O‘zbekiston | 18:31 / 27.05.2024
13989
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Rossiya o‘zaro savdo hajmini 30 mlrd dollarga yetkazmoqchi

Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmini uch barobarga oshirish vazifasini qo‘ydi. Tashrif doirasida 20 milliard dollarlik yangi loyihalar bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdi.

Brifingda so‘zga chiqqan davlatimiz rahbari Vladimir Putinning Rossiya Federatsiyasi Prezidenti lavozimiga qayta saylanganidan keyingi ilk xorijiy tashriflaridan biri bo‘lgan ushbu tashrifini O‘zbekistonga va ko‘p millatli xalqimizga bo‘lgan alohida munosabat va hurmatning, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikning bugungi yuqori darajasi va O‘zbekiston-Rossiya munosabatlarini chuqurlashtirishga bo‘lgan qat’iy intilishning tasdig‘i sifatida qabul qilayotganini ta’kidladi.

– Rossiya prezidentining davlat tashrifi – bu, hech mubolag‘asiz, ko‘p qirrali hamkorligimizning yangi davrini boshlab beruvchi tarixiy voqeadir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston prezidenti mazkur sammitga katta tayyorgarlik ko‘rilganini alohida ta’kidladi. Parlament vakillarining uchrashuvlari, siyosiy maslahatlashuvlar, ikki davlat hukumat delegatsiyalari o‘rtasidagi o‘zaro tashriflar samarali o‘tdi.

Aprel oyida Toshkentda “Innoprom” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi, yuzlab yangi kooperatsiya loyihalari bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Joriy oyda O‘zbekistonning barcha hududlari rahbarlari ham Rossiya hududlaridagi hamkorlarida tashrif bilan bo‘ldilar. Yirik muhandislik-texnik universitetlar rektorlari va nufuzli tibbiyot muassasalari rahbarlarining konferensiyalari samarali o‘tdi. Ayni kunlarda Toshkentda Rus san’ati haftaligi tadbirlari davom etmoqda.

Har doimgidek an’anaviy ochiq, konstruktiv va do‘stona muhitda o‘tgan bugungi muzokaralarning natijalari katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Yetakchilar ikki tomonlama kun tartibining barcha dolzarb masalalarini atroflicha muhokama qilib, delegatsiya a’zolarining asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha hisobotlarini tingladilar, xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Savdo-iqtisodiy sohada amaliy hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirish zarurligi borasida yakdil fikrga keldilar. Kelgusida 30 milliard dollarlik ko‘rsatkichga erishish vazifasi qo‘yildi.

Davlatlar sanoat kooperatsiyasida jiddiy ilgarilagan. Muzokaralar davomida energetika, neft-kimyo, metallurgiya, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, logistika va innovatsion tarmoqlar bo‘yicha aniq loyihalar ko‘rib chiqildi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 3 mingdan ortiq qo‘shma korxona muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, loyihalar portfeli qariyb 45 milliard dollarni tashkil qiladi. Bu galgi tashrif doirasida 20 milliard dollarlik yangi loyihalar bo‘yicha kelishuvlar imzolangani alohida ta’kidlandi.

Prezidentimiz kooperatsiyani ilgari surish uchun qo‘shma Investitsiya platformasi tashkil etilishi haqida e’lon qildi.

Hududlararo hamkorlik O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi iqtisodiy va gumanitar hamkorligining haqiqiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘lib borayotgani alohida qayd etildi. Hududlar forumini prezidentlar raisligidagi Hududlar kengashiga aylantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi, uning birinchi majlisi bugun bo‘lib o‘tadi.

Tashrif doirasida qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, raqamlashtirish va sun’iy intellekt sohalarida kooperatsiyani chuqurlashtirish bo‘yicha aniq rejalar belgilandi.

Madaniyat va san’at, turizm, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, yoshlar va sport sohalarida faol aloqalar va almashinuvlar davom ettiriladi. Bugun ushbu ustuvor yo‘nalishlarda bitim va kelishuvlar to‘plami qabul qilindi.

Joriy yilda O‘zbekistonda Rossiyaning yirik madaniy tadbirlari, jumladan, kino kunlari o‘tkaziladi. Rossiyada O‘zbekiston madaniyati kunlari, ko‘rgazmalar va teatrlarimizning ijodiy safarlari bo‘lib o‘tadi.

Yetakchilar ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish ahamiyatini qayd etdilar. Ikki mamlakat yetakchi universitetlari va tibbiyot muassasalari o‘rtasida doimiy muloqot va samarali sheriklikni qo‘llab-quvvatladilar.

Muhandislik kadrlarini tayyorlash bo‘yicha qo‘shma ishlar boshlandi. Bu maqsadda tashkil etilayotgan Toshkentdagi Nikolay Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filiali mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan yetakchi Rossiya universitetlarining o‘n beshinchisi bo‘ladi.

Migratsiya sohasidagi hamkorlik masalalari muzokaralarning alohida mavzusi bo‘ldi. Bu sohada o‘zaro hamkorlikning samarali mexanizmlari bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tashqi siyosiy idoralar o‘rtasida muntazam maslahatlashuvlarni davom ettirish, mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar – Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida muloqotni chuqurlashtirish muhimligi tasdiqlandi.

An’anaviy va yangi tahdid va xatarlarga, birinchi navbatda, terrorizm, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik va narkotrafikka qarshi kurashish bo‘yicha vakolatli organlar va maxsus xizmatlar o‘rtasida yaqin hamkorlik masalalari O‘zbekiston va Rossiyaning diqqat markazida qoladi.

So‘zining yakunida davlatimiz rahbari muzokaralar natijalaridan juda mamnunligini bildirib, rossiyalik hamkasbiga o‘zi bilan O‘zbekistonga Rossiyaning asosiy vazirlik va idoralari, sub’yektlari rahbarlaridan iborat nufuzli delegatsiyani olib kelgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Rossiya Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi davomidagi sermazmun uchrashuvlar va samarali natijalar ikki tomonlama do‘stlik, keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi, davlatlararo hamkorlik tarixida yangi bob ochishiga ishonch bildirildi.

Mavzuga oid