Yevroparlament xodimi Kreml tashviqotini yoyganlikda gumon qilinmoqda
Belgiya prokuraturasi Rossiya tashviqoti bilan hamkorlik qilganlikda gumonlanayotgan xodim uyida tintuv o‘tkazdi.
29 may kuni ertalab Bryussel va Fransiya politsiyasi Yevroparlamentning Bryussel va Strasburgdagi ofislarida, shuningdek, Bryusselning Skarbek tumanidagi parlament xodimining uyida bir vaqtning o‘zida bir qator tintuvlar o‘tkazdi. Bu haqda Euronews xabar berdi.
Bu tintuvlar Yevroparlament deputatlariga kremlparast targ‘ibotni tarqatish uchun pul to‘langani to‘g‘risidagi gumonlar ortidan boshlangan tergovning bir qismi hisoblanadi.
Tintuv o‘tkazishga buyruq bergan Belgiya prokurori parlament xodimining Rossiya propagandasi amaliyotida muhim rol o‘ynaganiga oid ishoralar borligini aytgan.
Xodimning parlamentda qaysi lavozimda faoliyat yuritishi yoki uning parlament deputatlaridan biri uchun ishlashi yoki ishlamasligi noma’lum. Yevroparlament matbuot xizmati davom etayotgan tergov haqida izoh bera olmasligini ma’lum qilgan.
Mazkur tintuv shu oy boshida Kreml tashviqoti bilan shug‘ullangani uchun Yevropa Ittifoqi tomonidan sanksiyalangan Niderlandiyaning Voice of Europe axborot kompaniyasiga nisbatan davom etayotgan tergov bilan bog‘liq voqeadir. Ushbu kompaniya Yevropa va dunyo haqida senzuralanmagan axborotlarni taqdim qilishini da’vo qilib kelayotgan edi. Mart oyida ushbu kanal Strasburg va Bryusselda joylashgan Yevroparlamentdan turib deputatlar bilan yakkama-yakka intervyular tashkil qilib, ularni jonli efirda uzatgan.
Mart oyi oxirida Chexiya hukumati Voice of Europe yordamida amalga oshirilgan Rossiya ta’sirini yoyishga qaratilgan operatsiyaning oldini olganini ma’lum qilgan. Ularning ta’kidlashicha, Yevroparlament hamda milliy parlamentlarga saylangan deputatlar hisobiga bir qator moliyaviy operatsiyalar amalga oshirilgan. Chexiya ommaviy axborot vositalari razvedka ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, Germaniya, Fransiya, Polsha, Belgiya, Niderlandiya va Vengriya siyosatchilari bu ishga aralashgan bo‘lishi mumkin.
Mavzuga oid
13:30
Tramp yutsa urushni bir sutkada to‘xtatishni va’da qilgandi. U yutdi - xo‘sh?
15:10 / 09.11.2024
Rossiyada kartoshka va sariyog‘ narxi ko‘tarilishda davom etmoqda
14:30 / 09.11.2024
Zelenskiy RF bilan xavfsizlik kafolatlarisiz sulh tuzishni rad etdi
13:49 / 09.11.2024