G‘arb davlatlari Ukrainaga Rossiya hududiga hujum qilishga ruxsat berdi
Rossiya janubiy harbiy okrugda taktik yadro mashg‘ulotlarini o‘tkazar ekan, G‘arbning 11 davlati o‘zlari yuborgan qurollar bilan Rossiya hududiga zarba berishga ruxsat beryapti. Bu esa mojaroda yangi sahifa ochilishidan darak. "Geosiyosat" mavzu atrofidagi dinamik o‘zgarishlar bilan bog‘liq savollar yuzasidan siyosiy tahlilchilar Oybek Sirojov va Kamoliddin Rabbimovga yuzlandi
— G‘arbning 11 davlati Ukrainaga o‘zlari yetkazayotgan qurol bilan Rossiya hududiga zarba berishga ruxsat berdi, bu qaror jang maydoni va front orti siyosatga qanday ta’sir qiladi?
Oybek Sirojov: — Jarayon murakkablashyapti. Ikki davlat rahbarlari turli davlat tashriflari o‘tkazyapti, tinchlik sammiti kutyapti yaqinda, kimdir urushni to‘xtatish haqida o‘ylayapti, kimdir yangi bosqichga olib chiqmoqchi. Nega bunday murakkablik bo‘lyapti? Yevropa davlatlarining Ukrainaga berilgan qurollardan Rossiya hududiga ishlatishga ruxsat berish masalasi bo‘lyapti. Bu yerda 2 ta masala bor. Bu narsa front uchun ahamiyat kasb etmaydi, chunki asosan ichki hududlarga yo‘naltiriladi. Shu paytgacha Ukrainada Rossiya ichkarisiga kirish uchun ikki xil vosita bor edi: biri dronlar, ikkinchisi chegaradosh hududlarda turli kuchlar kirishi. Bu orqali Rossiya xalqida vahima uyg‘otish maqsad qilingandi, bu tendensiya bugun ham bor. Bu urush gibrid urush, shu sabab front ortidagi vaziyat, jamiyat kayfiyati muhim. Rossiya jamiyati urushni bevosita his qilgani yo‘q, shuni his qildirish hukumatga bosim o‘tkazish uchun muhim rol o‘ynaydi. Rossiya qo‘shini Bryanskka kirish mumkin bo‘lgan Xarkov tomonda front ochdi, ya’ni Ukrainadan dron uchirish, zarba berish imkoniyatini cheklash uchun.
Oldin dronlar uchirilgan bo‘lsa, endi raketalar masalasi bo‘lyapti, buning oqibati jiddiy bo‘ladi, chunki vayronkorlik kuchi katta raketaning. G‘arb ruxsat berishda faqatgina harbiy harakatlar bilan bog‘liq obektlarga zarba berish kerak degan shart qo‘yyapti.
— Ukraina tomonidan Rossiya hududiga zarba berish salohiyatiga ega qanday qurol turlari mavjud?
Oybek Sirojov: — Britaniyaning Storm shadow raketasi bor. Asosan Yevropada 3 xil raketa bor, Fransiyaning 400 kmga uchuvchi va Germaniyaning kuchli 500 kmga uchuvchi raketalari ham bor, bu raketaga 2 ta kallak joylashtirish va ikkita nishonga zarba berish mumkin. Lekin Germaniya buni berish-bermasligi so‘roq ostida.
— Rossiya bu qarorning ehtimoliy amalga oshishiga qanday javob berishi mumkin?
Kamoliddin Rabbimov: — Putin Toshkentga safari so‘ngidagi matbuot anjumanida shu savolga javob berdi. 11 davlat deyilyapti, lekin 27 may kungi NATO sammitida 24 ta davlat bunga ruxsat berishini aytdi, 8 tasi qarshi bo‘ldi. Putin aytdiki, Ukraina Rossiya hududiga uzoq masofali raketa uchira olmaydi, buning uchun raketa bergan davlatlar yuqoridan kordinatsiya qilib turishi kerak, dedi. Yevropa davlatlari kichik, aholi zich, biz aniq zarbalar bera olamiz, deb tahdid ham qildi. Rossiyaga zarba berishga qarshi bo‘lganlar asosan Germaniya va Italiya. Fransiya va Angliya esa bevosita hujum bo‘lishi kerak deyapti. Rossiya bu ruxsat berishni qizil chiziqni kesish deb talqin qildi va bunday qilganlar pushaymon bo‘ladi, dedi. AQSh o‘ylanyapti bu masalada. Qarshi ham chiqmadi, qo‘llamayapti ham. 24 ta NATO a’zosi rozi bo‘lishi AQShning ham bilvosita roziligini anglatadi, nazarimda.
