O‘zbekiston | 07:36 / 01.06.2024
5759
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston vakili tarixda birinchi marta Inson huquqlari qo‘mitasi a’zoligiga saylandi

Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori, akademik Akmal Saidov 2025-2028 yillarga mo‘ljallangan BMT Inson huquqlari qo‘mitasiga a’zo bo‘ldi. BMTning mazkur organiga O‘zbekistondan birinchi marta vakil saylandi.

29 may kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga a’zo davlatlarning 40-sessiyasi doirasida Inson huquqlari qo‘mitasining 2025-2028 yillar uchun 9 nafar a’zosini saylash bo‘yicha saylovlar bo‘lib o‘tdi.

"Dunyo" xabariga ko‘ra, saylovda O‘zbekiston bilan birga 16 ta davlat – Burundi, Gruziya, Misr, Hindiston, Ispaniya, Kamerun, Kot-d'Ivuar, Litva, Marokash, Paragvay, Koreya Respublikasi, Shimoliy Makedoniya, Togo, Xorvatiya, Efiopiya va Janubiy Afrika vakillari 9 ta o‘rin uchun kurash olib bordi.

Yashirin ovoz berish natijalariga ko‘ra, O‘zbekistondan nomzod, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori, akademik Akmal Saidov Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga a’zo mamlakatlardan eng ko‘p ovoz oldi.

Mamlakat vakilining IHQga saylanishi tarixiy voqeadir, chunki O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi marta BMTning ushbu asosiy organiga a’zo bo‘ldi.

O‘zbekistonning ushbu nufuzli konvensiya organiga saylanishi mamlakatning inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tuzilmalar bilan konstruktiv hamkorlik qilish orqali inson huquqlarini ta’minlash va himoya qilishga sodiqligini namoyish etish, qarorlar qabul qilish jarayonlarida faol ishtirok etish, shuningdek, bu borada ilg‘or tajriba almashish imkonini beradi.

Inson huquqlari qo‘mitasi – BMTning mustaqil ekspertlardan iborat organi bo‘lib, a’zo davlatlar tomonidan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning bajarilishini monitoring qiladi. Ushbu paktga 173 ta davlat a’zo. O‘zbekiston ushbu xalqaro hujjatga 1995 yilda qo‘shilgan. Qo‘mita faoliyati insonning barcha fuqarolik va siyosiy huquqlari to‘liq hurmat qilinishini ta’minlashga qaratilgan.

Mavzuga oid