Isroil Rafahga hujum qildi. 45 kishi o‘lgani aytilmoqda
Isroil armiyasi G‘azodagi Rafah shahriga navbatdagi raketa zarbasi yo‘lladi. Oqibatda kamida 45 kishi halok bo‘lgani xabar qilinmoqda. TsAXAL zarba yo‘llangan obekt HAMAS tomonidan foydalanilganini iddao qilgan.
HAMAS nazoratidagi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi raketa zarbasi oqibatida vafot etgan 45 kishining 23 nafari ayollar va bolalar bo‘lgani, yana 249 nafar falastinliklar yaralanganini xabar qilgan. Rafah g‘azoliklar jon saqlayotgan bo‘lg‘adagi oxirgi shahar bo‘lib turgandi. Bu shahar asosan qochoqlar lagerlari va palatkalardan iborat.
Isroil raketasi qochoqlar lageri hududiga borib tushgan. TsAXAL uni qonuniy nishon deb atagan va zarbaga uchragan obekt HAMASga tegishli bo‘lganiga ishonch bildirgan. «Zarba xalqaro huquqqa mos tarzda, aniq nishonga uruvchi o‘q-dori yordamida, kerakli razvedka ma’lumoti asosida amalga oshirilgan. Bu hududdan HAMAS foydalangani aniq», deyiladi TsAXAL bayonotida.
Al Jazeera voqea guvohlariga tayanib yozishicha, kamida sakkizta raketa yakshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 20:45 atrofida lager hududiga borib tushgan. Wafa news axborot agentligi Falastin Qizil yarimoy tashkilotiga asoslanib, qurbonlarning aksari Tal as Sulton hududidagi palatkalarda tiriklayin yonib ketganini yozgan.
HAMASning 4 oy ichidagi ilk hujumidan keyin
Bu zarbadan avval HAMAS oxirgi to‘rt oyda ilk marta Isroil tomon raketa zarbasi yo‘llagandi. Kamida sakkizta raketa aynan Rafahdan turib Isroil poytaxti Tel-Aviv tomon otilgan. Isroil nashrlarida xiyobonlardan birida raketa parchasi ko‘ringani aks etgan videolar tarqaldi. Yana bir kadrda Kfar-Saba shahri markazida raketa zarbasi oqibatida paydo bo‘ladigan voronkasimon chuqur ko‘rinadi.
HAMASning Qassam brigadasi o‘z kanallarida «Tel-Aviv tomon yirik raketa zarbasi uyushtirilgani» haqida xabar bergan. Kadrlarda raketalar shaharning sharqiy qismidagi chegara punktiga yaqin joydan uchirilgani ko‘ringan. Bu punktni Isroil 18 kundan buyon nazorat qilayotgandi.
TsAXAL o‘zi nazorat qilayotgan bu hududda HAMAS vakillari deyarli qolmagani haqida ma’lum qilgandi. Tahlilchilar 4 oylik to‘xtalishdan keyin HAMAS Tel-Avivga zarba yo‘llagani Isroil tomoni bayonotlariga nisbatan ishonchsizlik uyg‘otadi deb hisoblamoqda. Ularning fikricha, HAMAS tunnellar tarmog‘ining bir qismi hamon saqlanib qolgan va Isroil tomoni ma’lum qilganidan yo‘q qilinmagan.
«Urushga aloqador bo‘lmaganlar o‘lgan bo‘lsa, TsAXAL pushaymon bo‘ladi»
Isroil harbiy prokurori Tomer Iyerushalmi Rafahga amalga oshirilgan bu raketa zarbalari jiddiy o‘rganilayotgani aytdi. Prokurorga ko‘ra, zarba oqibatida urushga aloqador bo‘lmagan odamlar jabrlangani aniqlansa, TsAXAL qattiq pushaymon bo‘ladi. O‘z navbatida TsAXAL ham raketa zarbasi oqibatida tinch aholi vakillari yonib ketgani haqidagi xabarlardan boxabar ekani, holat o‘rganilayotganini ma’lum qilgan.
Jabrlanganlardan biri davolanish uchun Kuvayt homiylik qilayotgan kasalxonaga olib borilgan. U jurnalistlar bilan suhbatda palatkalar va odamlar yonib ketayotganini ko‘rganini aytgan. Uning so‘zlarini Al Jazeera keltirgan.
«G‘azoda xavfsiz joy qolmadi»
Fransiya prezidenti Makron birinchilardan bo‘lib Isroilning Rafahga hujumini qoralab chiqdi: «Rafahda ko‘plab odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan Isroil hujumidan g‘azabdaman. Bu operatsiya to‘xtashi kerak, G‘azoda tinch aholi uchun xavfsiz joyning o‘zi qolmadi. O‘t o‘chishni to‘xtatish va xalqaro huquqqa amal qilishga chaqiraman», dedi Fransiya yetakchisi.
Shu o‘rinda Makron urush boshlanganidan buyon Isroilning harakatlarini tanqid qilib kelishini ham ta’kidlash kerak.
Qatar tashqi ishlar vazirligi Rafahga hujumni keskin qoralab, bu hujum sabab Qatar, AQSh va Misr bir necha oydan buyon olib borayotgan tinchlik muzokaralari chippakka chiqishi mumkinligidan xavotir bildirdi.
Ispaniya tashqi ishlar vaziri Xose Manuel Albares Rafahga hujumni Falastindagi tinch aholi uchun yana bir azobli kun deb atadi. Ispan diplomati hujum Xalqaro jinoyat sudi Isroilga Rafahdagi operatsiyani to‘xtatishni buyurganidan keyin sodir bo‘lgani ayniqsa xavotirli ekanini qo‘shimcha qilgan.
«Bunday joyni o‘qqa tutib bo‘lmaydi. Isroilni Rafahdagi operatsiyani tezda to‘xtatishga chaqiramiz», dedi Irlandiya tashqi ishlar vaziri Maykl Martin. U Rafahga hujumni varvarlarcha amalga oshirilgan deb atadi.
Yaqindagina Falastinni davlat sifatida tan olgan Norvegiya tashqi ishlar vaziri Espen Bart Eyde ham mamlakat Rafahga hujumni qoralashini ma’lum qildi.
Mavzuga oid
10:30
Xalqaro sud qarori: Netanyahu va Gallant hibsga olinsa nima bo‘ladi?
22:51 / 22.11.2024
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
14:54 / 22.11.2024
Bayden XJSning Netanyahuni hibsga olishga order berishiga munosabat bildirdi
17:37 / 21.11.2024