O‘tgan yili Ukraina Rossiya neft obektlariga hujum qilgach, AQSh vitse-prezidenti bunday qilmang, deb ogohlantirgandi. Chunki bu neft bozorida beqarorlikka olib kelishi mumkin edi.
Bugun 3 ta omil bor. Hozir urushda tashabbus Rossiya tomonida. Qurol-yarog‘ kech yetib kelyapti, urushdan charchash bor, insoniy resurslar yetmayapti. Ikkinchisi yaqinda bo‘ladigan Shveytsariyadagi tinchlik sammiti, Turkiya fikricha bu sammit ko‘proq NATOni birlashtirish sammiti. Uchinchisi AQShdagi saylov. Bungacha aniq bir loyihalar yo‘q. Shveytsariyadagi sammitda yagona pozitsiya ishlab chiqiladi va keyingi sammitga Rossiya taklif qilinishi mumkin.
Oybek Sirojov: — Rossiya urushda ustun kelyapti. Bu urush o‘zi holdan toydiruvchi urush hisoblanadi, aynan hudud uchun emas. Ukrainada muammolar bor, hukumat legitimligi, qo‘shinlarni to‘ldirish kabi. Hozir yangi qurollar berib, mavjud front chizig‘i ushlab qolinmasa, muammolar bo‘ladi. Rossiya Xarkivda front ochganiga sabab Ukraina qo‘shinini bo‘lib shu tomonga jalb qilish. Shu jihatlarga ko‘ra adekvat yo‘l tutilyapti. Agar Rossiyaga raketa zarbalari bo‘lsa, Rossiya o‘zining havo hujumidan mudofaa tizimlarini qayta ko‘rib chiqishiga to‘g‘ri keladi.
Shveytsariyadagi sammit tinchlik muzokarasi uchun birinchi qadam bo‘ladi. Shungacha Rossiya ham o‘zining tarafdorlarini ko‘paytirib, muzokaralar stoliga qo‘yadigan vositalarni orttirmoqchi.
Sammitda 3 asosiy masala qo‘yiladi: yadroviy xavfsizlik, asirlarni almashtirish, oziq-ovqat xavfsizligi. Ukraina urushini qaysidir ma’noda qo‘llayotgan global janub hisoblanadi, lekin global janub har qanday sharoitda yadro quroli ishlatmaslik kerak, deydi. Rossiya yadro quroli omilini olib chiqaversa, G‘arb Rossiya shu darajaga keldi, deb bosim qilishi mumkin global janubga.
— Ukrainaning G‘arb qurollari orqali Rossiyaga zarba berishi xalqaro huquq va urush qoidalariga qanchalik mos?
Oybek Sirojov: — Bu urushda xalqaro huquq ishlayapti, deb bo‘lmaydi.Urush haligacha harbiy operatsiya deyilyapti, chunki urush e’lon qilsa, xalqaro sudga tortiladi. Shuning uchun bu urushda ma’lum me’yorlarga amal qilish masalasi murakkab.
Kamoliddin Rabbimov: — Qrim anneksiyasini Rossiyaning eng yaqin ittifoqchilari ham tan olmagan. Xalqaro qonunchilikka ko‘ra, yadroviy tahdid, ishlatish man qilingan. Bugun kamida 9 ta davlatda yadro quroli bor. Yadroviy urush oqibati qanday bo‘lishini insoniyat tasavvur qilolmaydi. Yadro bombani taktik yoki strategik ishlatish mumkin.
Vengriya bosh vaziri Orban aytdiki, urush boshlansa, bu Yevropaga qimmatga tushadi, deb. Rossiya, albatta, ishlatadi, degan ishonch bor unda. Bu bilan Rossiya propagandasiga yordam berib yubordi.
Oybek Sirojov: — Nega Bayden vazmin bu masalada? U katta tajribaga ega siyosatchi. Yadro qurolini qisqartirish shartnomalari bo‘lgan paytda ham ishtirok etgan, mas’ullardan bo‘lgan. U yadro qurolining imkoniyatlarini, jarayon nima bilan tugashini biladi. Uning mas’uliyati ham bor.
— NATO va Yevropa Ittifoqi mazkur qaror atrofidagi pozitsiyasi bir xilmi?
Oybek Sirojov: — YeIda qo‘llagan davlatlar NATOda ham qo‘llayapti. Asosiy qaror qabul qiluvchi AQSh sukut saqlayapti hozircha. Yana bir masala bor bu yerda. Yaqinda sammit bo‘ladi, shu doirada ikki tomonni yaqinlashtirish masalasi bo‘ladi. G‘arbning hozirgi harakatlari Rossiyani o‘ylab ko‘rishga majbur qiladi.
