O‘zbekiston | 07:50 / 31.05.2024
7793
2 daqiqa o‘qiladi

Ehtiyojmand xotin-qizlardan OTMda o‘qish uchun tavsiyanomaga arizalar qabuli boshlandi

Talabgorlardan arizalar 30 maydan 8 iyunga qadar xotin-qizlar.uz platformasi orqali elektron shaklda qabul qilinadi.

Foto: Kun.uz

Ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga OTMlarga kirishga tavsiyanoma olish uchun arizalar qabuli boshlandi. Bu haqda Toshkent shahar Oila va xotin-qizlar boshqarmasi xabar berdi.

Talabgorlardan arizalar 30 maydan 8 iyunga qadar xotin-qizlar.uz platformasi orqali elektron shaklda qabul qilinadi.

Respublika oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida oliy ma’lumot olish istagida bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarning tanlovda ishtirok etishi uchun tavsiyanoma quyidagi mezonlar asosida beriladi:

  • kam ta’minlangan oilalardagi xotin-qizlar. Bunda kam ta’minlangan oila deganda, oilaning har bir a’zosiga jami daromad aniqlanadigan davrda belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 0,5 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha jami daromadga ega bo‘lgan oila tushuniladi;
  • to‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, ya’ni otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar;
  • turmush o‘rtog‘i vafot etgan, voyaga yetmagan farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar;
  • nogironligi bo‘lgan farzandi bor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar;
  • ikki va undan ortiq farzandlarini tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida (ijarada) yashayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz ayollarning qiz farzandlari;
  • ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham birinchi yoki ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar.

Tavsiyanoma yuqoridagi mezonlarga mos kelgan, shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini tugatgani haqidagi hujjatga ega bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi barcha talabgor xotin-qizlarga beriladi.

Mavzuga oid