tejash jarayoniga o‘tishadi. Nafas oluvchi teshikchalari ustida yupqa plyonka hosil qilib, bug‘lanish jarayonini sekinlashtirishadi. Yomg‘ir yog‘gan davrda havo namligi ortadi va issiq harorat pasayadi, shunda o‘simliklarning nafas oluvchi teshikchalari yana qayta ochiladi. Natijada o‘simliklarda tezkorlik bilan ozuqa moddalarini singdirish boshlanadi.
O‘simliklarga yomg‘ir tomchilari orqali chaqmoq razryadlari va quyosh nuri ta’sirida paydo bo‘lgan kuchsiz azot unsurlari singib boradi. Bu turdagi tashqi oziqlantirish juda tez o‘zlashtiriladi.
Yomg‘ir suvi – mayin suv, chunki unda qattiq tuzlar (gidrokarbonat, kalsiy sulfatlari va magniy xloridlari) bo‘lmaydi. Mayin suvning afzalligi shundaki, u suv va gaz almashinuviga ta’sir ko‘rsatmaydi.
Qishloq xo‘jaligining muhim tarmoqlaridan biri - bog‘dorchilik va uzumchilikka seryog‘ingarchilikning salbiy ta’sirlarini kuzatish mumkin. Xususan, bu yilgi ob-havoning barcha zararli organizmlar uchun, shu jumladan kasallik qo‘zg‘atuvchi patogen mikroorganizmlar va zararkunandalarni rivojlanishi uchun qulay bo‘lmoqda. Surunkali yog‘ingarchilik havoning nisbiy namligi yuqori bo‘lishi va havo harorati +20...+25 daraja bo‘lishi kasallik qo‘zg‘atuvchilar uchun maqbul sharoit hisoblanadi.
Danak mevali bog‘larda (o‘rik, shaftoli, gilos, olxo‘ri va boshqalar) olma va olxo‘ri qurti, qalqondorlar, shirlar, o‘rik va olcha filchasi va boshqa zararkunandalar rivojlanishi mumkin.
Shuningdek, surunkali yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lgan vaqtlarda tokzorlarda ham antraknoz, oidium, mildyu, tserkosporoz kasalliklari katta maydonlarda tarqalib, jiddiy zarar yetkazishi kuzatiladi.
Bundan tashqari, tokzorlarda tok zararkunandalaridan uzum barg o‘rovchisi, tok unsimon qurti, komstok qurti kabi zararkunandalarning rivojlanishiga qulay sharoit yaratiladi. Zararkunandalarga qarshi indoksakarb, tiakloprid, deltametrin asosli preparatlarni qo‘llash tavsiya etiladi.
Mavzuga oid
20:46 / 07.11.2024
Prezident 10 ta sel suv ombori qurish ishlarini boshlashni buyurdi
19:07 / 07.11.2024
2025 yilda kanallarni betonlashtirishga 800 milliard so‘m ajratiladi
18:21 / 07.11.2024
Prezident suv ta’minoti og‘ir tumanlarda sug‘orishni «aqlli tizimga» o‘tkazishni buyurdi
15:40 / 06.11.2024