Putinning oxirgi bayonotlariga qarasak, Putin sulh tuzishga rozi. Biz tayyormiz, lekin Ukraina tayyor emas, deyapti. G‘arb uchun ham biz rozimiz degan signal bu. Rossiya Ukrainani butunlay bosim olmoqchi, degan fikrlarga qo‘shilmayman. Chunki uni keyinchalik boshqarib bo‘lmaydi, muammolar tug‘diradi. Putin angladiki, Ukrainani butunlay egallab nazorat qilish imkonsiz va shuning uchun kelishuvlarga rozi. Istanbul kelishuvlarida asosiy masala hudud emas, Ukraina neytraliteti masalasi.
Shveytsariyadagi sammitdan keyin yana bir sammit bo‘lib, unda Rossiya tomoni ham ishtirok etishi aytilyapti OAVda. Shu narsaga ham alohida e’tibor berish kerak.
— Bu qaror NATO va Rossiyaning de-fakto to‘qnashuviga aylanishi mumkinmi?
Kamoliddin Rabbimov: — To‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuv degani emas, Rossiya shunday talqin orqali bosim qilmoqchi. Putin Rossiyaga raketalar uchirilsa, buni o‘sha raketa bergan davlatlar qilgan bo‘ladi, Ukrainaning o‘zi qilolmaydi, dedi. Ukraina avvalo Rossiya armiyasining front orti bilan zanjirini uzish, janubiy harbiy okrugiga zarba berish haqida o‘ylayotgan bo‘lishi mumkin. To‘g‘ridan to‘g‘ri katta shaharlarga hujum bo‘lishi ehtimoli kam, chunki bu narsa Rossiya jamiyatini Ukrainaga qarshi uyg‘otishi mumkin. Taktik yadro quroli ishlatishgacha olib berishi mumkin bunday harakat.
— F16 qiruvchilari qachon beriladi?
Oybek Sirojov: — Yozda, uzog‘i kuzda F16 qiruvchilari beriladi, degan xabarlar bor. Umumiy soni 80 taga yaqin. Bu urushga ta’sir qiladi, Ukrainaning nozik tomoni havo mudofaasi bo‘lib turibdi. F16 berilsa, Rossiyaning aviabombalardan foydalanish imkoniyati cheklanadi.
Bu F16'lar qaysi aerodromlardan uchadi, degan masala ham bor. Rossiyaning raketa zarbalariga uchragan aerodromlari F16'lar uchun mo‘ljallangan edi. Ukrainaning bu borada imkoniyatlari cheklagan. F16'lar Ukraina atrofidagi davlatlarda joylashadi degan taxmin ham bor. Amio oqibatda o‘sha davlatlar ham Rossiya nishoni bo‘lishi mumkin.
Bugun O‘zbekiston manfaatlari nuqtai nazaridan hech bo‘lmasa urushni muzlatish to‘g‘ri bo‘ladi bizga. Xalqaro hamjamiyat shunga e’tibor qilishi kerak. Muhimi, qurbonlar bo‘lmaydi, harbiy harakatlar yo‘q, keyin muzokaralar bilan kelishaverishadi hududlarni. Shunday bo‘lsa maqsadga muvofiq bo‘ladi deb o‘ylayman.
Kamoliddin Rabbimov: — Possovet hududi davlatlari manfaatiga Ukrainaning yerlari qaytarilishi to‘g‘ri keladi, garchi buni ochiq aytmasa ham. Chunki dunyoda boshqa davlat hududini bosib olish tendensiyasi boshlansa, dunyoda betartiblik bo‘ladi, 19-asrdagidek holat paydo bo‘ladi. Rossiyaning bu harakatlari muvaffaqiyatli bo‘lsa, yangi tartibsizlik bo‘ladi dunyoda. Xitoyning iddaolari bor, Hindiston-Pokiston masalasi bor va boshqa ko‘plab shunday muammolar.
Ukraina zaiflashuvi katta muammo possovet davlatlari uchun. Ammo Ukraina ham xatolar qildi, masalan, 7 oktyabrdan keyin Zelenskiy to‘liq Isroil tarafida bo‘ldi. Keyin bu masalaga aralashmadi boshqa, ammo g‘isht qolipdan ko‘chgan edi.
Oybek Sirojov: — O‘z prinsiplariga qarshi chiqib, yana bir agressor davlatni qo‘lladi Zelenskiy.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
11:31
AFP: Ukraina Kursk oblastidan qo‘shinlarini olib chiqish niyatida emas
07:54
Ukraina Jahon bankidan deyarli 5 mlrd dollar oladi
20:12 / 22.11.2024
«Aftidan qo‘rqinchli, ammo hech narsani o‘zgartirolmaydi» - «Oreshnik» qanaqa raketa?
14:17 / 22.11.2024